Buning qanday amal qilishini ko‘z oldiga keltirish qiyin emas. Katta bir oilaning farzandi bo‘lgan, ish topishda omadi yurishmagan, uylanishga yetarli mablag‘i bo‘lmagan, ehtimol, keskin kattarib ketayotgan shaharga ko‘chib ham kelgan arab yigiti o‘zini hech bir belgi bo‘lmagan cho‘lda adashib qolgan kishiday his etadi. Kunlardan bir kun ertalab u gazeta do‘konidan "Sayyid Qutb" kitobining bir nusxasini sotib oladi va "dunyoga qayta kelgan"day bo‘ladi. Unga mana shu kerak edi: bir lahzada unda o‘z kuchiga ishonch paydo bo‘ladi va o‘rab turgan muhitni anglab yetish, hayotidagi muammolar va tangliklarni yechish, eng qizig‘i, o‘zini, hammadan zo‘rman va yon-atrof nazoratimda, deb his qilishi uchun qolip qo‘lida tayyor. U biror guruhga qo‘shilib oladi va o‘zining yangi orttirgan ishonchini saqlab qolish uchun, odatdagicha, boshqa guruhlarning xatti-harakatlari xato, qabilida fikr yurita boshlaydi.
Albatta, bu misol musulmonlik xuddi shunday yo‘l bilan qabul qilinishi kerakligini anglatmaydi. Dinni qabul qilish uchun aqliy jihatdan tayyor bo‘lish jarayoni bosib o‘tilishi va bu jarayonda muqaddas joy yoki ruhoniy bo‘lish talab etiladi. Tavba o‘zining an'anaviy shakliga ko‘ra, xursandchilik, qoniqish va boshqalarni qattiq yaxshi ko‘rishni nazarda tutadi. Biroq uning xavf-xatar tufayli vujudga kelgan zamonaviy ko‘rinishi musulmonlarni biqiq, boshqalarga nisbatan toqatsiz va hech narsani tan olmaydigan qilib qo‘yadi. Yana bir ko‘zga yaqqol tashlanadigan jihati, u e'tiqodi, qanchalik faol bo‘lishidan qat'i nazar, qanday tasodifiy kelgan bo‘lsa, shunday tez yo‘qolib ketadigan odamlarni paydo qiladi. Diniy faolning oziqdan mahrum bo‘lgan ruhi och qolib, holdan toya boshlaydi va nihoyat nobud bo‘ladi.