Tog'ay Murod. Bu dunyoda o'lib bo'lmaydi (roman)  ( 149419 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 13 14 15 16 17 18 19 20 21 22 23 ... 33 B


AbdulAziz  03 Dekabr 2006, 06:13:00

—    Qarang, butun bir xiyobonni yashnatib turibdi. Yaxshidan... bog‘ qoladi, deganlari shu-da?
Botir firqa ko‘zlarini olib qochib kulimsidi. Bosh irg‘ab-bosh irg‘ab kulimsidi.
—    Chin, yaxshidan bog‘ qoladi, chin, — dedi.
—    Shu chinorlarni kim ekib ketgan bo‘lsayam... joyi jannatda bo‘lsin!
Botir firqa oyoqlari uchiga tikildi. Botir firqa xiyol xo‘rsindi. Botir firqa xiyol qizardi.
«Rahmat, rahmat», — dedi ichida.
Shu vaqt, minbarga qayta quruvchi demokratlar ko‘tarildi. Joy-joyini egalladi.
Yig‘ilish Orol dengizini himoya etish haqida bo‘ldi.
Orol himoyachilari birin-birin minbar ko‘tarildi. Alang-jalang nutqlar so‘zladi.
Botir firqa nutqlarni qunt bilan eshitdi. Ung qulog‘ini notiqlarga qaratib eshitdi. Kaftini qulog‘iga yelpana etib eshitdi.
Botir firqa bir narsani fahmlab qoldi: ular nutqini Oroldan boshlab... boshqa gaplarga burdi. Orol nomi butunlay yo‘qoldi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  03 Dekabr 2006, 06:13:47

Yig‘ilish Orol haqida bo‘ldi. Chinorlarda osig‘lik shiorlar Orol haqida bo‘ldi. Minbar betida ilig‘lik alvon chaqiriq Orol haqida bo‘ldi. Nutqlar boshlanishi-da Orol haqida bo‘ldi. Keyin, Orol nomi... tamomila g‘oyib bo‘ldi!
«Bularni dardi Orol emas, — dedi Botir firqa. — Yo‘q, bularni qayg‘usi Orol emas. Bo‘lmasa, nima?»
—    Endi so‘z... Mirzabulloh ibn Usmon o‘g‘li al-Madiyga!
Yig‘ilish ahli chayqaldi. Yig‘ilish ahli; qarsak chaldi.
«Ismi sharifidan... Arabistondan mehmon kelgan chiqadi, — dedi Botir firqa. — Ismi sharifidan... arab shayxlaridan bo‘lsa kerak».
Minbarga darozdan-daroz bir bola chiqib keldi.
Botir firqa keksa ko‘zlariga ishonmadi. Ko‘krak cho‘ntagidan ko‘zoynagini olib taqdi, e’tibor berib qaradi.
Chin, bu o‘sha... Madiev bo‘ldi. O’sha daroz shoir bo‘ldi.
«Tavba, — dedi Botir firqa. — Bular o‘zi nima istaydi? Bu bilan nima demoqchi? O’zlarini namozxon qilib ko‘rsatmoqchimi? O’zlarini shariat peshvolari qilib ko‘rsatmoqchimi?»
—    Bismillohir rahmonir rohiym... — deya so‘z boshladi Madiev.
«Avvalo, gap ismi sharifdami? — dedi Botir firqa. Masalan, men o‘zimni al-kommunist... ibn firqa... deya atasam, shariat peshvosi bo‘lib qolarmidim? Namozxon bo‘lib qolarmidim?»

Qayd etilgan


AbdulAziz  03 Dekabr 2006, 06:14:03

Madiev nutqini Oroldan boshladi. Bir-ikki marta Orol-Orol, dedi. Keyin...
—    Janoblar, aftidan, keksa avlod osonlikcha taslim bo‘lmoqchi emasga o‘xshaydi. Keksa avlod osonlikcha jon bermoqchi emasga o‘xshaydi! — dedi. — Shu sababdan, keksa avlod duch kelgan narsaga yopishmoqda. Ko‘ziga ko‘ringan narsaga tish-tirnog‘i bilan yopishmoqda. Ha, bu tabiiy hol. Cho‘kayotgan odam cho‘pga yopishishi tabiiy hol. Sizga ma’lumki, keksa avlod urush g‘alabasiga yopishib ko‘rdi. Biz g‘alaba qozondik, deb ko‘kraklariga orden-medallar taqdilar. Paradlar o‘tkazdilar. Janoblar, g‘alabani oddiy soldat qo‘lga kiritgan, oddiy soldat! G’alaba qozonganlar Yevropa qabrlarida yotibdi. Ular yigirma million, ha, yigirma million! Keksa avlodning totalitarizm o‘tmishlari, militarizm kechmishlari endi o‘tmaganidek, bu yolg‘on da’volari ham o‘tmaydi! Janoblar, keksa avlod o‘zlari ona-vatanimizni zulmatga aylantirgan totalitarizm rejimiga, ona xalqimizni qulga aylantirgan o‘sha militarizm tuzumiga sizni ham, bizni ham qaytarish uchun yosh avlodning... etagidan tortmoqda, ha, etagidan tortmoqda!
Xalq... ko‘klam yellaridan chayqalmish bug‘doyzor misol... to‘lqinlanib-to‘lqinlanib oldi! Xalq... ko‘kni ko‘tardi!
—    O-o-o! U-u-u! — deya nido etdi.
Botir firqani ko‘ksi qizidi. Ko‘ksi yondi. Ko‘ksi g‘alayon etdi.
—    O’rtoq Rajabov, uyga mehmon kelmoqchi edi,— dedi.
—    Meniyam ishim bor edi, — dedi Rajabov.
—    Unda, ketdik!
Ular odamlarni yorib-yorib yurdi. Katta ko‘chaga chiqib oldi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  03 Dekabr 2006, 06:14:30

48


Botir firqa yelkadan nafas oldi. Yuzlarini ro‘molcha bilan artdi.
Rajabov... og‘iz to‘ldirib-og‘iz to‘ldirib tupurdi. Qaqirib-qaqirib tupurdi. Bosib-bosib burun qoqdi.
—    Bular nima deyapti, o‘rtoq Rajabov?
—    Itim biladimi, nima deyapti!
—    Gapira beradi-da.
—    Shu-da, o‘rtoq Esonov. Minbarga otilib chiqib, laqillayveradi-da.
—    O’z oti o‘zi bilan qayta quruvchi-da.
—    Nima, shulardan boshqa qayta quruvchi yo‘qmi?
—    Bor, mana, siz, biz ham qayta quruvchimiz.
—    Bo‘pti-da, hozir hamma qayta quruvchi.
—    Endi bular lider, ha, lider!
—    Qaysi, o‘shalarmi? Mahmadona, deng, mahmadona.
—    Yo‘q, ular intellektual, o‘rtoq Esonov, ha, ular intellektual.
—    Men bularni yuzida ham, so‘zida ham intellektuallik ko‘rmayapman, o‘rtoq Rajabov.
—    Bor, siz bilan biz yoshlarni bilmaymiz, bor. Yoshlar Nitssheni o‘qigan, Kamyuni o‘kigan, Prustni o‘kigan, Freydni o‘qigan.
—    Siz obkom Rajabovsiz, siz burjua mafkurachilarini namuna qilmang, o‘rtoq Rajabov!

Qayd etilgan


AbdulAziz  03 Dekabr 2006, 06:14:43

—    Baqirmang, o‘rtoq Esonov, baqirmang. Ko‘chadan o‘tgan-ketganlar nima deb o‘ylaydi? Bor, baribir, yoshlarda bor.
—    Baqirsam-baqirmasam? Nima bor, nima bor?
—    Intellektuallik bor. Intellektuallik donolik deb o‘ylaysizmi? Kechirib qo‘yasiz. Intellektuallar xalq hisobiga yashovchi betayin bir toifa bo‘ladi. Intellektuallar xalq qalbida nima dard bor, hech qachon anglab yetmaydi. Shu sabab, intellektuallar xalqdan oyog‘i uzilib qolgan zotlar bo‘ladi. Intellektuallar kitobga qarab o‘ylaydi, kitobga qarab fikrlaydi. Intellektuallar kitob sahifalarida yashaydi, kitobiy yashaydi. Shu sabab, kitoblardan og‘zini to‘ldirib tsitatalar keltiradi, tarihdan saboqlar o‘qiydi. Ammo... ko‘chat ekib, daraxt o‘stirolmaydi. Loy qorib, imorat qurolmaydi. Go‘ng sepib, yerni to‘ydirolmaydi. Sababi, intellektuallarda hayotiy aql bo‘lmaydi! Kitob boshqa, hayot boshqaligini tasavvur ham etolmaydi. Oqibat, hayot haqida qog‘ozday quruq o‘ylaydi, qog‘ozday jonsiz o‘ylaydi. O’ylari hayotdan juda-juda olis bo‘ladi. Lekin intellektuallar o‘zlarini nihoyatda akdli deb biladi, nihoyatda zamonaviy deb biladi. Shu sabab, o‘zlarini hamisha men haq, deb biladi. Aslida esa, intellektuallar jisman ham, ruhan ham zaif zotlar bo‘ladi. Masalan, intellektuallar izg‘irin shamol nimaligini yaxshi biladi, ammo ana shu shamolga bardosh berish qo‘lidan kelmaydi. Intellektuallar o‘z maqsadlari yo‘lida hech balodan tap tortmaydi. Marazlik bilan bo‘lsa ham — ko‘zlagan martaba-mansablarini egallaydi. Ablahlik bilan bo‘lsa ham — o‘ylagan shon-shuhratlariga erishadi. Keyin... Vatani yonib ketmaydimi — intellektuallar televizorga qarab o‘tiraveradi. Xalqi o‘lib ketmaydimi — intellektuallar gazeta-jurnal o‘qib o‘tiraveradi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  03 Dekabr 2006, 06:14:55

— O’zi, bular namuncha baqirib-chaqiradi? Namuncha shataloq otib yuguradi? Namuncha pitir-pitir etadi? Bitta shularmikin desam, butun SSSR xalqlari shunday bo‘lib qoldi. Qafasda yashayotgan kaptarni qo‘yib yuborsa nima bo‘ladi? Kaptar pat-pat etib, ozodlikka otilib chiqadi. Dastlab, qayoqqa uchishini bilmaydi. Yerga qo‘nishiniyam bilmaydi, ko‘kka uchishiniyam bilmaydi. Oqibat, boshi oqqan tarafga qarab uchadi. Shamol esgan yoqqa qarab uchadi. Poyintar-soyintar uchadi, pala-partish uchadi. Qayoqqa uchayotganini o‘ziyam bilmaydi. Taqdiri endi nima bo‘lishiniyam bilmaydi. Ozodlikka qanday erishdi? Ozodlikni xudo berdimi yo o‘z xo‘jayini berdimi? Buniyam bilmaydi! Ozod bo‘ldim, deya patira-putur uchaveradi. Shunday o‘chib ketaversa — bir baloga duchor bo‘lishiniyam bilmaydi. SSSR xalqlari ana shu... kaptar holiga tushib qoldi! Sovet xalqlari hali... ozod yashash nima ekanini bilmaydi! Sovet xalqlari hali... hur-erkin parvoz etish nima ekanini bilmaydi. Nega shunday? Sovet xalqlari shu vaqtgacha kommunistik partiya qanotlari ostida yashab o‘rgangan. Kommunistik partiya nimani ixtiyor etsa — ana shuni bajarib yashab kelgan. Kommunistik partiya nimani bersa — ana shuni yeb yashab kelgan. Sovet xalqlari o‘zlaricha... mustaqil bir qadam bosib yashab ko‘rmagan!
—    Siz, sovet xalqlarini qafasdan qutulib chiqqan... kaptarga o‘xshatyapsiz-da? Yo‘q, kaptar beozor bo‘ladi. Kaptar ezgu niyatli bo‘ladi.

Qayd etilgan


AbdulAziz  03 Dekabr 2006, 06:15:07

—    Unda, kimga o‘xshat, deysiz?
—    Bular.. Burjua mafkurachilari SSSRni xalqlar turmasi, deydi-ku? Endi, ana shu gapdan kelib chiqamiz-da? Bular... Turmadan ozod bo‘lib chiqqan... mahbuslarga o‘xshaydi! Bular turmadan xalos bo‘lgan mahbus kabi xavf-xatarli. Boisi — mahbus turmada xohish-irodasiz yashagan. Orzu-umidsiz yashagan. Uy-xayolsiz yashagan. Tashabbus-ilhomsiz yashagan. Chin, u, to‘g‘ri, mahbus bo‘lgan. Ammo partiya uni tekin davolagan. Chin, u mahbus bo‘lgan. Ammo partiya bir so‘m puli bilan... bir kun yashagan! U favqulodda ozodlikka chiqib qarasa... tevarakda oldingiday nazoratchi yo‘q, taqiqlovchi yo‘q! Demak, ko‘ngilga kelganini qilsa bo‘ladi! Qayta qurishchasiga aytsak... ozodlik, demokratiya! U shu vaqtgacha faqat... plan bajarar edi, sotsialistik majburiyat bajarar edi. U... yashash nimaligini bilmas edi! Yashash qanaqa bo‘ladi — bu haqda o‘ylab ko‘rmas edi. Aniqrog‘i... u yashamas edi! U... qimirlab yurar edi! Hol so‘rasalar... qimirlab turibmiz, deb qo‘yar edi. Chin-chin, u oylik maoshini qo‘l qo‘yib olish uchun... qimirlab turar edi! Ana shu mahbuslar... qayta quruvchi bo‘ldi! O’zi xon, o‘zi bek bo‘ldi!

Qayd etilgan


AbdulAziz  03 Dekabr 2006, 06:15:20

49


Rajabov oldinda yurdi, Esonov keyinda yurdi. Yurdi-yurdi — yo‘l cheti skameykadan joy oldi. Yo‘lovchi mashinalarni kuzatib o‘tirdi.
—    Qalaysiz endi, o‘rtoq Esonov?
—    Bir navi, o‘rtoq Rajabov, bir navi.
—    Qayta quruvchilar ozodlik, ozodlik, deydi. Ozodlik — to‘rt tarafing qibla, og‘zingga kelganini gapir, degani emas-ku? Ozodlik — baqirib-chaqirib mansab egalla, shon-shuhratga erish, degani emas-ku? Yo ozod bo‘lish... it bo‘lib hurishmi? Ozod bo‘lish... ko‘rin-gan odamni etagiga kuchuk bo‘lib yopishishmi?
—    Chin, o‘rtoq Rajabov, chin. Ozodlik — namoyish o‘tkazish emas, majlis qilish emas. Televizorda mahmadonachilik qilish emas, gazeta-jurnallarda yaltiroq so‘zlar aytish emas.
—    To‘g‘ri, ozodlikni quylash kerak, ko‘klarga ko‘tarib kuylash kerak. Lekin ozodlikni quylash uchun... el-yurt uzra ozodlikni o‘rnatish kerak! Bunday kunlarga yetish uchun... bir o‘lib... bir tiriladi! O’rtoq Esonov, biz uchun ozodlik — taqdir in’omi bo‘ldi! Biz uchun ozodlik — baxt qushi bo‘ldi!

Qayd etilgan


AbdulAziz  03 Dekabr 2006, 06:15:32

—    Ozodlik uchun... og‘izni yumish kerak, quloqni bekitish kerak, qadamni tiyish kerak! Ozodlik uchun... shon-shuhrat talashmaslik kerak, mansab-amal talashmaslik kerak!
—    Afsuski, aynan ana shundaylar davraga otilib chiqadi. Ko‘kragiga urib... o‘zini xalqparvar ko‘rsatadi, o‘zini vatanparvar ko‘rsatadi! O’zini botir ko‘rsatadi! Ana shundaylar oldinda bayroq ko‘tarib yuradi, shior ko‘tarib yuradi. Nutq so‘zlab yuradi, baqirib-chaqirib yuradi. Aslida esa... teskarisi bo‘ladi! Shu sabab, azal-azaldan dunyo bir kam dunyo bo‘lib keladi. Shu sabab, azal-azaldan xalq boshiga endi oftob chiqqanda... xalqni burni qonaydi!
—    Ozodlik demak — o‘z olamini o‘zi topib olish demak. O’z yo‘lini o‘zi topib olish demak. O’zligini topib olish demak.
—    Ming afsuslar bo‘lsin, biz hali... ozodlikka tayyor emas edik! Ongimiz... ozodlikka tayyor emas edi! Aqlimiz... ozodlikka tayyor emas edi! Ozodlik-ozodlik, so‘zlarini bilar edik. Ammo mazqur so‘zlarni mazmuni nima ekanini bilmas edik! Chunki mazkur so‘z bag‘rida... bir kun bo‘lsa-da... ha-ha, bir kun bo‘lsa-da... yashab ko‘rmagan edik! Mana, Yaratganni o‘zi bizni mazkur so‘z bag‘riga topshirdi. Biz mazkur so‘z bag‘rida... chaqaloq bo‘lib yotibmiz! Biz hali otamiz kim, bilmaymiz, onamiz kim, bilmaymiz. Eng fojiali joy... do‘st-dushmanimiz kim — bilmaymiz!

Qayd etilgan


AbdulAziz  03 Dekabr 2006, 06:15:43

—    O’zi, yaxshilab o‘ylab qaralsa, siz aytgan ozodlik... tengsizlik, demak. Shunday, ozodlik, tengsizlik demak.
Ko‘rasiz, boy boyga, kambag‘al kambag‘alga ajralib qoladi.
Kim boy, kim kambag‘al — ko‘rinib qoladi. Masalan, magazinga kirasiz — kimmatbaho kiyim turadi. Boy bo‘lsangiz, ana shu qimmat kiyimni olib kiyasiz. Oshxonaga kirasiz — qimmat taomlar qatorlashib turadi. Boy bo‘lsangiz, ana shu qimmat taomni olib yeysiz. Aytaylik, boy bo‘lsangiz — samolyotda yurasiz. Kambag‘al bo‘lsangiz — liqir-liqir poezdda yurasiz. Ana sizga ozodlik, mana sizga ozodlik! Oldinlari... tenglik edi, xalq magazindan xohlagan kiyimini olib kiyar edi. Xalq oshxonadan ishtahasi tortgan taomini olib yer edi. Xalqdan har biri samolyotda ucha olar edi!
Sovet hukumati davlat boshiga kelib qoliboq... yerni xalqqa bo‘lib berdi. Xalq uchun shahar-qishloqlarda yoppasiga uy-joy qurib berdi, boshpanohsiz xalq birdan uy-joyli bo‘ldi. O’zi qurib bergan uy-joy uchun xalqdan pul olmadi! Bundan ortiq yana qanaqa hukumat bo‘lsin? Men uni oliydan-oliy karomati — bepul uy-joy deb bilaman! Ezgudan-ezgu merosi —- tekin uy-joy deb bilaman!
—    Chin aytasiz, o‘rtoq Rajabov, chin aytasiz.

Qayd etilgan