Sarvar o‘zini zo‘r ovchi hisoblasa-da, bo‘rilar haqida bilganlari odamlardan eshitgan turli rivoyatlaru afsonalar edi, xolos. Emishki, bo‘ri och qolsa, hatto tomni tesharmish, yana emishki, agar u qasdlansa, o‘chini olmasdan qo‘ymasmish. Tomni teshgan jonivorga u yotgan chuqurga tushish nima bo‘pti. Yengilgina bir sakrasa bo‘ldi-da.
O‘zi qasdlangani uchunmi, Yoldorni ham qasdda yuribdi deb o‘ylagandi. Pichog‘ini yalang‘ochlab, turli harakatlarni mashq qilgani shundan edi. Qaytamga, o‘rta yerda qo‘lining muzlagani qoldi. Oxiri u pichog‘ini qorga sanchib, kuh-kuhlab, kaftlarini isitishga tushdi. Orada chuqurning nishabroq bo‘lib ko‘ringan devori tomon siljib, undan chiqishni o‘yladi. Oqibat, barcha urinishlari behudaligini, yarador oyog‘i bilan yuqoriga tirmashib bo‘lmasligini anglab, sudralib yana joyiga qaytdi. Yoldorni ko‘rib turishni istadi. U g‘animining harakatlaridan ogoh bo‘lish uchun emas, yolg‘izlikdan qo‘rqdi. Har holda Yoldor tirik jon, yuragiga dalda berib turadi. Aks holda qor bosgan bu tog‘u toshlar o‘zini yutib yuboradigandek edi.
U bu tog‘lar qarshisida o‘zini qum zarrasidan ham mayda his qilmoqda edi. Holbuki, bir necha soat burun bu dunyoga sig‘maydigandek edi. Orzu-o‘ylari ham bisyor edi. Garovda yutqazib qo‘yishi o‘lim bilan tengdek edi. Endi esa buning barisi o‘z ahamiyatini yo‘qotgan, jonidan o‘zgasi ko‘ziga ko‘rinmasdi.
So‘nggi onlarda uni ikki bor uyqu elitdi. Tevaragidan ketmay, asta aylanishayotgan ajal sharpasi g‘oyat makkorlik bilan o‘lim to‘rini tashlashga urinayotganini sezib turardi. Unga har gal chap berish qiyinligini, agar shu sozda miq etmay o‘tiraversa, ajal osongina o‘z niyatiga yetishini yaxshi bilardi. Yigitni, ayni damda u mahrum bo‘lgan, harakatgina qutqarib qolishi mumkin edi. Bir safar cho‘lda shu yo‘l bilangina omon qolishganini u hanuz eslaydi.
Ov paytida mashinalari cho‘l o‘rtasida buzilib qolganida, amaldor jo‘rasi ko‘p o‘ylab turmay, yo‘l tadorigini ko‘ra boshlagan.
— Mashina-chi? — degan u jo‘rasiga ergashishni ham, ergashmaslikni ham bilmay. — Mashina qolaveradimi?
— Unga it ham tegmaydi, — degan jo‘rasi. — Bu yerlarga hafta-o‘n kundayam birov oyoq bosmaydi.
— Harholda...
— Mashina jondan aziz emas-ku, birodar, — jo‘rasi achchiq haqiqatni aytishga jazm qildi.—Agar bu yerda qolsak, mashinadangina emas, jondan ayrilamiz. Mashina yoqib ham bu balodan qutulishimiz qiyin. Bizni faqat harakat qutqaradi. Cho‘ponlar qo‘nolg‘asiga yetib olsak marra bizniki. Aks holda joningizdan umid uzavering!