Farg'ona kelini (roman)
(http://www.ziyouz.com/images/books/fargona.jpg) (http://www.ziyouz.com/index.php?option=com_remository&Itemid=57&func=fileinfo&id=46)
Muallif: Jo'rjiy Zaydon
Hajmi: 535 Kb
Fayl tipi: pdf, zip
(http://www.ziyouz.com/components/com_remository/images/download_trans.gif) Saqlab olish (http://www.ziyouz.com/index.php?option=com_remository&Itemid=57&func=fileinfo&id=46)
Online o'qish (http://forum.ziyouz.com/index.php?topic=1686.0)
(http://www.ziyouz.com/rasmlar/books/fargona.jpg)
Arabchadan Shoikrom Shoislomov tarjimasi
JAHON — FARG‘ONA KELINI
221 yil.* Farg‘onaliklar yangi yilni kutishga hozirlik ko‘rmoqda. Hamma uy ko‘tarish, yasatish, hovli tozalash, supurish-sidirish bilan ovora. Ular o‘z tomlari tepasiga tug‘ osib, darvozalar ustiga guldastalar tikishmoqda. Bu ishlardan qutulganlar esa o‘zlariga va bola-chaqalariga ki¬yim-kechak, olti kunlik bayramga yetarli qand-qurs, holva, tansiq yemish xarid etish uchun gala-gala bo‘lib bozorga yo‘l olishardi.
Qaysi hovliga kirmang, hammasida ayollar o‘choq va tandirlarga o‘t qalab, xonaki taom va anvoyi shirinliklar tayyorlash taraddudida. Ular yuvinish uchun suv isitishadi. Uy xodimlari esa xojalarining kichkintoylarini yasantirishadi, ovqat pishirishga yordamlashadi, bayramga atab yopiladigan nonlarning xamirini qorishadi.
Yangi yilning bug‘doyi barakali bo‘lsin degan umidda yangi bug‘doy unidan non yopib, bayram kuni bo‘lishib yeyish taomil bo‘lib qolgan. Bayram kunlari ular yangi aqchalarni ishlatishar, kumush idishlarda bir-birlariga yangi don, tuxum va yangi meva tuhfa etishardi. Bozor rastalari o‘sha kunlarda ertadan-kechgacha ochiq, erkaklar va yosh-yalanglar bilan liq to‘la bo‘ladi. Kishilar bozordan xarid qilgan sovg‘a-salomlarini savatga solgan, tugunchak qilib bog‘lab olgan, yoki ot-eshaklar ustiga yuklagancha yo uylariga — bola-chaqalari oldiga, yoki ibodatxonalardagi majusiy* boshliqlarga olib borishmoqda. Hamma oyog‘i olti, qo‘li yetti bo‘lib, shoshgancha borardi.
Agar siz shahar o‘rtasidagi katta qo‘rg‘onga chiqib, undan Farg‘ona atrofiga qarasangiz, qog‘ozga chizilgan xaritaga yoki rangli suratga o‘xshagan bir manzaraga ko‘zingiz tushadi. Negaki, qo‘rg‘on atrofidagi ikki binoni istisno qilganda, qolgan imoratlarning hammasi kesak devorli, bir-biriga o‘xshash pastqam uylar edi.
O‘sha ikki binoning biri otashxona — majusiylar topinadigan katta bino. U yerda hali ham otashparastlik davom etardi.
Savlati zo‘r bu bino shahardagi boshqa binolarga qiyos qilinsa, gullar o‘rtasidagi baland xurmo daraxtiga o‘xshab ko‘rinardi. Uning tepasidagi shamolda hilpirab turgan yashil bayroqlar toza ipakdan bo‘lib, har birining uzunligi o‘n gazcha kelardi.