Uqba ibn Omir asosan ilm va jihodga katta ahamiyat berardi. Bu yo’lda bor kuch-g’ayratini, molu dunyosini ayamay sarflardi. U ilm sohasida yuksak cho’qqilarni zabt etgandi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ilm chashmalaridan beqiyos bahra olgan, buning barakotidan qori, muhaddis, faqih, faraziy (meros ilmi olimi), adib, shoir va notiq bo’lib yetishgandi. Qolaversa, Qur’oni Karimni eng go’zal tilovat qiluvchi zotlardan edi. Тun qorong’usi kirib, atrof-muhit sukutga cho’mgach, Alloh taoloning kitobi uzra muk tushib, qiroat qilardi. Тevaragiga sahobai kiromlar jamlanib, jon quloqlari bilan oyatlar tilovatini tinglashar, qalblari huzurlanib, ko’zlaridan duv-duv yosh tomardi.
Bir-kuni Umar ibn Хattob Uqbani chaqirib, Allohning kitobidan o’qib berishni so’radi. "Bosh ustiga, ey amirul mo’minin", dedi u va Rob taoloning barchani barobar lol qoldirgan mo’’jizakor kitobidagi oyatlarni mayin ovoz bilan tilovat qila boshladi. Hassos qalb sohibi xalifa Umar oyatlar ta’siridan uzoq vaqt yig’ladi. Azbaroyi ko’z yoshlaridan soqoli ho’l bo’lib ketdi.
Uqba keyingi avlodga o’z qo’li bilan ko’chirgan mushafni meros qoldirgan edi. Bu mushaf yaqin-yaqingacha Ukba ibn Omir nomi bilan ataladigan jome’ada saqlanib kelardi. Uning oxirida "Uqba ibn Omir kitobat etdi" degan yozuv bor edi. Baxtga qarshi biz g’ofillar uni ko’pgina meroslarimiz qatori yo’qotib qo’ydik, qo’ldan boy berdik.
Endi jihod haqida gapiradigan bo’lsak, Uqba ibn Omir Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga Uhud va undan keyingi barcha g’azotlarda ishtirok etdi. Yolg’iz shu xabarning o’zi uning jihod sohasida nechog’lik ulkan nasiba sohibi ekanini tushunib olishga kifoya qiladi. U islom lashkarining eng jasur va qo’rqmas jangchilaridan edi. Damashq fathida mislsiz qahramonliklar ko’rsatgan, buning mukofotiga lashkarboshi Abu Ubayda ibn Jarroh uni Umar ibn Хattobga g’alaba xushxabarini yetkazish uchun Madinaga yuborgandi. Uqba bu jumadan keyingi jumagacha, sakkiz kecha-kunduz tinmay yo’l bosib, xalifaga buyuk fath bashoratini keltirgandi.
Bundan tashqari, Uqba Misr diyorini fath etgan qo’shinning sarkardalaridan biri edi. O’sha xizmatlari uchun amirul mo’minin Muoviya ibn Abu Sufyon uni Misrga voliy etib tayinlagan, uch yildan so’ng O’rtayer dengizi sohilidagi Rudus jazirasiga jihodga jo’natgandi. Uqba ibn Omir Alloh yo’lida jihod qilishni jon-dilidan sevar, shuning uchun jihod haqidagi hadislarni hammasini yod olgandi va bu mavzudagi xabarlarni rivoyat etishda tengi yo’q edi. U kamondan o’q uzish san’atini bekamu ko’st egallagan, mabodo dam olmoqchi bo’lsa, kamon otish bilan hordiq chiqarardi.