Imom Navaviy. Riyozus-solihiyn  ( 486045 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 66 67 68 69 70 71 72 73 74 75 76 ... 128 B


AbdulAziz  16 Iyul 2008, 07:24:21

107-BOB
Lagan atrofidagi ovqatdan yeyishga buyurish va uning o‘rtasidagi ovqatni yeyishdan qaytarish haqida


Bu bobimizga Umar ibn Salamadan rivoyat qilingan 738-hadis ham dalil bo‘ladi.

742/1. Ibn Abbosdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Baraka taomning o‘rtasiga tushadi. Shundoq ekan, uning atrofidan yenglar. O’rtasidan yemanglar», deb aytdilar. Abu Dovud va Termiziy rivoyatlari.

Foyda: Taomning usti va o‘rtasidan yeyishning karohiyati va uning atrofidan yeyishga buyurish bor. Shu singari non ham o‘rtasidan emas atrofidan boshlab yeyiladi.

743/2. Abdulloh ibn Busrdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasulullohning (s.a.v.) «g‘arro» nomli laganlari bor edi. Uni to‘rt kishi ko‘tarar edi. Qachonki choshgoh vaqti bo‘lib, chosh goh namozini o‘qishgach, o‘sha laganga non to‘g‘rab olib kelishdi. Va o‘sha lagan atrofida to‘planishdi. Qachon ko‘pchilik yig‘ilganda, Rasululloh (s.a.v.) cho‘kkalab o‘tirdilar. Shunda bir a’robiy: «Bu qanaqa o‘tirish?» dedi. Rasululloh (s.a.v.) esa: «Alloh meni fazilatli banda qilib yaratgan. Mutakabbir va qaysar etib yaratmagan», deb, keyin yana: «Laganning atrofidagi ovqatdan yenglar. Tepasidan yemanglar. O’shanda baraka bo‘ladi», dedilar. Abu Dovud rivoyatlari.

Qayd etilgan


AbdulAziz  16 Iyul 2008, 07:24:33

108-BOB
Suyanib yeyishning karohiyati to‘g‘risida


744/1. Abu Juhayfa Vahb ibn Abdullohdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Men suyanib yemayman», dedilar. Imom Buxoriy rivoyatlari.

Xattobiy aytadilar: Hadisning arabcha lafzidagi «al-muttakiy»dan maqsad — ostidagi to‘shakka yaxshi joylashib o‘tirishdir. Bu yerda Rasululloh (s.a.v.) «Taomni ko‘p yeyish maqsadida yostiq va boshqa narsalarga suyanib yeyuvchilar kabi emas, balki omonat o‘tirib kifoya qilgudek miqdorida yeyman», dedilar. Bu Xattobiyning so‘zlari edi. Lekin boshqalar «al-muttakiy» bir tomonga yonboshlashdir, deyishdi.

745/2. Anasdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Bu zot: «Rasululloh (s.a.v.) ikki dumbalarini yerga qo‘yib va ikki boldirlarini tik qilgan holda xurmo yeb turganlarini ko‘rdim», dedilar. Imom Muslim rivoyatlari.

Qayd etilgan


AbdulAziz  16 Iyul 2008, 07:25:02

109-BOB
Taomni uchta barmoq bilan yeyishning va ovqatdan keyin barmoqlarni yalashning mahbubligi hamda barmoqni yalashdan oldin sochiqqa artishning karohiyati va laganni yalashning hamda to‘kilib qolgan luqmalarni yeyishning mahbubligi hamda barmoqlarni yalagandan keyin bilak, oyoq va boshqa a’zolarga surtishning joizligi haqida


746/1. Ibn Abbosdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Sizlardan biringiz ovqatlanadigan bo‘lsa, barmoqlarini yalamasdan yoki yalatmasdan oldin artmasin», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

Foyda: Barmoqlarni yuvishdan oldin yalamoqlik, shu singari qoshiqlarni ham yuvishdan oldin yalamoqlik, tabarrukona boshqalarning barmoqlarini yalashning joizligi oydinlashmoqda.

747/2. Ka’b ibn Molikdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasulullohning (s.a.v.) uch barmoq ila ovqat yeganlarini ko‘rdim. Agar u zot ovqatlanib bo‘lsalar, barmoqlarini yalardilar. Imom Muslim rivoyatlari.

Foyda: Barmoqlar ovqat tugagandan keyin yalanadi. Ovqat tanovul qilinayotgan asnoda emas. Chunki tupuk qoldiqlari ovqatga aralashib ketishi mumkin. Va yana ovqatni uchta barmoqda yeyish mahbubdir. Ular Imom Tabaroniy rivoyatlarida kelganidek bosh, ko‘rsatkich va o‘rta barmoqlardir. Rasululloh (s.a.v.) aksar paytlarda mana shundoq qilganlar. Chunki uch barmoqdan ozida ovqat tanovul qilish mutakabbirlik alomati. Uch barmoqdan ko‘pida ovqat tanovul qilish esa, ochofatlik belgisidir.

Qayd etilgan


AbdulAziz  16 Iyul 2008, 07:25:08

748/3. Jobirdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) ovqatdan keyin barmoqlarni va laganni yalashga buyurdilar. Va: «Sizlar taomingizning barakasi qaerida ekanini bilmaysizlar», deb aytdilar. Imom Muslim rivoyatlari.

749/4. Jobirdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Sizlardan birortangizning luqmasi tushib ketsa, uni olsin-da, changini artib, shaytonga qoldirmasdan o‘zi yesin. Barmog‘ini yalamasdan oldin sochiqqa artmasin. Chunki axir u ovqatining barakasi qaerda ekanini bilmaydi-da», dedilar. Imom Muslim rivoyatlari.

Qayd etilgan


AbdulAziz  16 Iyul 2008, 07:25:21

750/5. Jobirdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Albatta, shayton sizlarning har bir ishingizda hoziru nozirdir. Hattoki taomingiz ustida ham hozir bo‘ladi. Agar sizlardan biringizning luqmasi tushib ketsa, uni tozalab tashlasin-da, shaytonga nasiba qoldirmasdan o‘zi yesin. Ovqatlanib bo‘lganidan keyin barmoqlarini yalasin. Chunki taomining barakasi qaerida ekanini bilmaydi-ku», dedilar. Imom Muslim rivoyatlari.

751/6. Anasdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) qachon ovqat yesalar, uch barmoqlarini yalardilar. Va: «Agar sizlardan birortangizning luqmasi tushib ketsa, uni tozalasin-da, shaytonga nasiba qoldirmasdan, o‘zi yesin», dedilar. Hamda bizni laganni yalashga buyurib: «Chunki sizlar taomingizning barakasi qaerida ekanini bilmaysizlar-ku», dedilar. Imom Muslim rivoyatlari.

752/7. Said ibn Horisdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Bu zot Jobirdan <&>: «Olovda pishirilgan taom yeganda tahorat qilinadimi?» deb so‘raganlarida, bu zot: «Yo‘q, biz Rasululloh (s.a.v.) zamonlarida bunaqa ovqatni kamdan-kam topar edik. Agar topsak ham, qo‘l artgani sochiqlarimiz bo‘lmas edi. Kaftlarimiz, bilaklarimiz va oyoqlarimizga artib ketaverar edik-da, keyin tahorat qilmay namoz o‘qirdik» dedilar. Imom Buxoriy rivoyatlari.

Qayd etilgan


AbdulAziz  16 Iyul 2008, 07:25:33

110-BOB
Taom ustida ko‘p qo‘l bo‘lishining fazilati haqida


753/1. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Ikki kishilik ovqat uch kishiga va uch kishilik ovqat to‘rt kishiga kifoya qiladi», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

754/2. Jobirdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Bir kishining ovqati ikki kishiga, ikki kishining ovqati to‘rt kishiga va to‘rt kishining ovqati sakkiz kishiga kifoya qiladi», dedilar. Imom Muslim rivoyatlari.

Qayd etilgan


AbdulAziz  16 Iyul 2008, 07:25:54

111-BOB
Ichimlik ichishning odobi, bir narsa ichganda idishning tashqarisida uch marta nafas olish va suv idishni o‘ngdan aylantirishning mahbubligi hamda suv ichayotganda idish ichida nafas olishning karohiyati haqida


755/1. Anasdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) ichimlik ichsalar, suv idishni og‘izlaridan tashqariga olib, uch marta nafas olardilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

Foyda: Biror ichimlikni uch ho‘plamdan qilib ichishning va har ho‘plamdan keyin nafas olishning hamda nafas olayotganda idishdan uzoqda turishning mahbubligi ayon bo‘ladi. Albatta bunday qilishning sihat-salomatlik uchun foydalari ko‘p.

756/2. Ibn Abbosdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Tuyaga o‘xshab bir ho‘plamda ichmanglar. Ikki va uch ho‘plam qilib ichinglar. Ichayotganda: «Bismillah», denglar. Ichib bo‘lib: «Alhamdulillah», deb aytinglar», dedilar. Imom Termiziy rivoyatlari.

Qayd etilgan


AbdulAziz  16 Iyul 2008, 07:26:01

757/3. Abu Qatodadan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) suv ichayotganda idishning ichida nafas olishdan qaytardilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

758/4. Anasdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasulullohga (s.a.v.) suv qo‘shilgan sut olib kelindi. U zotning o‘ng tomonlarida a’robiy, chap tomonlarida esa Abu Bakr (r.a.) edilar. Rasululloh (s.a.v.) undan ichib a’robiyga berdilar. Va: «O’ngdan beringlar», deb aytdilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

759/7. Sahl ibn Sa’ddan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasulullohga (s.a.v.) bir ichimlik olib kelindi. Undan ichdilar. O’ng tomonlarida bir yosh bola, chap tomonlarida esa yoshi katta sahobalar bor edi. Rasululloh (s.a.v.) haligi yosh bolaga: «Bu idishni mana bu yoshi kattalarga avval berishimga ijozat bersanmi?» deganlarida, yosh bola: «Yo‘q, Allohga qasamki, sizdan oladigan nasibamga hech bir kishini o‘zimdan ortiq ko‘ra olmayman», dedi. Bas, Rasululloh (s.a.v.) idishni bolaning qo‘liga berdilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari. O’sha yosh bola Ibn Abbos edilar.

Qayd etilgan


AbdulAziz  16 Iyul 2008, 07:26:18

112-BOB
Mesh va shunga o‘xshash idishlarning og‘zidan ichishning karohiyati va bu tanzihiy (pok) karohiyat bo‘lib, harom karohiyat emasligi to‘g‘risida


760/1. Abu Said al-Xudriydan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) meshlarning og‘zini bukib, suv ichishdan qaytardilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

761/2. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) mesh yoki boshqa idishlarning og‘zidan suv ichishni ta’qiqladilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.

762/3. Hasson ibn Sobitning (r.a.) singillari Kabshata binti Sobitdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) mening huzurimga kirib, osig‘liq turgan meshdan tik turib suv ichdilar. Keyin men borib meshning og‘zini (muborak bo‘lgani) uchun kesib olib qo‘ydim. Imom Termiziy rivoyatlari.

Bu sahobiya xotin meshning og‘zini kesib olishlariga sabab, Rasululllohning (s.a.v.) muborak og‘izlari tekkan narsani e’zozlash, boshqalarning qo‘liga tushib, behurmat bo‘lishidan saqlash uchun, shundoq qildilar. Bu hadisdan meshning og‘zidan suv ichilsa ham durustligi va yuqoridagi ikki hadisdan ichmaslik afzal va komilligi anglashiladi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  16 Iyul 2008, 07:26:32

113-BOB
Ichiladigan narsaga puflashning makruhligi haqida


763/1. Abu Said al-Hudriydan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) ichiladigan narsaga puflashdan man qildilar. Shunda bir kishi: «Ey Allohning Rasuli, idishda iflos narsa ko‘rsam, nima qilay», deganida, u zot: «Uni to‘kib tashla», dedilar. Haligi kishi: «Men bir nafas bilan suvga qonmayman», deganida, u zot: «Undog‘ bo‘lsa, har nafas olganingda idishni og‘zingdan uzoq qil», dedilar. Imom Termiziy rivoyatlari.

764/2. Ibn Abbosdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) suv idishga og‘izni tutib nafas olishdan yoki puflashdan man qildilar. Imom Termiziy rivoyatlari.

Qayd etilgan