Abu Hurayra roziyallohu anhu aytadilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir kuni oldimizga chiqib, xiyonatni, uning ulkan gunohligini zikr qilib shunday dedilar: «Sizlardan birontangizni qiyomat kunida bo‘ynida bo‘kirayotgan tuyani ko‘tarib kelganini ko‘rmayin. U: «Yo Rasululloh meni qutqaring», deganida, men: «Sen uchun biron narsaga molik emasman. Senga yetkazgan edim-ku», deyman. Birontangizni qiyomat kunida bo‘ynida ot kishnayotgan holda ko‘rmayin U: «Yo Rasululloh, meni qutqaring», deganida, men: «Sen uchun biron ishga molik emasman. Senga yetkazgan edim-ku», deyman. Birontangizni qiyomat kunida bo‘ynida ma’layotgan qo‘yni ko‘tarib kelayotganini ko‘rmayin. U: «Yo Rasululloh, meni qutqaring», deganida, men: «Sen uchun biron narsaga molik emasman. Senga yetkazgan edim-ku», deyman. Birontangizni qiyomat kunida bo‘ynida qichqirayotgan insonni ko‘tarib kelganini ko‘rmayin. U: «Yo Rasululloh, meni qutqaring», deganida, men: «Sen uchun biron narsaga molik emasman. Senga yetkazgan edim-ku», deyman. Birontangizni qiyomat kunida bo‘ynida qimirlayotgan (haq yoziladigan) qog‘ozni ko‘tarib kelganini ko‘rmayin. U: «Yo Rasululloh, meni qutqaring», deganida, men: «Sen uchun biron narsaga molik emasman. Senga yetkazgan edim-ku», deyman. Birontangizni qiyomat kunida bo‘ynida tilla yoki kumush ko‘tarib kelganini ko‘rmayin. U: «Yo Rasululloh, meni qutqaring», deganida, men: «Sen uchun biron narsaga molik emasman. Senga yetkazgan edim-ku», deyman» (Muslim rivoyati).
Kimda-kim g‘animatchilar orasida taqsimlanmay turib, o‘ljadan, yoki imomning ruxsatisiz baytul moldan va yo yig‘ilgan zakotdan yuqoridagi hadisda zikr qilingan narsalardan birontasini olsa, qiyomat kunida o‘sha narsani bo‘ynida ko‘targan holda keladi.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam Ibn Latbiyani zakot yig‘uvchi qilib tayinlaganlarida, u kelib: «Bular sizlarga, bularni esa menga hadya qilishdi», degan edi. Shunda Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam minbarga ko‘tarilib, Allohga hamdu sano aytgach: «Allohga qasamki, sizlardan biron kishi haqi bo‘lmagan biron narsani olsa, u qiyomat kunida o‘sha narsani ko‘targan holda Allohga duch bo‘ladi. Sizlardan birontangizni bo‘kirayotgan tuya yoki mo‘rayotgan sigir yo ma’layotgan qo‘y ko‘tarib, Allohga duch kelganini ko‘rmayin», dedilar. Keyin qo‘ltiqlarining oqi ko‘rinadigan darajada qo‘llarini ko‘tarib: «Ey Allohim, yetkazdimmi?» deb aytdilar (Buxoriy, Muslim, Abu Dovud rivoyati).