Xabarlarda har bir osmon bilan boshqasi o‘rtasida besh yuz yillik masofa mavjud, deyilgan. Agar har bir yulduzning hajmi yerdan bir necha baravar katta bo‘lsa, osmonda porlab turgan yulduzlar adadiga nazar sol. So‘ng tepangda g‘ujg‘on o‘ynab turgan yulduzlarning turkumi va bu turkumning aqlga sig‘maydigan darajada cheksiz ekaniga qaragin. Endi sen ularning harakat qilish sur’atiga qara. Holbuki, sen bu sur’atni idrok qilolmaslikdan tashqari his qilishga ham qodir emassan. Lekin shubha qilmaginki, yulduzlar bir lahza ichida o‘zining kengligi qadar yuradi. Chunki vaqt yulduzlarning avvalgi qismining chiqishidan uning tamom bo‘lishiga qarab harakat qiladi. Balki ana shu yulduz yerdan yuz marta katta yoqi undan ko‘proq. Falak bu lahzada yerga o‘xshab yuz marta aylanadi va bu aylanishida uzluksiz davom etadi. Sen esa bundan g‘ofilsan. Jabroil alayhissalom falakning bu harakat sur’atidan qanday qilib o‘tganiga qaragin, Shunda Nabiy alayhissalom unga: «Quyosh zoyil bo‘ldimi?» deganlar. U «Yo‘q»... «ha», degan. Nabiy alayhissalom: «Qanday sen "yo‘q ...ha", deyapsan», deganlar. U: «Yo‘q, deb aytganimdan ha, degunimcha quyosh besh yuz yil yurdi», degan. Quyoshning naqadar ulkanligi va shunga nisbatan harakati qanchalik yengil ekaniga qara. Shundan so‘ng Hakim va Fotir zotning qudratiga nazar sol va qanday qilib quyoshni shu darajada keng va ulkan ekaniga qaramasdan mitti qorachig‘ing bilan ko‘rishga muyassar etdi. Hattoki, yerda o‘tirib, shundoq ko‘z qirini tashlasang ham quyoshni bemalol va to‘liq ko‘ra olasan. Bu ulkan osmon va uning son-sanoqsiz yulduzlariga qarashni bas qil. Bundan ko‘ra sen yo‘qdan bor qilgan Bori’ Zotga va uning qanday yaratganiga nazar sol. So‘ng u Zot bu osmonni ko‘rib turganingdek, hech qanday ustun qo‘ymasdan yoki tepadan biron-bir vositasiz tutib turibdi. Har bir olam bir uydir, osmon esa uning tomi (shifti)dir. Sen juda ajoyibsanki, bir boyning uyiga kirsang, uning bo‘yoq bilan bo‘yalgan, oltin bilan bezatilgan uyini ko‘rib, qancha vaqt ajablanib yurasan. Hattoki bir umr o‘sha boy qurgan uy ta’rifini keltirasan. Sen shundoq ko‘z oldingda turgan bu ulkan uy, uning yeri, tomi, havo qatlami, hayvonot va nabotot dunyosining g‘aroyibligi, naqshlari betakror va ajoyib ekaniga qaraysan-u, bu xususda gapirmaysan va qalbingni unga burmaysan! Sen ta’riflagan oldingi uy bu uyning oldida nima degan gap. O’sha sen maqtagan boyning uyi ham yerning bir qismi-ku! Shunga qaramasdan sen bu ulkan uyga yaxshilab nazar solmaysan. Bu uy paydo bo‘lishi va tartibi bilan alohida ajralib turgan Robbing uyidir. Sen o‘zingni, Robbingni va Robbing uyini unutib, faqat qorin va farjing tashvishi bilan ovorasan. Sen faqat havoyi nafsing va hurmat-e’tiboringni o‘ylab qolgansan. Bundan nariga o‘tmaysan. Qorin to‘yg‘izish — g‘am-tashvishing. Sen bir hayvon yeganidan ko‘proq narsani yeyishga qodir emassan. Bu jihatdan hayvon sendan ustun turadi. Seni tanigan kishilardan o‘nta yoki yuztasi hurmat-e’tiborga loyiqdir. Lekin ko‘plari huzuringda tilyog‘lamalik qilsalar-da, iflos niyatlarini yashiradilar. Agar ular senga nisbatan muhabbatda rostgo‘y bo‘lsalar, na senga va na o‘zlariga biron foyda yo zarar, na o‘lim va na hayotga molik bo‘la olmaydilar. Senga ularning yaqin va qadrdon bo‘lishida ko‘zda tutgan maqsadlari bordir. Sen ana shunga aldanib qolma. Sen shunday g‘urur va kibr bilan mashg‘ulu ovorasanki, osmon va yer mamlakatlari go‘zalligiga qarashga vaqt topmaysan. Mulk va malakut egasi — Malik zotning ulug‘ligiga qarab, huzurlanishdan g‘ofilsan. Sening bu aqling muhtasham va baland qasr solib, xizmatkor va cho‘rilar xizmatida qo‘l qovushtirib turgan, anvoyi va nafis narsalar bilan bezatilgan podshoh qasrlaridek bir qasr devori tagidan in qazib chiqqan chumolida bo‘lishi mumkin. Albatta u chumoli inidan chiqsa va sherigini uchratib qolsa, agar gapirishga qodir bo‘lsa, faqat o‘zining ini, yig‘ib qo‘ygan ozuqasi va uni qay tarzda yig‘ish mumkinligini aytishdan nariga o‘tmasdi. Ammo tepasida turgan ulkan qasr va shu qasrda yashaydigan podshohning holatini u chumoli tasavvur qilishdan butunlay yiroq. Balki u chumolini o‘z nafsi va ozuqasidan boshqa narsa aslo qiziqtirmaydi. Xuddi chumoli oldidan chiqqan qasr, uning yeri, tomi, devorlari va boshqalaridan g‘ofil bo‘lganidek, shuningdek, unda yashaydigan kishilarga qiziqmagandek, sen ham Alloh taoloning uyi va uning tomi — osmonda yashaydigan farishtalaridan g‘ofildirsan. Sen osmonni faqat chumoli uying tomini bilganchalik bilasan. Osmondagi farishtalarni o‘sha chumoli seni va uyingda yashaydigan kishilarni bilganchalik bilasan. Ha, chumoliga seni bilish va sen qurgan muhtasham qasr va shu qasrni yaratgan usta mahoratini bilishga yo‘l bo‘lsin. Ammo senda malokut olamida kezish va uning ajoyibotlarini tanish imkoniyati mavjud-ku.