Bugun O'zbek futbolida Millatimiz sha'nining yanada yuksalishi yo'lida, o'ta muhim bo'lgan kundir! 2014-yil, iyun oyida Brazilya yashil maydonlarida boshlanajak, futboldagi eng nufuzli musobaqa, Milliy terma jamoalar o'rtasida FIFA tarafidan to'rt yilda bir o'tkaziladigan jahon chempionati uchun, Osiyo bo'yicha 4-saralash bosqichi A guruhi so'ngi tur o'yini, Toshkent vaqti bilan 17:00da O'zbekiston - Qatar uchrashuvi start oladi. Guruhda 7 o'yindan so'ng 11 ochkoni qo'lgan kiritgan vatandoshlarimiz, nisbatan kuchsizroq bo'lgan va J-Chdan umidini uzgan jamoa bilan o'z maydonlarida to'qnash keladi. Guruhning eng kuchli ikki jamoasi J Koreya - Eron bir vaqtda o'yinni boshlaydi. Eron durang yoki g'alabaga erishsa biz judayam katta xisobda g'alaba qozonishimiz kerak bo'ladi. Mezbonlar Eronni mag'lub etsa, har qanday xisobdagi g'alaba bizni azaliy orzuyimizni ro'yobga chiqaradi. Tobora yaqinlashib kelayotgan hayajonli daqiqalardan umidlarimiz juda katta! To'g'ri, biz juda qiyin ahvoldamiz, imkoniyatimiz kamga o'xshamoqda. Ammo na iloj, o'z vatanimiz, o'z yurtimiz jamoasi ekan, orzu qilaveramiz. Ajabmas, bir necha soatlardan so'ng, O'zbek Millati uchun tarixda ko'rilmagan lahzalarni boshdan kechirarmiz! Ha, bizni futbolchilarimiz Ispaniya, yoki hech bo'lmasa Yaponiyadek emas. Biroq ular ham jonlarini berib o'ynashadi. Ular ortlarida turgan 28 milliondan ortiq xalqning qalbidagi xislarini sezib turibdilar. Ancha-muncha futbolga qizmaydigan odamga ham vaziyatni tushuntirsangiz, 17:00da unutmasdan TVni yoqishga oshiqadi. Chunki futbol sport olamidagi eng mashxur va eng keng qamrovli sport turi bo'lib, har qanday inson o'z yurtini g'olib bo'lishini ich-ichidan xohlaydi. Bugun biz yana maqsadimizga yetolmasligimiz mumkin. Shunday bo'lsada, Milliy terma jamoamizga omad tilab qolamiz! 22 yillik mustaqillik tariximizda misli ko'rilmagan voqea bo'lishidan umidvormiz!