«Kishi o‘z qusurini ko‘rmog‘idek irfon bo‘lmagay».
Islom olami kishining o‘z qusurini ko‘rmoqqa, xatosini tuzatmoqqa, usulini o‘zgartirmoqqa yo‘naltiradi.
Bu kun Islom nomidan o‘rtaga chiqqanlarning ahvoliga, so‘zlariga, ishlariga qarab, uyalaman, o‘kinaman, ezilaman: yanglish fikrlar bilan harakat etgaylar, yanglish usullar bilan ishlagaylar. Do‘stni dushman o‘rnida ko‘rgaylar, o‘zlari o‘tirgan shoxni kesgaylar, ko‘ngil olmoq o‘rniga, ko‘ngilni buzgaylar, qalbni jarohatlagaylar, nafratga qolgaylar, muxolafatlari ortgay, mujodala jabhalarini ko‘paytirgaylar.
Bu kun Islomni bir yurt ichida yoymoqning, rivojlantirmoqning, sevdirmoqning, asramoqning bosh usuli — yaxshilik, sabr, muhabbat va marhamatdir; qattiqlik, qarshilik, g‘avg‘o va urush emasdir! Yaxshi bir musulmon, shak-shubhasiz, sog‘lom bir iymon sohibi, oxirat saodatini o‘ylagay, fidokor, sabrli, marhamatli, afv etuvchi, mehr-muhabbat va hurmatga to‘liq, chiroyli axloqli, kirishimli, shirin tilli, ochiq yuzli, xayrxoh... bir kishidir. Shundoq ekanligini har kimga qursatmog‘i lozim. Suyukli Payg‘ambarimiz, janobimiz, sollallohu alayhi va sallam: «Birov bilan kirisholmaydigan, (chiqisholmaydigan ulfat tutinmagan, ulfat va ahboblik qilib bo‘lmaydigan) odamda hech bir xayr (yaxshilik) yo‘qdir», deb marhamat etganlar. Hadis mazmuni shunday.
Bu kun har bir musulmon o‘z holiga, ko‘rinishi-qiyofasiga, kiyimiga, fe’l-atvoriga, so‘ziga ishiga juda diqqat etmog‘i, e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatmog‘i, yomon taassurot uyg‘otmoqdan shiddat bilan qochmog‘i lozimki, uzoqdan uni ko‘rganlar, undan g‘azablanib, undan nafratlanib, Islomdan uzoqlashmasinlar! Har bir musulmon boshqalarga Islomni tanitmoqqa, sevdirmoqqa urinmog‘i, buning uchun esa o‘zini yaxshi o‘rnak bo‘lgulik, havas qilgulik, yoqtirgulik bir shaxsiyat holiga keltirmoqqa o‘zgacha bir g‘ayrat qo‘rsatmog‘i lozim. Agar Alloh jalla jalaluhuning rizosiga erishmoqni istasa, yo‘l shu yo‘ldir, muvaffaqiyatga esa shu yo‘ldan borilgay va erishilgay.