SALMON FORSIY
Bu voqea hijratning beshinchi yili Handaq kuni bo‘lgan edi. O‘shanda yahudiy a’yonlaridan bir nechasi Makka tarafga yo‘lga chiqishdi. Ularning maqsadi — mushriklarni to‘plab, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) va musulmonlarga qarshi qabilalarni yig‘ish va bahamjihat bu yangi dinni ildizi bilan sug‘urib tashlaydigan hal qiluvchi jangda o‘zaro yordamga ahdlashish edi.
Xoinona jang rejasi tuzildi. Unga ko‘ra, Quraysh va G‘atafon qo‘shinlari Madinaga tashqaridan, Banu Qurayza esa ichkaridan, musulmonlar safi ortidan hujum qiladi. Shunda musulmonlar ikki tegirmon toshi orasida qolib, tayyor go‘shtga aylanadilar, ulardan faqat xotira qoladi!
Bu kun Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) va musulmonlar son jihatidan ustun va yakson qilishga qodir qurol-aslaha bilan Madinaga yaqinlashayotgan behisob qo‘shinning xabarini to‘satdan bilishdi. Musulmonlar nima qilishni bilmay qolishdi. Nogahoniy qo‘rqinchdan aqllari boshlaridan uchdi.
Qur’onda bu shunday tasvirlanadi: "œO‘shanda ular sizlarning yuqori tomoningizdan ham, sizlardan quyiroq tomondan ham (bostirib) kelgan edilar. O‘shanda ko‘zlar tinib, yuraklar bo‘g‘izlarga tiqilab qolgan va sizlar Alloh haqida (turli) gumonlar qila boshlagan edinglar" (Ahzob, 10).
Abu Sufyon va Uyayna ibn Hisn boshchiligidagi yigirma to‘rt ming jangchi Muhammadga (sollallohu alayhi va sallam), diniga va ashobiga barham berish uchun qamal qilish, hal etuvchi zarbani urish maqsadida Madinaga yaqinlashayotgan edi.
Bu qo‘shin Qurayshning o‘zidangina iborat emasdi. Balki Islomda o‘ziga xatar ko‘rgan har bir qabila va manfaat Quraysh bilan birga edi. U Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) barcha g‘animlari — shaxslar, jamoalar, qabilalar va manfaatlarning oxirgi va hal qiluvchi urinishi edi.
Musulmonlar o‘zlarini juda qiyin holatda ko‘rishdi. Shunda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) ashoblarini maslahat uchun yig‘dilar. Tabiiyki, mudofaa va urushning muhokamasiga yig‘ildilar, lekin qanday mudofaa?
Shunda uzun bo‘yli, sersoch, Rasulullohga (sollallohu alayhi va sallam) cheksiz muhabbat va ehtirom ko‘rsatadigan bir kishi oldinga chiqdi...
Salmon Forsiy oldinga chiqdi va baland tepalik uzra Madinaga sinchkov nazar tashladi. Shahar atrofidan tog‘-toshlar bilan o‘ralgan, biroq g‘anim osonlik bilan himoyani yorib o‘tishi mumkin bo‘lgan keng va uzun bo‘shliq — tekislik ham bor edi. Salmon vatani Forsda bo‘lgani ko‘pgina jang vositalari va urush firiblari, hiylalaridan xabardor edi. U Rasulullohga (sollallohu alayhi va sallam) arablar urushlarda oldin ko‘rmagan taklifni aytdi. Taklif Madina atrofidagi hamma ochiq joylarda haqdaqlar kavlashdan iborat edi.
Musulmonlar agar bu g‘azotda handaq qazishmaganida, Alloh biladi, boshlaridan ne ko‘rguliklarni o‘tkazishardi. Quraysh handaqni ko‘rib, kutilmagan bunday hiyladan esankirab qoldi. Qo‘shinlari Madinaga yorib kirishdan ojiz qo-lib, chodirlarida bir oy qolib ketishdi. Hatto bir kecha Alloh ularga juda kuchli shamolni yuborib, chodirlarini yer bilan yakson qildi va o‘zlarini par kabi to‘zg‘itib tashladi...
Abu Sufyon noumid, ezilgan va tinkasi qurigan holda qo‘shinga kelgan joyiga qarab jo‘nashni buyurib, qichqirdi.