Shunga qaramasdan, o‘tgan (19-) asrda ro‘y bergan ijtimoiy bo‘ronlar paytida avtoritar ta'limotdan voz kechishni yoqlagan ko‘plab ulamolar paydo bo‘ldi. Ushbu mujodalaning eng mashhur namoyandalari Muhammad Abduh va uning shogirdi Muhammad Rashid Rido edi[553]. Ular G'arbning g‘alabasidan shoshib qolib, musulmonlarni "taqlid kishanlari"ni itqitib tashlashga va to‘rtta mazhab hokimiyatini rad etishga undar edi. Bugungi kunda ba'zi bir arab mamlakatlari poytaxtlarida, xususan, mahalliy ortodoksal ta'limot an'anasi zaiflashib qolgan joylarda, yosh arablarning hadislar to‘plamini qo‘lga kiritib, ular bilan uylarini to‘ldirayotganini hamda keng qamrovli va murakkab adabiyotlarni go‘yo Imom Shofiiy, Imom Ahmad va boshqa buyuk imomlardan ko‘ra kamroq buzishni ko‘zlab, puxta o‘rganayotganini ko‘rish mumkin. Bunday mas'uliyatsizlarcha yondashuv, garchi keng tarqalmagan bo‘lsa-da, o‘zaro keskin tafovutli fikrlarga yo‘l ochib berishi muqarrar. Ayni hol islom harakatining birligi, samaradorligi va unga bo‘lgan ishonchga putur yetkazgan, ming yil oldin buyuk imomlar hal etib ketgan masalalar yuzasidan keskin bahslar qo‘zg‘agan edi. Hozirgi paytda faollarning masjidlarni kezib yurgani, boshqa namozxonlarni, garchi ular fiqhning yetakchi imomlari hukmlariga amal qilayotgan bo‘lsa-da, e'tiqodida qusur borday tanqid qilayotgani oddiy holga aylanib qoldi. Bunday bema'nilik keltirib chiqarayotgan ko‘ngilsiz va surbetlarcha muhit savodi unchalik yaxshi bo‘lmagan ko‘plab musulmonlarning masjidga butunlay kelmay qo‘yishiga sabab bo‘lmoqda. Hech kim dastlabki ulamolarning, musulmonlar sunnatning bir-biridan farq qiluvchi talqinlariga toqat qilishi kerak, chunki bunday talqinni mo‘‘tabar ulamolar qilgan, degan qarashini esga olmaydi. Sufyon az-Zavriy aytganiday: "Mabodo, siz biror kishining ulamolar o‘rtasida tortishishga sabab bo‘lgan ishni qilayotganini ko‘rsangiz va buni taqiqlangan deb o‘ylasangiz, o‘sha kishiga o‘sha ishini qilishni taqiqlashingiz durust emas"[554]. Bunday siyosatga teskari bo‘lgan yo‘l, albatta, musulmon jamoasini o‘z ichidan zaharlaydigan parokandalik va adovatga olib keladi[555].