O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning kitobi chop etildi
11.03.2009 15:55
"œO‘zbekiston" nashriyot-matbaa ijodiy uyi Prezident Islom Karimovning "œJahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi, O‘zbekiston sharoitida uni bartaraf etishning yo‘llari va choralari" nomli kitobini nashrdan chiqardi. Ma’lumki, 2008 yilda boshlangan, bugungi kunda ko‘lami tobora kengayib va chuqurlashib borayotgan jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozining sabab va oqibatlarini to‘g‘ri baholash hamda shu asosda unga qarshi samarali chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish masalasi dunyo miqyosida eng dolzarb masalaga aylanmoqda. Ammo ko‘pgina xalqaro ekspert va mutaxassislar bu inqirozga baho berar ekan, uning sabablari va yanada avj olishi bilan bog‘liq prognozlarida javoblardan ko‘ra ko‘proq savollarga duch kelishmoqda.
Ushbu asarning mohiyati va ahamiyati shundaki, unda yuqorida zikr etilgan masalalar bo‘yicha har tomonlama asoslangan aniq qarashlar, amaliy xulosalar ilgari suriladi.
Kitob ikki qismdan iborat bo‘lib, birinchi qismi
"œJahon moliyaviy inqirozining O‘zbekiston iqtisodiyotiga ta’siri hamda uning oqibatlarini oldini olish va yumshatishga asos bo‘lgan omillar" deb nomlangan. Unda jahon moliyaviy inqirozini keltirib chiqargan sabablar, uning hozirgi paytda dunyo miqyosida qanday keskin ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni tug‘dirayotgani va kelgusida yuz berishi mumkin bo‘lgan oqibatlari har tomonlama chuqur tahlil etilgan.
Muallif jahon moliyaviy inqirozidan imkon qadar tez chiqish, uning oqibatlarini yumshatish ko‘p jihatdan har qaysi davlat doirasida va umuman, dunyo hamjamiyati miqyosida qabul qilinayotgan chora-tadbirlarning qanchalik samaradorligiga, ularning bir-biri bilan uyg‘unligiga bog‘liq ekanini ta’kidlaydi.
Kitobning ikkinchi qismi
"œBank tizimini qo‘llab-quvvatlash, ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik yangilash va diversifikatsiya qilish, innovatsion texnologiyalarni keng joriy etish — O‘zbekiston uchun inqirozni bartaraf etish va jahon bozorida yangi marralarga chiqishning ishonchli yo‘lidir" deb nomlangan. Unda qator dolzarb masalalar, shu jumladan iqtisodiyotimizning jahon xo‘jalik va moliyaviy-iqtisodiy tizimiga integratsiyalashuv jarayoni tobora chuqurlashib borayotganini inobatga olganda, jahon moliyaviy inqirozi, avvalo uning oqibatlari O‘zbekistonga ham salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi haqida fikr yuritiladi.
Lekin, yuzaga kelgan barcha muammo va qiyinchiliklarga qaramay, 2008 yilda iqtisodiyotimizning nafaqat barqaror faoliyat ko‘rsatishiga, balki uning yuqori o‘sish sur’atlarini izchil ta’minlashga erishildi, yaqin istiqbolga belgilangan keng ko‘lamli chora-tadbirlar kompleksi, avvalo Inqirozga qarshi choralar dasturi va uni amalga oshirish mexanizmlari ishlab chiqildi.
Bu dastur jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozining tahdid va xatarlariga munosib qarshi turish, uning iqtisodiyotimizga salbiy ta’sirining oldini olish imkonini berishi, ayni paytda inqirozdan so‘ng O‘zbekiston iqtisodiyotining yanada kuchli, barqaror va mutanosib rivojlangan holda maydonga chiqishi, jahon bozorlarida o‘zimizning mustahkam o‘rnimizni egallash, shuning hisobidan izchil iqtisodiy o‘sishni ta’minlash, xalqimizning hayot darajasi va farovonligini yanada oshirish bo‘yicha oldimizda turgan ustuvor vazifalarni muvaffaqiyatli hal etish uchun ishonchli zamin yaratishi asarda alohida qayd etiladi.
Manba