— Yana jinnilar haqidami, kerakmas.
— Siz eshiting, bu yangisi. Xullas, bir jinnixonada jinnilar tuzaladimi yo yo‘qmi, bilmoqchi bo‘lishibdi. Jinnilarni samolyotga joylab osmonga uchirishibdi-da, qo‘llariga bo‘sh shishalar tutqazishibdi. Bir mahal qarashsa, salonda bir kishi o‘tirganmish. Boshqalar qani, deb so‘rashsa, shisha topshirgani ketishdi, debdi. Sen-chi, deb so‘rashsa: «Nima, men jinnimanmi, bugun dushanba, magazin ishlamaydi», dermish.
Hamshira kulib, yuzini chetga burdi.
— Agar meni olib chiqishsa, shartta tashlab yuborar edim, — dedi Anvar.
— Qo‘ying-e, — dedi hamshira. Nazarida Anvar chindan ham osmondan o‘zini tashlab yuboradiganday tuyulib cho‘chib tushdi. — Kirib bir oz damingizni oling.
Anvar unga ma’yus tikildi. U belgilangan dorilarni ichmaslik, emlatmaslik uchun hamshiralarning ko‘nglini ko‘tarishga, kuldirishga harakat qilar edi. Keyin esa o‘zining masxarabozligidan g‘ijinib, ranjirdi. Hozir ham shunday bo‘ldi. Hamshirani kuldirdi-yu, o‘zi ezildi. Endi ortiqcha gapga hojat yo‘qligini anglab, xastalar yotog‘iga qarab yurdi. «Agar osmonga olib chiqishsa, o‘zimni tashlardim, xudo haqqi, tashlardim. Bu yerdan qutulishning boshqa chorasi yo‘q», deb o‘yladi.