— Inim, tobingiz qochdimi?
Jahongir o‘rnidan turib, unga salom berdi. Qaddi dol bu qariya ko‘ziga issiq ko‘rindi.
— Aybga buyurmang, inim, halovatingizni buzdim.
«Qimirlamay o‘tirganimga meni o‘lib qolgan degandir», — deb o‘yladi Jahongir. Keyin qariyaga tikilib qaradi.
— Ha, inim, tikilib qoldingiz?
— Otaxon, sizni bir kishiga o‘xshatyapman. Shu madrasada mudarrisimiz bo‘lardilar, mulla Nizomiddin degan?
— Mulla Nizomiddin? — qariya kuldi. Og‘zini yumganda tepadagi bittagina tishi pastki labining ustiga chiqib qoldi.
— Nimaga kulasiz? — dedi Jahongir ajablanib.
— Mulla Nizomiddin yo‘q hozir, Nizom qorovul bor. O‘sha mudarrisingiz menman. Ilgari shu imorat ichkarisida dars berardim, endi tashida qorovulman. Siz bunda tahsil olgan bo‘lsangiz... tanimayroq turibman?
— Ismim Jahongir, qirqbellik Muhammadrizoning farzandlariman. Alg‘ov-dalg‘ov boshlanib, xatmi kutub qilolmay qishlog‘imga qaytgan edim.
— Ha... mulla Jahongirmi? Buni qarang-a, tanimay qolibman, qaysi shamol uchirdi?
— Sovuq yurtlarning shamoli, qamoqdan qaytyapman.
— Yo, alhazar, bu nima deganingiz?! Sizni nimaga qamadilar ekan?
— Taqsirim, buning tarixi uzun. Aytib, sizga yuk qilmay. Tuhmatning to‘riga tushib qolgan ekanman.
— Ollohning o‘zi asrasin tuhmatlardan. Aybga buyurmang, bo‘tam, bu peshonangizdagi yozuv nimasi?
— Qamoqda iblisning yo‘liga yurib yozdiribman. Vatanning xumori tutganda esi og‘ib qolar ekan kishining. O‘shanday lahzadan xotira endi bu. Tikilmang, o‘qiy olmaysiz, arabcha harfni bilmaydigan o‘ris yozgan, chaplashib ketgan.
— Shayton vasvasasidan o‘zi asrasin. Qani, yuring, kulbamizga boraylik. Menga bir kulba qurib berishgan, o‘zimning ko‘zimga saroydek ko‘rinadi. Jonni o‘sha yerda saqlaymiz. Yuring, bo‘tam, yuring.