Kuntug’mish dostoni.
Kuntug’mish dostoni ham ishqiy-qahramonlik dostonlaridan biridir. Dostonning qisqacha mazmuni quyidagicha:
"œDo’rman viloyatining Kuntug’mish degan polvoni bo’lib, uning Oltinoy degan singlisi bor edi.
Zangar degan shahar podshosi Buvraxonning ikkita vaziri bor edi: Shoir vazir va Toir vazir. Kunlardan bir kuni Shoir vazir qizli bo’ladi, ismini Xolbeka deb qo’yadi, Toir vazir o’g’illi bo’lib, ismini Xolmo’min deb qo’yadi. Xolmo’minning onasi o’lib, ikkala farzandni Xolbekaning onasi emizib, katta qiladi, ular emikdosh (ko’kaldosh) bo’lib qoladilar. Xolbeka o’n to’rt yoshdan o’tgandan so’ng uning husnu zeboligini eshitgan podsholar va xonzodalar sovchi qo’yadilar. Xolbeka shart qo’yadi: "œHar kimki meni olaman deb kelsa, nard o’yinini qo’yaman, yutsa tegaman". Hech kim uni yengolmaydi. Podsho Buvraxon ham sovchi yuboradi, Xolbeka o’z gapida turib oladi. Buvraxon a’yonlarining maslahatiga ko’ra, qizning baxtini bog’lab, Xolbeka degan ismni aytishni ta’qiqlab qo’yadi.
Bir kuni Xolbeka tushida Kuntug’mishni, Kuntug’mish Xolbekani ko’rib, bir-birlarini sevib qoladilar. Xolbeka dardini Bahragul degan kaniziga aytadi. Kanizi suratkash olib kelgach, Xolbeka o’z suratini chizdiradi. Sirti tilla bilan qoplangan sandiqqa suratini, bir tola sochini, arzi yozilgan qog’ozni solib, uni qulflab, kalitini sandiqqa bog’lab, daryoga oqizadi. Kuntug’mish qirq yigiti bilan daryoning yoqasida ov qilib yurganda, sandiqni ko’rib qoladi. Yigitlari sandiqning "œtashini", Kuntug’mish ichidagini oladi. Kuntug’mish sandiq ichidagini ko’rib, bir ishqiga yuz ishq qo’shiladi. Xolbekaning ishqida Zangar sari otlanadi. Zangarda Kuntug’mish Xolbekaning nomini aytib baqirib yurganda bir kampirga duch keladi. Bu kampir podshoning o’g’liga katta qizini bergan edi. U qizi Zamongul (Gulzamon) ni Kuntug’mishga ro’para qiladi. Sevgilisining suratini ko’rgan yigit soxta Xolbekani qabul qilmaydi. Zamongul Kuntug’mishni asl Xolbekaning yoniga olib borishga majbur bo’ladi. Kuntug’mish savdogar qiyofasida borib, Xolbekani nard o’yinida yengadi. Xolbeka "œmening shartimni bajo keltirding, men seniki bo’ldim" deya ziyofat qilaveribdi. Podsho Xolbekaga "œHar kun tong vaqtidan kichik choshkaga dovur ko’shkiga chiqsin, yuzidan niqobini olsin, olamni tomosha qilsin" — deb aytgan edi. Xolbeka uch kun ko’shkiga chiqmagach, podsho 200 jallod, 400 mirg’azabiga Xolbekadan xabar olishni buyuradi. Qirq ko’shk ichkima-ichki bo’lib, bir tarafi Xolbekaning ko;shki edi. Podshoning mirg’azablari kelayotganidan xabar topgan Kuntug’mish va Xolbeka o’zlarini ko’shkdan tashlab qochadilar va dastlab kampirnikiga, keyin esa podsho somonxonasiga bekinadilar. Lekin Zamonqulning axmoqligi, podsho miroxo’rining chaquvi natijasida qo’lga tushadilar. Podsho buyurib, bir tuyani so’yib, tulup (so’yilgan jonliqning terisini buzmay shilib olish) qilib, ikkovini zich qilib, xom teriga tiqib, bir asov baytalning dumiga bog’lab, bir cho’l jaziramaga haydab yuboradilar. Olti oy deganda ular otdan uzilib, bir quzg’un bahona balodan qutulib, Mug’oltoqqa kelishadi va birga hayot kechirib, egiz o’g’illi bo’ladilar. Zangarlik bir savdogar Azbarxo’ja non beraman deb, Kuntug’mishni ajdarga qarshi yo’llaydi. Kuntug’mish ajdarni o’ldirgach, ular do’st tutinadilar. Azbarxo’ja do’stining xotini Xolbeka ekanligini bilib, do’stiga xiyonat qilib, uni mast qiladi va kigizga o’rab, ustidan tosh bostirib qo’yadi, Xolbekani Buvraxonga berish uchun bir o’g’lini baliq yutadi, birini bo’ri olib qochadi. Kuntug’mish nima qilarini bilmay yurganda, bir cho’ponga duch kelib, bor kechmishini aytib beradi. Cho’ponlar bo’ridan qutqarib olgan bolaga Gurkiboy, Olim sayyod baliq ichidan topgan bolaga Mohiboy deb nom beribdilar. Azbarxo’ja (Aldarxo’ja) Xolbekani Buvraxonga olib borgach, podsho uni zindonga tashlab, Xolbekani Xolmo’minga beradi. Bolalar esa bir-birini topadilar va taqdir taqozosi bilan Xolmo’minga ishlash uchun yollanadilar. Gurkiboy o’zining Kuntug’mish farzandi ekanligini cho’ponlar qo’shxonasida bilib olgan edi. Buvraxon vafot etgach, davlatqush uch marta kelib Kuntug’mishning boshiga qo’nadi, shuning uchun uni podsho qilib ko’taradilar. Ona va o’g’illar Xolmo’minning uyida topishadilar. Farzandlar onasining gapiga kirib, shahardan chiqib ketadilar. Yo’lda Mohiboy Gurkiboyning gapiga quloq solmay, yilqilarni quvib soladi, amaldorlarni kaltaklagani uchun dorga osishga buyuriladi. Kuntug’mish ham bolalarni tanib, ota-ona va farzandlar topishadilar. Xolmo’minni Zangarga podsho qilib, Kuntug’mish ikki bolasi, qoshida Xolbeka yori bilan, qancha xizmatkor, kanizaklari bilan Do’rman eliga boradi, to’y-tomosha qilib, murod-maqsadiga yetadi.