2. Keltirilgan parchaning keyingi qismida barcha inson gadomi u, shohmi u, bundan qat’iy nazar, o’sha davr taomiliga ko’ra, «talab yo’lini topish maqsadida «murshidi komil»ni axtaradi va uni topgach, o’zini unga topshiradi» mazmunida so’z boradi. Agar biz yuqorida bayon etganimiz kabi Xoja Ubaydullohning «murshidi komil»ni topish uchun izlanganini xotirga keltirsak unda bu gaplar tushunarli bo’ladi.
Navoiy aytmoqchiki, Men ham ko’p qatori talab yo’lida murshidi komilni izladim va uni topdim, endi esa men uning oldiga yo’l olaman. Demak, yo’l uzoq agar bu yo’lda «umrum talaf» bo’lsa, bu mening uchun sharafdir. Va agar maqsadimga erishsam, bu mening uchun abadiyat mulki va katta baxt bo’lajak.
Ko’rinadiki, Navoiy o’zi istagan murshidi komilni topdim va endi uning huzuriga boraman Demoqda. Bu murshidi komil kim va Navoiy uni qanday topdi?
Ma’lumki, XV asrning 60-yillarida Xuroson va Mavorounnahrda naqshbandiya tariqatining murshidi komili sifatida tanilgan va Navoiy iborasi bilan aytganda, «gado va muluk» — gadolar va podshohlar tomonidan e’tirof etilgan bu zot Xoja Ubaydulloh — Xoja Ahrori Vali edi. Xoja Ubaydullohning fuqaro g’amxo’ri, shohu gadoning pushti panohi ekanligi, nashqbandiya tariqati sohasida rahnamo ekanligi yoshu qariga ma’lum edi, Xoja Ahror 1460 yili Hirotga borganida esa, qayd qilinganidek, ko’plar qatori Abdurahmon Jomiy ham uning bilan muloqotda bo’lib, uning qo’lini olgan - uni o’ziga pir deb qabul qilgandi. Shundan so’ng esa, Alisher Navoiy Abdurahmon Jomiy bilan yaqinlashib, uning nazdida ko’pgina asarlarni, jumladan, Xoja Ubaydullohning «Volidiya» asarlarini mutolaa qilib, undan juda katta taassurot olgan ediki, biz Navoiyning bu haqdagi e’tiroflarini yuqorida Keltirgan edik. Demak, bir tomondan, Abdurahmon Jomiyning Xoja Ubaydulloh haqidagi hikoyalari, ikkinchi tomonda Navoiyning uning asarlari bilan tanisha borishi ulug’ o’zbek shoiridagi murshidi komilni topish haqidagi niyatni mustahkamlab borib sirtdan bo’lsa ham uni — murshidi komilni topadi. Bu — Xoja Ubaydulloh edi. Endigi navbat uning suhbatida bo’lish edi. Buning uchun esa Samarqandga safar qilmoq lozim edi. Ana shu niyatni amalga oshirish kutilmaganda yuzaga keldi. Bu esa uning Hirotdan ixroj qilinishi edi. Ehtimolki, bu niyatning amalga oshuviga sabab bo’lgan omillardan biri yana quyidagi voqea ham bo’lsa kerak. 1465 yilda Abdurahmon Jomiy Xoja Ubaydulloh huzuriga kelgan edi. Navoiyning Hirotdan ixroj qilinishi vaqti Abdurahmon Jomiyning Samarqandga otlangan vaqtiga to’g’ri kelib qolgan bo’lsa, Navoiy bundan foydalanib, Jomiy bilan birga Samarqandni ixtiyor qilmadimikan? Bu mulohazalar haqiqatga yaqindek tuyuladi. Shunday bo’lsa-da, uni tasdiqlovchi qo’shimcha materiallar qo’lga kirsa, masala yanada aniqroq bo’ladi...