ChAQIMChILIK - GAP TAShISh
Chaqimchilik, gap tashish hech kim xush ko‘rmaydigan, ayb Hisoblanadigan bir xususiyatdir. Alloh buyuradi:
-
... g‘iybatchi-yu, gap tashuvchi, yaxshilikni man qilguvchi — baxil, tajovuzkor, gunohga botgan, qo‘pol va bulardan tashqari benasab-haromi kimsaga itoat etmang. (Qalam surasi, 11 -13-oyatlar)
-
Barcha bo‘htonchi-g‘iybatchiga halokat bo‘lg‘ay (Humaza surasi, 1-oyat)
-
...xotini alangali do‘zaxga kirajak! (Masad surasi, 4-5-oyatlar)
Tarix kitoblarida aytilishicha, Abu Lahab Payg‘ambarimiz(s.a.v.)ning amakisi bo‘liig‘iga qaramay, Rasululloh (s.a.v.)ga aziyat berish uchun ko‘p harakat qilgan, uning xotini esa, odamlar o‘rtasida gap tarqatib, ularni Muhammad alayhissalomga qarshi gijgijlagan.
-
Alloh kofir bo‘lgan kimsalar haqida Nuhning ayoli va Lutning ayolini misol keltirdi. U ikkisi Bizning bandala-rimizdan ikki solih banda qo‘l ostida edilar. Bas, ular xiyonat qilgan edilar, (Nuh va Lut) Alloh(ning azobi)dan biron narsani u ikkisidan daf’ qila olmadilar. Va (ularga) «Kirguvchilar bilan birga do‘zaxga kiringlar!» deyildi. (Tahrim surasi, 10-oyat)
Aytishlaricha:
— Nuh alayhissalomning xotini qavmiga: «Nuh jinni!» deb gap tarqatardi. Lut alayhissalomning xotini esa, uyiga kelgan mehmonlar va o‘rtadagi gap-so‘zlar to‘g‘risida qavmiga xabar berardi.
Payg‘ambarimiz — Allohning salomi ustlariga yog‘ilsin - bildirdilar:
— Gap tashuvchi jannatga kirolmaydi.
Abu Hurayra rivoyat qiladi: Rasululloh (s.a.v.) aytdilarki:
- Orangizdagi axloqi eng yaxshi kishilarni, oilasiga nisbatan o‘z vazifasini o‘rinlatib ado qiluvchilarni, ulfat orttirgan va o‘zi ham ko‘pchilikka ulfat bo‘la olgan kishilarni Alloh yaxshi ko‘radi. Undan bunga gap tashuvchi, odamlar orasini buzuvchi va to‘g‘ri kishilarning aybini qidiruvchi kimsalarni esa, Alloh yaxshi ko‘rmaydi.
Yana bir kuni Rasululloh (s.a.v.) odamlardan so‘radilar:
- Sizlarga eng yaramas kishilarni aytaymi? Sahoba dedi:
- Ha, ayting!
Rasuli akram (s.a.v.) dedilar:
- Undan bunga gap tashish uchun yo‘l bosganlar, ora buzuvchilik qilganlar va to‘g‘ri kishilarning ayblarini kavlashtirganlar.
Abu Zar rivoyat qiladi:
Alloh Rasuli (s.a.v.) bildirdilar:
- Kim bir musulmonni yomon otliq qilish maqsadi bilan unga qarshi nohaq gap tarqatsa, Alloh shu qilig‘iga yarasha qiyomat kuni uni do‘zaxga ottiradi.