Ularning ahvoli kulgili bo‘lgani kabi ustuvor qarashlari ham tepsa tebranmasdir.
Bular barchasi o‘zgarishi kerak. Islom dunyosiga sayohat qilgan har bir sayyoh yoshlar o‘rtasida islomni o‘rganishga bo‘lgan muazzam g‘ayratni va o‘sha mamlakatlar rahbariyatiga nisbatan shunday xavotir haqida gapirib berishi mumkin. An'anaviy ulamolar bizga zarur bo‘lgan xushxulqlik va mo‘‘tadillik fazilatlariga ega; biroq dinamizmdan yiroq; radikal guruhlar peshvolari esa o‘zini hammadan ustun qo‘yish, taassub va takfir tuzog‘iga ilingan; ayni paytda aksariyat qayta tiklanish harakati peshvolari, ochig‘ini aytganda, o‘z o‘rniga munosib emas. Ikkalasi ham og‘irkarvon va omonat; islomga mafkuraviy nuqtai nazardan qarashga odatlanib qolgan, ular bugungi dunyo murakkabliklarini tushunmaydi - serg‘ayrat yoshlar esa buni juda yaxshi ko‘rib turibdi.
Shuning uchun birinchi navbatda yigit-qizlarga ham an'anaviy shar'iy ilmlarni, ham bugungi dunyo madaniy va intellektual tilini o‘rgatadigan muassasalar tashkil etilishi lozim. Shunga o‘xshash sa'y-harakatlar o‘tmishda ham bo‘lgan: Bag‘doddagi Nizomiya madrasasi G'azzoliy tufayli mashhur bo‘lib ketgan edi, o‘sha madrasada fiqh bilan bir qatorda yunon an'analari asosidagi falsafiy ilohiyotshunoslik ham o‘qitilar, shuningdek, o‘sha vaqtdagi rahnamolarni raqib mafkuralarning oyog‘ini osmondan qiladigan zarur qurol bilan ta'minlar edi. Bizga yangi mingyillikda mujaddid, mo‘‘tadil, bag‘rikeng, ruhoniy ko‘zqarashga ega, dunyoviy tafakkurni tanqid qilibgina qolmasdan, uni tushunadigan va u bilan bahsga kirisha oladigan daho G'azzoliy kerak. Xususan, bunday shaxs yangi zamonga o‘z hukmini o‘tkazayotgan ma'naviyat, san'at va atrof-muhit masalalarini puxta bilishi darkor.