Shu mo‘ljalim to‘g‘ri bo‘lib chiqdi, Ammuriyyaga borgan vaqtida Jahon bilan Haylona Bazzdan to‘g‘ri kelib, Bobakka yordam berish to‘g‘risida Rum podshosiga iltimos qilsa deb, Notisga yo‘liqishganini eshitdim. Notis ularni o‘z qasriga tushirgan va iltimoslarini ado etishga va’da bergan ekan. Bazz qo‘ldan ketib, Bobak o‘ldirildi, degan xabar kelgandan keyin Jahon bilan Haylona Armanistondan butunlay umid uzib, Ammuriyyada qolib ketishgan. Katta pop ularning har ikkalasini, xususan, Jahonni juda yaxshi ko‘rgan, ularning o‘z qasridan tashqariga chiqishiga hech yo‘l qo‘ymagan. Jahon seni topishdan umidi uzilgandan keyin, chin ko‘ngildan asirlikka rozi bo‘lgan bo‘lsa kerak. Sening hol-ahvolingni va uchrashuv vaqtlaring yaqin qolganini Jahonga xabar qilib, bir sevintiraman deb ko‘p urindimu, lekin ilojini topa olmadim. Chunki ular musulmonlardan o‘zlarini qattiq ehtiyot qilishadi. Musulmonlarning birontasidan badgumon bo‘lishsa, ularni darrov o‘ldirib, zibatroliklarga qilgandek, quloq-burnini kesishadi.
Jahon bilan Haylona hozir Ammuriyya katta popi Notisning qasrida qamalib yotibdi. Ishim tezda o‘ngidan kelishini kutmasam ham, ularning har ikkisiga xabar yetakzish ustida qo‘limdan kelgancha harakat qilaman.