Dinimizda qat’iy ravishda ma’n qilingan narsalardan biri o‘z-o‘zini o‘ldirishdir. Jon kishiga Alloh omonati. Jonni beruvchi — Alloh, vaqti yetgach, jonni qaytib oladi. O’z-o‘zini o‘ldirgan odam Alloh omonatini saqlay olmagani uchun ham omonatga xiyonat qilgani tufayli gunoxkor bo‘ladi.
O’z-o‘zini o‘ldirgan kishiga yaxshi nazar bilan qaralmaydi, hatto unday odamga janoza o‘qilmasin, deydiganlar ham bor. Lekin bizning mazhabimizda, hanafiy mazhabida, agar ruhiy kasallikka uchragan bo‘lsa, bunday odamning ham janozasi o‘qiladi.
Odam juda og‘ir ahvolda yashasa ham, behad qayg‘u, alam cheksa ham, sabr qilib o‘z jonini saqlashi, o‘zini o‘ldirmasligi kerak. Islom dini odam o‘ldirishni gunohi kabira deb hisoblasa ham, bizning zamonamizga qadar ham, hozirgi kunda ham musulmonlar orasida urushlar, janglar, o‘ldirishlar to‘xtamadi. Ular bu ishlarni din bilan asoslashga, din bilan bog‘lashga harakat qiladilar, bu bilan dinimiz uchun g‘oyat yomon namuna ko‘rsatadilar. Bunday harakatlar dinimizga qiziquvchi va uni o‘rganishni istagan odamlarni islomdan bezdirishi shubhasiz.