Qaroqchi deganida, tog’lardagi qaroqchi tushunilmaydi. Islom adabiyotida inson ikki toifaga bo’linadi: birinchisi — suado, saidlar zumrasi, ya’ni, dunyo va oxirat saodatiga erishib, jannatga boruvchilar. Ikkinchisi — ashqiyodir. Shaqiylar, ya’ni Allohning rahmatiga erisholmagan do’zaxiylar zumrasi degani... Shaqiy — jahannamiy, said — jannatiy deganidir. Demak, «Ashqiyo ramazon oyining fayzidan, barakotidan, rahmatidan foydalana olmaganlar. Aslida haqiqiy saodatdan mahrum qolganlar shu toifadir», — demoqdalar Payg’ambarimiz sallallohu alayhi vasallam...
Hozir yo’lda ko’rdim, birov sigaretini olib yoqdi. Eski hammom, eski tos. Sen Ramazonda kunduzlari Alloh hatto halol qilgan narsalariga sabr qilgan eding: yemasding, ichmasding, sen uchun odatiy hol bo’lgan narsalarni bajarmasding. Oqshom esa, nima uchun makruh, ba’zilariga ko’ra harom bo’lgan narsani bajarayapsan? O’zingni tutishing kerak edi! Demak, sen bu ishning ruhini fahmlay olmabsan. Ramazonda taqvo sohibi bo’lishing, nafsingga hokim bo’la olishing, yomonliklarni tark eta oladigan holatga kelishing lozim edi. Bu holga yetib kelmabsan. Ammo, hali ramazon tugagani yo’q, ish nihoyasiga yetganicha yo’q. Yana o’n to’qqiz kun bor, oldimizdagi kunlarda g’ayrat ko’rsatib, Alloh taoloning rahmatini qozonishga harakat qilaylik!
Alloh taolo barchamizni tavfiqi samadoniyasiga mazhar qilsin. Bu go’zal oyning xayru barakotidan foydalanib, Alloh sevgan taqvo ahli, solih bir mo’’min holiga kelishni nasib etsin. Yomon xulqlarimizni tark etib, go’zal axloqlarga erishishni nasib aylasin.