Men qaytib kelaman (Tog'ay Murod zamondoshlari xotirasida)  ( 123015 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 15 16 17 18 19 20 21 22 23 24 25 ... 30 B


Ansora  06 Mart 2010, 20:55:54

Demak, Boychibor bitta Alpomishning emas, butun o’zbekning milliy birodari, birodarlikning ibratlisi ekan. Tog’ay Murod o’sha qadimiy birodarlikni Bo’ztarlon timsolida yana bittaga ko’paytirdi. Go’yo to’rt-besh ming yil keyin Tarlon Boychiborning avlodi bo’lib, Alpomishning avlodi Ziyodulla chavandozga ko’makka keladi. Insonni insondan, yaxshini yomondan himoya qiladi. Odam odamga begona, odam odamga loqayd, odam odamni talovchi, odam odamga o’lim sog’inganda asl odam hayotni va yana hayotni ravo ko’radi. Bu himmat Tolstoy, E.Seton-Tompson, Aytmatov asarlarida ham qay darajadadir aks etgan, ammo u Tog’ay Murod asarining shoh bayti, jon tomiri, aytmoqchi bo’lgan birinchi o’rindagi gapidir.
 Aytmatovning Gulsarisiga biz achinsak, Tanaboy kuyunsa, dunyodagi toza ko’ngilli, mehribon kishilar hamdard bo’lsa, Tog’ay Murodning Tarloni Ziyodulla chavandozga, bizga, Tog’ay Murodga,  XX asr kishilariga va umuman, bundan keyingi o’zligini deb yig’layotgan va yoki ana shu o’zligini, insonligini unutayozgan insoniyatga achinadi. 
Aslida jami kishilar ma’nan aka-uka, hammasi Odam Ato bilan Momo Havoning zurriyoti. Ayniqsa, mo’min — mo’minga birodar. Lekin o’zidan ketgan dunyo, o’zinigina o’ylab qolgan XX  asr kishisi, bu birodarlikni unutgan, unutayozgan...
Qolaversa, mustamlaka, qul millatning aftoda,  o’sal ahvoli bundan-da nochor. Adib o’z samimiyatining cho’qqisidan turib neki joni bor ekan, neki jonivor ekan, mana,  ko’ring, u bizga birodar, yaxshiligimizga mehr-muhabbat, mardonalik bilan labbay deguvchi ekanligini yonib izhor etadi. Eng ta’sirchan ko’ngil yo’lida qo’shiq qilib, tarona qilib bizga, sizga uqtiradi.
Iymoni butun o’zbek eng qaltis vaziyatda halol, mard, vafodor bo’lishni Qiyomat soatidagi birodarlikka mengzaydi. Shu bilan qalb va yurakka, ongga murojaat etadi. Kelgusida har narsaning muqarrar oqibati borligini eslatadi. Qo’shiqday jon-jonimizga oqib kirgan asar «...qiyomatli birodarim...» nidosi bilan yakunlanyapti. Umidli, o’kinchli nido... Qiyomatda hech kim hech kimni o’ylamas, faqat o’zi farog’atga erishadimi yo musibatga yo’liqadimi, shuning fikri xayolida bo’lar ekan. Oqin adib, yoniq shoir, ma’rifatli qalb jonivorni o’shanda ham tashlab ketmaydigan, yordamga otiladigan, do’stini o’ylaydigan deb alqamoqda.

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 20:56:15

Ana shu tuyg’u bizni mehrlantiradi, ilitadi, taskin, umid beradi, hushyorlikka chaqiradi. G’alamislikdan qutulish yo’lini ko’rsatganday bo’ladi. Eng katta ma’rifat — shu! Asl san’atga jon bergan, asrlar osha yashashga imkon tug’dirgan ma’rifat — shu!   
Tog’ay akaning birov bilan gap sotishga vaqti bo’lmadi. Minbarlarni urib, so’zbozlik qilishni esa hech ham xohlamadi. Ammo onasiga-da begona Merso* sifatlarni tevarak-atrofda uchratganidan, uning yurak o’rtar asarlarida ularga insof tiladi. «Odam ketmas bo’lib ketayotganda bormagan odam odammi?» gapi uning shundaylarga ochiq nafrati, ilon po’st tashlab yuboradigan darajada achchiq, keskir qilib aytilgan.
Men nega «Ot kishnagan oqshom» qissasini o’qigan 83-yildan buyon Tog’ay Murodga hurmatim oshib bordi? Bu uning qalbi nihoyatda go’zal ekanligidan. Yuragi dovyurakligidan. Ana shu yurak va qalbni u asarlariga ko’chirib o’tkaza olgan. Shu bois ham Tog’ay Murod insonda eng yaxshi fazilatlarni ko’pirtirmay, samimiy tarzda madh etadi. Eng yomon qabohatlarni esa yuzingda ko’zing bormi, demay fosh etadi, jar soladi.
O’zimcha deyman, Alloh halol luqmali, adolatpesha, g’arib turmush adiblariga keskir va ta’sirchan so’z berib, bu go’zal so’zlarni to qiyomat qadar basharning ibratnomasi qilib, ular toleini saodatmand etarkan.
O’tgan kuni ham, kecha ham, bugun ham yozuvchisi ko’p el-elatmiz. Lekin xo’b asarlarimiz, zo’r she’rlarimiz nega kam?  Chunki fidoyilarimiz kam. 
Tog’ay Murod adib bo’laman, deb Toshkentga kelgan edi, arbob, rahbar, siyosatchi, vazir, saroy mirzosi bo’lib ko’tarilmadi. Nafsga sotilmadi, amalga qul bo’lmadi, zamonga, tuzumga yaltoqlanmadi. Men bunday metin irodali, qat’iy so’zli, qat’iy amalli adib, faqat yozuvchiligini qilgan, qilganda ham yonib-kuyib, boshqa hech narsani o’ylamay, endi durdona bo’lib  qolgan asarlarni yaratgan o’zbek yozuvchisini keyingi chorak asrda  boshqa ko’rmadim.
     Bir adabiy yig’inda domla Mirmuhsin (Alloh rahmatiga olgan bo’lsin) aytgan do’lvor gapni eslayman: «Bir safar yo’lda Tog’ayni ko’rib qoldim: o’ntacha obi nonni ko’tarib olgancha uyga ketayotgan ekan... Shu nonlarni yeb, bu zo’r romanni bitibdi-da...» Bir qaraganda, bu gapning adabiy asar yaralishiga hech qanday daxli yo’qday tuyuladi. Aslida asl fakt bu! Ha, Tog’ay Murod faqat non bilangina cheklandi, yog’li palovlar, katta amallar, mo’may pul xayolida asarlar bitmadi,  halol, kamtarin rizqqa qanoat qildi va so’zga sobit bo’lib mardona yashashda, iste’dodu fidoyilikda qismatdoshlaridan o’tdi.   

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 20:56:45

* * *

Qo’shiq hech qachon tinmas ekan, ko’ngil hech qachon o’lmaydi!
Men «Yulduzlar mangu yonadi»ni Tog’ay Murodning ikki qissasi mutolaasidan keyin eshitib, izlab-istab o’qiganman. Nomidan tortib so’nggi nuqtasigacha, xayolidan boshlab, daqiq shakligacha ruhi favqulodda yorqin asar.
«Har bandaning ko’kda o’z yulduzi bo’ladi, oshna. Shu yulduzning yongani shu bandaning yonganidir. Shu yulduzning so’ngani shu bandaning so’nganidir.
Yo’q, oshna, yo’q!
Yulduzim hali yonadi! Davralarim hali davom etadi!
Nevaralarim davralarida:
— Yo bobomning piri! — deya ayqirib-ayqirib olisha beradi.
Yulduzim mangu yonadi!»
Bu so’ngso’z aslida hikmat, mardning, ko’nglida do’sti va yori borning umrlik falsafasi. Yulduz nur uyasi, nur joyi! Kichkina yulduz ko’z! Juda katta yulduz, hech qachon so’nmaydigan yulduz — inson ko’ngli! Uning mardligi, mehribonligi, muhabbati, sodiqligi, do’stligi ana shu ko’zning, ana shu ko’ngil yulduzining nurlari. Bu nurdan bebahra kishi so’qir, shu yulduzga xiyonat qilgandan esa taqdir o’ch oladi. Qismat uning ko’zini ko’r qiladi, yulduzini so’ndiradi...
Oqin adib kitobxonni zavqlantiradi!
Oqil adib insonni ibratlantiradi.
«Yulduzlar mangu yonadi» qissasida ham ana shu ibrat, ana shu yaqinlikning nishonida turadi, qalbida yashaydi.
 Darhaqiqat, Bo’ri va Nasimning ikki qutbdagi kechmishi, lekin yonma-yon yashayotgani ko’pchilikning hayoti emasmi? Biri ishqli, mard, yengib-engilib yashasa-da, asl a’moliga sodiq, ko’zi ochiq, qalbi ochiq — yulduzi mangu yonadi! Boshqasi — nomard, qalbi qora, ko’zidan oldin qalbi so’qir. So’qir ko’ngil, so’qir ko’z. Ko’zsiz, yulduzsiz. Holbuki, go’zal ayolning eri, past-baland davraning g’olibi...

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 20:57:15

«Yulduzlar mangu yonadi» asarining qimmati — tasvirda  betaraf, adolatli qolgan holda mag’zidan, tub-tubdan adolatga, haqiqatga xizmat qilishidir. Muqaddas kalomda buyuk Zot «Hech kimga zarra misolicha zulm qilinmas, hammasi o’z yomonligidan», deb ogohlantiradi. Buning bir tasdig’i Bo’ri va Nasim polvonlarning qismati. Odam shundan ta’sirlanadi. Odam shundan o’zini jiddiyroq o’ylaydi. Faqat haqiqiy asarlardagina ana shunday durdona, noyob va kerakli hikmat bo’ladi!
«Yulduzlar mangu yonadi» asarining bosh hikmati — kim do’stga xiyonat qilsa, insonlarni aldasa, uning aldovi oxir-oqibat o’zining qismatiga ko’chadi, haqiqatga aylanadi, sen nimani so’zda o’zingga ravo ko’rsang, Haq senga buni qismat qilib beradi, deb hayqiradi.
Bo’ri qiyomatli do’sti deb bilgan tengdoshiga yuragini ochadi: «Nasim oshna, bir gap aytsam, birovga aytmaysanmi? Oshna, Momoqiz yaxshi, eshityapsanmi, yaxshi...»
So’zni e’zozlashini — ko’cha-ko’yda eshitadiganimiz «yaxshi ko’raman», demayapti. «Momoqiz yaxshi», demoqda.  Bu juda ham kam tilga chiqadigan, tilda ham o’ziga munosib so’z topishi juda qiyin ko’ngil nidosi. (Demak, ichimizda ifodasi tilda, so’zda yo’q juda ko’p aziz tuyg’u va xayollar yashaydi).   
«— O’zing aytaber (javobning qo’pol va hissizligini — V.F.)
— Qo’rqaman-da, Nasim oshna. (Ha, sevgi izhori shunaqa ham dahshatli hodisaki, pahlavonlarning-da oyog’i qalt-qalt titraydi, yuragi xonasidan chiqib ketay deydi, yuragi to’xtab qolay deydi.) Sen bilmaysan, necha martalab aytaman, dedim, bo’lmadi. Ko’ziga ko’zim tushib qolsa... garang bo’p qolaman. Haliyam aytaman, deb borib, nima deyishimni bilmay qaytib keldim. Nasim oshna, sen mening qiyomatli oshnamsan-ku, sen ayt».
Nasim esa omonatga xiyonat qildi, kazzob bo’ldi.

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 20:57:29

«— Bo’ri, men gaplaringni oqizmay-tomizmay aytdim. Bo’ri oshnamga sensiz kunduz ham qorong’u, dedim.
— Uh, bormisan, oshna! U nima dedi?
— Jo’ra, u, beti qursin, deb qo’l siltadi. Senga ko’ngli yo’q ekan, jo’ra. Ishonmayapsanmi? Mana, Qiblaga qarab aytaman: agar yolg’on aytsam ko’r bo’layin».
Bu yolg’oni ham ish bermasdan... Bo’ri jahl ustida o’zi borib, dilidagini aytib qo’yadiganini ko’rgach: «Bo’ri, men seni aldab edim», deydi. Lekin yolg’onga ishonib, darz ketgan yurak keyingi rost iqrorni ham tinglamaydigan bo’ladi. Nomard, xiyonatkorlar esa tinchimaydilar, suvni loyqalatib, otni qamchilaganlari qamchilagan.
«— Momoqiz, Bo’ri senga bir gap aytaman, deb yuribdi.
— Bilaman, aytolmayapti.
— Momoqiz, u menga ko’ngilini yordi, tayin ayt, dedi.
— O’zimga aytishga uyalgan gapni senga aslo aytmas.
(Eng muborak, pokiza xushxabarni nomardlar, ko’rolmaslar, ko’ngilsizlar, ishqsizlar qanday nopok ko’rinishga keltirishlarini.)
— Aytishga bet chidamaydigan gap-da, Momoqiz. Aytayinmi, nima dedi? Momoqiz bilan... o’ynagim kelyapti. Qo’yniga kiraman, dedi.
— Yo pirim, chini bilan shunday dedimi?
— Aldasam, ko’r bo’layin.
— Unda, Bo’rining betiga qaramaganim bo’lsin! Betini murdasho’y ko’rsin».
Yillar o’tib, so’z taqdir bo’ldi. So’z chinakam qismatga evrildi. So’z otilgan o’q yanglig’ Nasimning ko’zini teshib o’tdi. Qalbining o’rtasiga o’rnashdi. Iymonsiz o’z so’zi bilan o’z burdiga, tabiatiga, yorug’ insoniy ruhiyatiga qasd qildi.
Shuning uchun sevgan kishilar baxtsiz! Ko’nglini boy bergan, ko’nglidagini aytolmay, najotsiz, bo’g’ilgan turadi: «Birovga aytma, jonivor, hay anovi qirda bir qiz bor, shu qiz mening ko’nglim edi... Qiyomatli oshnam ko’nglimga chang soldi! Uh, ko’rgulik.
...Qiyomatli oshnangdan shu ish kelganidan keyin o’zgalardan nima umidu nima xayr...»

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 20:58:25

Odamzotning boshqa mavjudotlardan bitta juda betimsol afzalligi bor. U Alloh taolo tomonidan ko’ngilli qilib yaratilgan. Tog’ay Murod asarlarining joni ko’nglida. U so’nggi imkoniyatdan turib, ana shu ko’ngilning holatini tadqiq etadi.
Rasululloh (s.a.v.) bir hadisi shariflarida shunday marhamat qiladilar: «Inson tanasida bir narsa borki, u kasalga chalinsa, butun a’zolar kasal, u sog’ bo’lsa jami a’zolar sog’ bo’ladi. U qalbdir». Xasta qalb barcha qing’irliklarning uyasi, sog’lom-sofdil, mard, oqil ko’ngil butun yaxshiliklarning bulog’i, hayot yaralarining malhamidir.
Odam ko’ngilga, ko’ngil odamga evrilgani uchun ham sog’inib, mana bu yurak iqroriga dil tashlayverasiz: «Oshna, Momoqiz hamon ko’z oldimdan ketmaydi...
Odamda pokdomon tuyg’ular ko’p bo’ladi, so’nmas tuyg’ular ko’p bo’ladi...
Ammo birinchi... birinchi ko’ngil.
Nasim oshna, men birinchi ko’ngildan iffatlisini ko’rmadim, birinchi ko’ngildan so’nmasini ko’rmadim».
Yurakning to’ridagina qolib, faqat yurakka aytadigan bu armonli munojotni yurakdangina his qilamiz. U juda ham pokiza, u juda ham yuksak. Hayotning bosh so’zi Qodiriyning Otabegida shu xislat borligi bois, u qachonlardan buyon ardoqlanadi. Unday bo’lgimiz keladi. Xuddi shu darajadagi insoniy sevgi «Yulduzlar mangu yonadi» qissasida Bo’ri polvon timsolida dunyoni ko’rgan. Faqat bu ishq dostoni Otabeknikiga qaraganda fojiali va armonli, xotirasi tirik, ruhi qatl etilgan ishq, undan Yodgor qolmagan...


Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 20:58:57

* * *

Alloh odamni yaratib, uning ko’ksiga jonni joylamoqchi bo’ldi. Ammo bundan jon bo’yin tovladi. Men yuksakman, xor va kir, past mavjudotning ichiga kirmayman, dedi. Shunda Parvardigor uni ilohiy kuy bilan avragan edi, jon shodu xurramlik ila Odamning ko’ksiga joylashdi... (Rabg’uziyda keladi)
Odamning joni ana shunaqa ohangi bor lahzada farog’at topadi, hamma narsani qilmoqqa chog’lanadi, ulg’ayadi, pastkash, mayda, nochor, hayvoniy tuyg’ular undan chekinadi. Ehtimol, shuning uchun oddiy so’zlar kuylanganida ma’no kashf etadi, manzara bo’ladi. Ko’ngilni mutaassir qiladi, uni mavjlantiradi. Bir qadar jasur, jur’atli, ezgu, odamoxun, munis qiladi. Tasavvurni kengaytiradi, taxayyulga olam-olam maydon, shaxsga erk, qanot beradi. Bekordan-bekorga hofizi qur’onlarga o’z ovozi bilan muqaddas Kalomni ziynatlash buyurilmagan. 
Shuning uchun ham hofizi davron hazrat Navoiyning «Izlaganlar izlaganni sahroi balodan izlasin» misrasini yonib kuylaganda g’azal matni ma’nolaridan-da kengroq, qiyomat-qo¬yim tasviri yurakni yorib, hayot jahonnomasidan o’taveradi.
Bu fazilat adabiyotning dong’il yo’li nasrda noyoblashib, kam kuzatiladigan bo’ldi. G’arbda bunga chuchmal, ortiqcha narsa deb qaraydiganlar katta kuch. Va shuning uchun ham XIX, XX asr G’arb, Amriqo nasrining so’zi sovuq, ruhni ezadi. Ko’ngil bilan hisoblashganda Joys, Kafka, Folkner, Kamyu kabi jahonshumul yozuvchilarning nasri qancha zo’r bo’lgani bilan tinka-madoringizni quritib, nafasingizni qisadi. So’zda havo istaysiz, jumlada koinotni sog’inasiz. Bitikda kuy, ohang, she’riyat nash’asiga ochlik seziladi. Hartugul bu borada G’arbga nisbatan Sharqning imkoni ham, ehtiyoji ham  tosh bosadi.
Uzoqqa borishga hojat yo’q, birinchi romanchimiz Abdulla Qodiriy asarlaridagi ichkin ohang, mansur she’riyat nasriga kuch, imkoniyat, parvoz va osmon hadya etgan. Bu musiqa, she’riyat ruhi Chingiz Aytmatov nasrida ham mavjlanadi. Uning ilk asarlaridan mashhur «Jamila» qissasi dastavval «Kuy» deb atalgan.
Tog’ay Murod nasri ham ana shunday shoirona. Uning so’zi she’riyat ruhi bilan sug’orilgan. Bejiz adibning onasi «Sen shoir bo’lmaguncha, men o’lmayman», deb mardona tilak bildirmagan ekan. Tog’ay Murod asarlari tug’ma, kuylangan so’z. Girya qilingan nasr. Har bir imlosi, so’z qurilishi she’riy, hatto she’riy satrlari, o’ynoqi termalari, tashviq va taronalari borki, bir yo’la ham nasrdan, ham nazmdan bahramand bo’lamiz.   


Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 20:59:21

                                                   * * *       
«Yulduzlar mangu yonadi» qissasining bir o’rnidagi evrilish boisiga aql javob topolmaydi. Bo’ri polvonday vazmin, pahlavon kishining Tamaraxonim oldiga kelib, tarona qilganda, o’zini bilmay, aqli hushini yo’qotib, belbog’ini yechib go’zallik va qo’shiq poyiga to’shaydi. Haqiqatan ham kuy, qo’shiq kuylanayotgan holat favqulodda holat, cho’qqidagi xarsangni kuchli dovul jarga qulatishi hech gap emasday, odam ruhiyatini ag’dar-to’ntar qilishga kuchi yetadi. Yetuk asarning odamni lol etadigan lahzalarni kashf etadigan sinoatlaridan bittasi bu.
«Ot kishnagan oqshom» asarining hikoyanavis qahramoni Ziyodulla kal — Ziyodulla chavandoz aslida o’lanchi, baxshi, hatto hayotda do’mbira sayratar oqin bir odam. U kuylab-kuylab, ovozim yetmay qolganda, do’mbira sotib oldim deb, o’zining ojizligidan ma’yus tortadi. Biroq bo’lak hunarlari o’tmaganda doston aytib odamning nazariga tushishga urinadi. Rosti ham, kuylay bilish odamning ko’rki, olamni jalb qila bilishgina emas, uni o’ylashga da’vat qilish hamdir.
«Ot kishnagan oqshom» qissasining uslubi ham, ruhiyati ham «O’v, birodarlar», deb boshlagan ilk issiq haroratli so’zdan boshlanib, olis va yaqin zamonga, chigal va osoyish muhitga bizni hayqiriq bilan olib kirib, jonivorlarga-da yetkazib: «Ayo Tarlon, sen mening qiyomatli birodarimsan!» degancha avji susaymay, savti yuksalib borgan dramatik, fojiiy, hofizasi juda ko’lvor ulug’ dostondir.
Nazarimda, ana shu dostonlarning eng sarasi, eng originali, eng dardkashiyu eng hamdardi, taronasi, so’zi, munojoti eng balandi «Oydinda yurgan odamlar» qissasidir. Undagi so’z, she’r, terma, iboralarning aksariyati hayotda bir marta aytilib, bir umrga tatiydigan qo’shiq matniday tuyuladi. Bu qo’shiqdagi inson dardi dunyoni ko’rish nazari, bu tegradagi e’tiqodi, amali nihoyatda o’zbekona, xalqning eng mardona fazilatlaridan tiklanib, bir qo’shiq, bir dunyo taassurotini beradi.

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 20:59:37

Xususan, «Oydinda yurgan odamlar» qissasidagi ayolga sir erkak dunyosi, erkakka tilsim ayol, qiz olami hissiy, fikriy basirat ko’zi bilan chiziladiki, o’zbekning o’zbekdan boshqa his qilish juda qiyin or-nomusi, baxt va baxtsizligi, hayvoniy va ilohiy fe’l-atvori tiniqdan-tiniq ko’z ochgandir.
«Oydinda yurgan odamlar» qo’shiq bilan boshlanib, qo’shiq bilan adog’iga yetgan. Bu qo’shiq  naqorati har bahor yangicha keladiganday ko’nglimizni umid va yangilikka o’raydi.  Unutilgan rivoyatlarni faqatgina Aytmatov o’z asarlarida jonlantirib nasr xayolini, nasr imkoniyatlarini nazm mavjlari bilan kengaytirmagan ekan. Tog’ay Murodning rivoyati — qo’shiq ichida qo’shiqlari, asar ichida asarlari xayol va hayotni, olam va odamni, moziy va kelajakni bir nuqtada jamlab tamaddundan qisilayotganimizda sharqona san’at obihayoti bilan ruhimizni yayratadi.
«Asl qo’shiq turganda muxammas qo’shiqqa yo’l bo’lsin? Asl qo’shiqqa taraf yo’q!» Shu jumlada butun borlig’i bilan oshiqning qo’shiqqa, ma’shuqaning asl qo’shiqqa evrilganiga guvoh bo’lamiz. Bunchalik go’zal o’xshatish qilinganini qaysi nasriy asarda uchratgansiz? Qo’shiq, asl qo’shiq. Ular aytgan qo’shiqlar dunyoni go’zallashtiradi, dardi armoni, osmoni bilan... Rost! Qo’shiq hech qachon tinmas ekan, ko’ngil hech qachon o’lmaydi! Shoir adibning ko’ngli shahiddir!

Qayd etilgan


Ansora  06 Mart 2010, 21:00:04

* * *

Asarlari nazarga tushgan adib shaxsi ham e’tiborda bo’ladi. So’zi — adibning o’zi! O’zi — adibning so’zi. Yulduzli onlarda bu o’zlikning basirat ko’zi ochiladi. Yurakdagi ko’zi charaqlaydi. Lekin o’zi bilan so’zi ikki qutb ekanligini ko’rib, yoqa ushlaysan. Azaliy Qonun o’zgarib, so’z vaqtincha aldash va vaqtdan yutish uchun izg’ib yurgan firibgar bo’ldimi? Yolg’on, yolg’on, faqat yolg’on so’zlanaveradi... Aldovlar oshkor bo’ladigan kun — Qiyomatda bir-birimizning yuzimizga qanday qarar ekanmiz?! Ko’zimiz ko’zimizga tushganda chehramiz yorisha oladimi?!
   Tog’ay Murod rostgo’y edi. Xato bo’lsa-da, dilidagini tiliga chiqaruvchi edi. Mehrini ham, nafratini ham tap tortmay bildirguvchi edi. Bu asarlarining haroratidan seziladi.
   Adib avvalo so’zida turishi kerak. So’zga munosabati uning shaxsiga oyna. Shoir Shukur Qurbonning bir xotirasi hech esimdan chiqmaydi: «Men Tog’ay bilan shaharning bir chekkasidagi ijaraxona eshigi oldida kechga yaqin uchrashmoqchi bo’ldim. Ammo borolmadim. Voy, bu Afandini... Balki Shukur kelib qolar, deb va’dalashgan joyimizda tonggacha meni kutibdi».
   Radioda ishlab yurganimda Shukur akaga taklif qildim: Tog’ay Murod bilan bir suhbat qilib bermaysizmi?
   Shukur Qurbon oldimda adibning xonadoniga sim qoqdi. Tuppa-tuzuk hol-ahvol so’rashishdi. Ammo radio uchun suhbatlashish taklifini aytishi bilan go’shakning u tomonidan Shukur aka kutmagan bir dovul esib, suhbatdoshning uzun, qalin qoshlari yanada o’sib ko’z ustiga tushganday bo’ldi. Boshini ko’targanda, yuzi qizarib, kayfiyati butunlay o’zgarib ketgandi. Go’shakdan esa tutaqib ketgan bir ovoz nafratini baralla aytayotgani eshitilardi. Biz hayron bo’ldik. Hatto Tog’ay akadan bir oz xafa ham bo’ldik.

Qayd etilgan