Tog'ay Murod. Bu dunyoda o'lib bo'lmaydi (roman)  ( 149339 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 17 18 19 20 21 22 23 24 25 26 27 ... 33 B


AbdulAziz  03 Dekabr 2006, 06:25:58

—    Shunday, sovet hukumatini qadri o‘tdi. Shunday, KPSSni qadri o‘tdi. Qayta quruvchi demokratlar... sovet hukumati unday edi, KPSS bunday edi, deydi. Bekorlarni besh marta aytibdi! Qayta quruvchi demokratlar quldorlik jamiyati illatlarini sovet hukumatiga olib kelib yopishtiryapti. Feodalizm jamiyati qusurlarini KPSS boshiga ag‘daryapti. Kapitalizm jamiyati ayblarini sovet hukumati ustidan mag‘zava qilib to‘kyapti. Yomon — sovet hukumati yomon, KPSS yomon. Ivan Grozniy o‘n beshinchi asrda hukmronlik qilib edi. U o‘z davri uchun davlatni boshqarish tartib-qoidasini yaratdi. Masalan, oprichnik nomli alohida bir qo‘shin tuzdi. Oprichnik faqat Ivan Grozniy buyrug‘ini bajardi. Oprichniklar — eski jinoyatchilar, oilasidan voz kechganlar, jinoyat ko‘chasiga kirib qolganlar, hech balodan tap tortmaydigan qonxo‘rlar edi. Oprichniklar xalqni xohlasa osdi, xohlasa so‘ydi, xohlasa otdi. Ivan Grozniy topshirig‘i bilan ayg‘oqchilar podshodan norozi shaxslarni aniqladi, g‘ayritabiiy fikrlovchi shaxslarni topdi. Oprichniklar ularni beshafqat qiynoqlar, kaltaklar, to‘qmoqlar zarbi ostida bo‘yniga olishga majbur etdi. Ayblovchilar yovuzona qiynoqlardan keyin qilmagan ishlarini qildim, deyishga majbur bo‘ldi. Ayblanuvchilar qonxo‘rona azoblardan keyin begunoh odamlar nomini sotishga majbur bo‘ldi. Oprichniklar begunoh aybdorlarni ozod-liqda yurmish o‘g‘il-qizlarini ham zindon qildi, urug‘-aymoqlari, do‘st-birodarlarini zindon qildi, hatto, ayblanuvchilarni voyaga yetmagan, norasida bolalarini-da qamadi yo surgun qildi. Ivan Grozniy o‘z o‘g‘lini qatl ettirdi, amaki akasini qatl ettirdi, jiyanlarini qatl ettirdi. Qayta quruvchi demokratlar Ivan Grozniy faoliyatini... sovet hukumatiga to‘nkab o‘tiribdi, o‘rtoq Stalinga to‘nkab o‘tiribdi. Axir, XV asr qaerda, XX asr qaerda?

Qayd etilgan


AbdulAziz  03 Dekabr 2006, 06:26:08

—    Uyamas-da-buyamas, el-yurtni sho‘ri quridi, rais bova.
—    Shunday, qiyin-qiyin, xalqqa qiyin bo‘ldi. Xalq umri mobaynida KPSS chizig‘idan chiqmay yashadi, KPSS buyrug‘ini bajarib yashadi. Shu bois, xalq — iqtisodiy o‘qimay yashadi, mafkuraviy izlanmay yashadi, kelajak haqida o‘ylamay yashadi. Xalq uchun KPSS o‘yladi, xalq uchun hukumat izlandi. Xalq faqat... ishladi! Xalq jonajon kommunistik partiya uchun jon fido etib ishladi, xalq mehribon sovet hukumati uchun jonini jabborga berib ishladi. Bunday xalqni yo‘ldan urish oson. Bunday xalqni qo‘lidan yetaklab ketish oson. Bunday xalqni... qo‘yday haydab ketish oson! Qayta quruvchi demokratlar ana shunday qilmoqda. Burnini artib olmagan mishiqilar... xalqni laqillatib yuribdi, xalqni qo‘yday yetaklab yuribdi. Azal-azaldan shunday: kimdir birov lakillab, nutq so‘zlab qo‘yadi. Baloga qolgan... xalq bo‘ladi! Xalq... dardini ichiga yutadi! Shu bois, xalq hamisha hukumatdan norozi bo‘ladi. Go‘yo, hukumat xalq g‘animi. Go‘yo, hukumat xalq ziyoniga siyosat olib boradi. Aslida esa hukumat — xalq posbonidir, xalq himoyachisidir. Xalqni xalq qiluvchi — hukumat. Xalqni ichki-tashqi ofat-g‘animlardan himoya etuvchi — hukumat. Oppozitsiya, oppozitsiya! Ana, xalq g‘animi kim! Afsuslar bo‘lsinki, xalq oppozitsiyani... do‘st deb biladi. Xalq oppozitsiyani... advokat deb biladi. Shu bois, xalq hamisha oppozitsiyani... hukumatga qarshi qo‘yadi. Xalqni o‘ziyam oppozitsiyaga qo‘shilib... hukumatga qarshi otlanadi. Aslida esa, oppozitsiya — xalq himoyachisi niqobidagi... xalq dushmani! Shunday, oppozitsiya — xalq dushmani!

Qayd etilgan


AbdulAziz  03 Dekabr 2006, 06:26:17

—    Qayta quruvchilar loy chaplamagan odam qolmadi. Qayta quruvchilar boshidan mag‘zava ag‘darmagan odam qolmadi. Bir kuni radioni qo‘yib edim, qayta quruvchilar radiodan... Xrushchevga mag‘zava to‘kdi.
—    Radiodan mag‘zava to‘kdi?
—    Ha, kuppa-kunduz kuni! Xrushchevni boshiga... radiodan mag‘zava to‘kdi. Xrushchev — arpa un, dedi. Xrushchev — makkajo‘xori, dedi.
—    Makkajo‘xori bo‘lsa nima bo‘pti? Makkajo‘xori — dala malikasi! Shunday, makkajo‘xori dala malikasi, mo‘l-ko‘l ozuqa. Xrushchev davrida asrlar mobaynida qaqrab yotgan cho‘l-biyobonlar... bog‘-bo‘ston bo‘ldi, shahar-qishloq bo‘ldi. Xrushchev davrida odamzot fazoga uchdi. Xrushchev davri... oyga uchdi! Gagarin, Gagarin!

Qayd etilgan


AbdulAziz  03 Dekabr 2006, 06:26:25

—    Brejnev davrini aytmaysizmi, Brejnev? Hay, bir davr edi-da...
—    U-u-u, Brejnev davri, Brejnev davri! Brejnev davri — sokin davr edi, osuda davr edi, suv sepganday jimjit davr edi! Brejnev davrida turmush bir maromda davom etar edi. Biror o‘zgarish bo‘lmas edi, biror yangilik bo‘lmas edi. Barcha narsa joy-joyida kimir etmay turar edi. Brejnev davri... mangu haykal edi, mangu haykal! Brejnev davrida... quyosh yorqin nur sochar edi! Brejnev davri quyoshi... yarqiroq edi! Brejnev davrida... suvlar sokin-sokin oqar edi! Suvlar... qilt etmas edi. Brejnev davrida... osmon musaffo edi! Olam ko‘m-ko‘k edi, daraxtlar yam-yashil edi. Ko‘katlar bodroq-bodroq edi. Brejnev davrida... shabadalar mayin-mayin esar edi! Brejnev davri... bolalari-da mo‘min-qobil edi! Katta-kichikka izzat-hurmatda edi. Or-nomusli edi, diyonatli edi. Brejnev davri keksalari... Misoli toshkitob, misoli toshoyna, misoli tarix! Mana, manavi ajinlarim — kolxoz-sovxoz tuzish, manavi ajinlarim — cho‘l-biyobonlarni o‘zlashtirish, manavinisi — million-million tonnalab paxta terish... Ajinlar — umr, ajinlar — yodgorlik. Brejnev davridan yodgorlik.
—    Brejnev davrida barcha sizni o‘rtoq Esonov, der edi, Botir firqa, der edi.
—    Endi esa... Qizil, deydi, Qizil!

Qayd etilgan


AbdulAziz  03 Dekabr 2006, 06:26:33

—    Brejnev davrida bizni quyuq-quyuq ziyofatlarga chaqirar edi. Bizni to‘rga o‘tirg‘izib qo‘yar edi. Sovg‘a-salomlar berar edi. Sirg‘alar, uzuklar berar edi. Oldimga noyob-noyob sarpolar qo‘yar edi. Siz nomer birinchi erkak edingiz, men nomer birinchi ayol edim.
—    Endi esa, bizni familiyamiz... pensionerlar! XX asrni qurgan million-million kazo-kazolarni familiyasi bitta — pensionerlar! XX asrni yaratgan million-million kazo-kazolarni familiyasi bitta — veteranlar! Juda hurmat-e’zoz etsa — qariyalar! Bir asrcha el-yurt uchun ter to‘kkan million-million partiya-sovet arbobida... familiyada qolmadi, unvon-da qolmadi, orden-da qolmadi! Hatto, familiyasidagi... «o‘rtoq» qo‘shimchasi-da qolmadi!
—    Sovet tuzumi... oydaygina tuzum edi-ya! Oydaygina tuzumni yo‘q qilishdi-ya?
—    Sovet tuzumini birov yo‘q qilmadi. Sovet tuzumi... o‘zini-o‘zi yo‘q qiddi. O’rtoq Lenin bilan o‘rtoq Stalin yaratgan sovet tuzumi diktatura asosiga qurilgan edi, irib bitgan ideologiya asosiga qurilgan edi, chirib ketgan siyosiy tarmoqlar asosiga qurilgan edi. Shu bois, oldin KPSS qulab tushdi. Keyin, SSSR ag‘anab tushdi. Bu birin-ketin fojia nimadan bo‘ldi: Gorbachev, Gorbachev! O’rtoq Gorbachev Kremlga kelib, o‘ta keskin ham siyosiy yo‘l tanladi: davlat bilan partiya funktsiyasini bo‘lib-bo‘lib tashladi. Ideologiya bilan siyosiy tarmoqni partiya qo‘liga berdi. Barcha xo‘jalik tarmoqlarini hukumat qo‘liga berdi. Ana shunda... sovet tuzumi poydevoriga zil ketdi! Kreml saroyida o‘rtoq Yeltsin partiya biletini minbarga tashladi. KPSS saroyidan tantana bilan chiqib ketdi. O’rtoq Yeltsin KPSSni tashlab ketdi. Ana shunda... KPSS poydevoriga zil ketdi! Sovet tuzumini Gorbachev tugatdi, deydilar, GKChP tugatdi, deydilar, Yeltsin tugatdi, deydilar, jidomasonlar tugatdi, deydilar. Yo‘q, tag‘in, yo‘q! Sovet tuzumi... o‘zini-o‘zi tugatdi. Sovet tuzumi... o‘z boshini o‘zi yedi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  03 Dekabr 2006, 06:26:42

—    Men tovuq sho‘rvani suzib kelay. Tovuq sho‘rva ichdagi sovuqlikni oladi.
Botir firqa o‘tmishini o‘yladi. Botir firqa kechmishini o‘yladi.
Olislarda qolmish... sovet tuzumini o‘yladi. Yetim qolmish... Sovet hukumatini o‘yladi. Yesir qolmish... KPSSni o‘yladi.
«Sovet tuzumi bunchalar aziz edi? Sovet hukumati bunchalar qadrdon edi? KPSS bunchalar ardoqli edi? — dedi Botir firqa. — Masalan, sovet tuzumida... yoshligim qoldi. Sovet huqumatida... martabam qoldi. KPSSda... shavkatim qoldi. Masalan, Stalin davrida... dunyo yosh edi, men yosh edim, kampirim yosh edi. Stalin davri-da... kampirim qiz edi! Sochlari taqimini uruvchi qiz edi. Sochlari to‘lg‘onib yuruvchi qiz edi. O’rimdan qochgan zulflari bor qiz edi. Yuzlari yuz emas... anor edi! Stalin davrida... men oshiq edim, kampirim ma’shuq edi!»
Oshxona tarafdan kampiri kelar bo‘ldi. Qo‘sh qo‘lida sho‘rva bo‘ldi. Qo‘ltig‘ida tandir non bo‘ldi.
Kampirini sochlari... doka ro‘moliday oppoq-oppoq bo‘ldi. Yuzlari... ajin-ajin bo‘ldi.
Munkillab-munkillab qadamlar bo‘ldi. Qadamlari ushbu dunyoday... tor-tor bo‘ldi. Qadamlari ushbu dunyoday... qari-qari bo‘ldi.
—    Stalin davrida... mana shu kampirim... qiz edi!
Barchin yuzli-barchin yuzli qiz edi! — pichirladi Botir firqa. — Men oshiq edim, kampirim ma’shuq edi...

Qayd etilgan


AbdulAziz  03 Dekabr 2006, 06:26:51

55


«.. .psixonevrologicheskaya bolnitsa».
Botir firqa ushbu viveskani o‘qidi. Qayta-qayta o‘qidi. Viveskaga tikilib qoldi.
«Shu viveska oldiga kelganimga-da yigirma yil bo‘pti! Bir yigit yoshi vaqt. Bir qiz bo‘yi vaqt! — deya o‘yladi. — Ammo-lekin o‘shanda raykomni mashinasida yurar edim. Otda edim, oyog‘im uzangida edi. Endi, piyoda-peshka bo‘lib keldim, piyoda-peshka...»
Botir firqa o‘ylagancha bo‘ldi.
Qabulxonada uni... bir daydini tekshirmishday tekshirdi. Bir gadoyni tekshirmishday tekshirdi.
—    Mayli, bir pensioner chol ekansiz, — deya kiritdi.
Botir firqa ichkariladi. Yo‘lak bo‘ylab yo‘l oldi. Izidan Hanifa Rajabovna yurdi.
—    Devordagi viveskani ko‘rdingizmi, Hanifa Rajabovna? — dedi.
—    O’qidim-o‘qidim.
—    Qaerga kelib qoldingiz, bilyapsizmi? Bir so‘z bilan aytsak, bu joy — shunaqa joy. Bu joyni nomi kasalxona, xolos. Hali ko‘rasiz. Do‘stingiz-ku do‘stingiz, dushmaningizni ham bu joyga tushgulik qilmasin.

Qayd etilgan


AbdulAziz  03 Dekabr 2006, 06:27:02

—    Menda nima ayb, Botir Esonovich, menda nima ayb? Rajabov kafeda ichgan-da, kafeda.
—    Ko‘cha-ko‘yda ichmasin edi. Kimsan, obkom Rajabov oti bor.
—    Yana-tag‘in, bir o‘zi ichgan deng. Keyin, avtobus bekatiga borib, skameykada uxlab qolgan.
—    Ana, shu ishi kommunist odamga epmi endi?
—    Bekatdagilar Rajabovni yuragi yomon bo‘lib qoldi, deb o‘ylab, «skoriy pomosh» chaqirgan. «Skoriy pomosh»chilar Rajabovni mashinaga solib ko‘rsalar, g‘irt mast bo‘lgan. Aytishlaricha, mast odamni kasalxonaga olmas emish-ku?
—    Shunday, mast odamni shifoxonalar qabul qilmaydi. Mast odamni yo mana shu joy qabul qiladi, yo hushyorxona qabul qiladi.
—    Yana-tag‘in, «skoriy pomosh» mana shu yerni mashinasi ekan deng.
—    Mana shu joynimi?
—    Ha, mana shu yerni. Shu sababdan, Rajabovni to‘g‘ri shu yerga olib kelibdi.
—    Bu joydan ko‘ra hushyorxonaga olib borsa yaxshi edi. Besh-olti so‘m jarima to‘lab, qutulib ketar edi. Bilmayman, endi nima bo‘ladi.
—    Endi bor umid sizdan, Botir Esonovich.
—    Hanifa Rajabovna, men... o‘zimga en bo‘lolmayman, sizga qanday bo‘y bo‘laman?
—    Siz Rajabovni ham sinfdoshisiz, ham do‘stisiz. O’shani uchun faqat sizga telefon qildim.

Qayd etilgan


AbdulAziz  03 Dekabr 2006, 06:27:10

—    Ayni vaqtida telefon qilibsiz. Shu uch-to‘rt kunda hal etmasak, kech bo‘ladi. Gap shundaki, bemorga uch-to‘rt kun mobaynida diagnoz qo‘yiladi. Ana shu diagnoz qo‘yilmasdan, obkom Rajabovni bu joydan olib ketishimiz kerak. Bugun ikkinchi kun. Hali vaqt bor. Ishoning, bu borada... tajribam bor!
Botir firqa bundan yigirma yil muqaddam kelmish kunlarini esladi. Bir-bir esladi. Ammo Hanifa Rajabovnaga bildirmadi.
«Qaytar dunyo deganlari chin ekan, — deya o‘yladi. — O’shanda obkom Rajabov shoir Madievni mana shu joyga jo‘natib edi. Beyoziqdan-beyoziq jo‘natib edi! Mana endi... obkom Rajabovni o‘zi keldi! O’z oyog‘i bilan keldi! Yo obkom Rajabovni... xudoni o‘zi jo‘natdimi? Unda... xudo bor ekan-da?»
Botir firqa bosh bino oldida chekib turmish oq xalatli bilan salom-alik etdi,
—    Bosh vrach Mirzaev hokimiyat majlisiga ketdi, bugun kelmaydi, — dedi oq xalatli.
Botir firqa oq xalatli bilan gaplashdi. Maqsadini aytdi.
Oq xalatli hamdardlik bilan bosh irg‘adi. Ikki qavatli binoni ko‘rsatdi.
Botir firqa ana shu binoga yo‘l oldi. Hanifa Rajabovna ergashdi.
—    Eshitdingizmi, Hanifa Rajabovna? — dedi. —
Hali aniq bir xulosaga kelishmaydi. Buyog‘i, Mirzaev haliyam bosh vrach ekan. Bo‘ldi, obkom Rajabovni chiqarib olamiz!
Botir firqa narkologiya bo‘limiga kirib bordi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  03 Dekabr 2006, 06:27:21

Bo‘lim boshlig‘i Botir firqani tanib qoldi. Taklif-takalluf etdi. Hurmat-e’zoz etdi. Kasallik daftarini yoyib ko‘rsatdi.
—    Yaxshisi, o‘zingiz tanishib chiking, otaxon, — dedi.
Botir firqa Rajabovni kasallik varaqasi bilan tanishdi:
«... Bemor Rajabov ostonada vrachlar ko‘rinishi bilan karavotdan sapchib turdi. Palata o‘rtasida g‘oz bo‘ldi. Oyoqlarini ikki yoniga kerdi. Qo‘llarini beliga tiradi. Bo‘ynini olg‘a cho‘zdi. Yuzlarini dahshatli burishtirdi. Lablarini cho‘chchaytirdi. Ko‘zlarini ola-bula etdi. Vajohat bilan baqirdi:
—    Yaqinlashmang deyapman, yaqinlashmang!
Ammo vrachlar ichkari kirib bordi.
Bemor Rajabov yovvoyilarcha haykirib... «Internatsional» aytdi:

Vstavay, proklyatem zakleymennыy
Ves mir golodnыx i rabov!
Kipit nash razum vozmushenniy,
I v smertniy boy vesti gotov!

Qayd etilgan