Tohir Malik. Shaytanat (birinchi kitob)  ( 371231 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 18 19 20 21 22 23 24 25 26 27 28 ... 51 B


AbdurRohman  17 Oktyabr 2007, 17:59:42

— Men nima qilay, nochorman-ku? — dedi Anvar.
— Nochorsan, bilaman. Sen mening yonimga kelasan. Ungacha bir ish qilasan: katta tog‘angning chordog‘ida, eski-tuskilar orasida ko‘hna kitoblar, qog‘ozlar ham bor. Qog‘ozlar — mening qo‘lyozmalarim. Bobong ham, buving ham ularni saqlashgan. Kitoblar orasida o‘rus askarlarining Toshkentdagi janglari tasvirlangan asar bor. Jamoliddin ularni nashr etishga qo‘rqqan. Uni sen xalqqa yetkaz. Men senga oq fotiha beraman. Ishlaring o‘ngidan keladi. Mana bu kitobni ol, senga yo‘ldosh bo‘lsin.
   Zunnuniy o‘qib o‘tirgan katta kitobni Anvarga uzatdi. Kitob Anvarning qo‘liga o‘tishi bilan bir yorug‘lik taratdiyu kichrayib, kaftday bo‘lib qoldi. Shunda Anvar yana yoqimli ovozni eshitdi:
— Biz seni xoli qo‘yamiz. Biz bilan uchrashishni xohlab qolsang — ko‘rishamiz.
Anvar gapga og‘iz juftlashga ham ulgurmadi.
— Jonim bolam, jon bolam, meni qo‘rqitmagin, Anvarjon.
   Anvar onasining ovozi qaerdan kelganini daf’atan anglamadi. Hushi o‘ziga kelgach, yuzlarini silayotgan onasini ko‘rdi-yu avvaliga ajablandi. Yonida turgan Xonzodani ko‘rib, nima voqea yuz berganini tushundi.
— Oyijon, qo‘rqmang, xayolga berilibman, — dedi vaziyatni yumshatish uchun.
— Voy, bolam-ey, xayoling ham bor bo‘lsin-a, kimlar bilan gaplashding? — dedi Risolat kampir, o‘g‘lini quchog‘idan bo‘shatmay.

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Oktyabr 2007, 18:02:13

— Nima dedim?
— Gaplaringga tushunib bo‘lmaydi, bir narsalar deb g‘o‘ldirading-a, bolam. Seni bir o‘qib yuborish kerak. Insu jinslar tinchlik bermayotganga o‘xshaydi.
— Oyi, o‘tirib olinglar, — dedi Xonzoda, siniq ovoz bilan.
Ona-bola divanga yonma-yon o‘tirishdi. Risolat kampir, o‘g‘lining yuzini silab, yelkalarini uqalagan bo‘ldi.
— Oyi, Shoakbar Zunnuniy degan odamni eshitganmisiz? — deb so‘radi Anvar, onasining qo‘llarini ushlab.
— Zunnuniymi? Adam rahmatlining shunaqa o‘rtoqlari bo‘lgan ekan. O‘lib ketgan bo‘lsa ham adam rahmatlining boshlariga balo yog‘dirdi. Xalq dushmani bo‘lgan ekan-da, boyaqish.
— Buvim Zunnuniyni gapirarmidilar?
— Ha, endi gapirgan bo‘lsalar gapirgandirlar, esimda turibdi, deysanmi?
— Buvimning birinchi erlari Zunnuniymidi?
— Voy, xudoyim, san buni qayoqdanam bila qolding? Sanga aytuvdimmi?
Anvar ko‘rgan-eshitganlarini aytsa onasining esi og‘ib qolishi mumkinligini bilib, «bolaligimda aytuvdingiz, shu esimga tushib qoldi», dedi. Risolat kampir o‘g‘lining kosasidan chiqquday bo‘lib katta-katta ochilib turgan ko‘zlarini ko‘rmaydi. Ammo Anvarning badanida so‘nib ulgurmagan yengil titroqdan ahvolini yaxshi bilib o‘tirardi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Oktyabr 2007, 18:02:48

   Xonzoda esa erining ko‘zlaridan nigohini uzmay qo‘rquvdan titraydi, xayolida bir fikr charx uradi — «hali yaxshi tuzalmagan ekanlar».
— Oyi, buvamni qamab, qaysi tomonga olib ketishgan?
— Aytganman-ku, Tuman degan joyga. Oftobning ko‘rinishidan ko‘rinmasligi ko‘p, Xudoning qarg‘ishi tekkan joylar ekan.
— Ha... Tyumenmi?.. Xat yozarmidilar, xatlari bormi?
— Bor.
— Nima uchun menga ko‘rsatmagansiz?
— Senga kerakmidi? Man qayoqdan bilay, o‘zing so‘ramagan bo‘lsang...
— Oyi, damingizni oling. Menam ozgina uxlay.
— Ha, shunaqa qilgin, bolajonim. Xonzodaxon, bolam, siz Robiyaxonga aytib qo‘ying, Sobitxon manga bir ko‘rinish bersin.
— Oyi, kerakmas, — dedi Anvar, onasining muddaosini fahmlab.
— San jimgina o‘tiravur. Mani ishimga aralashma. Nima qilishni o‘zim bilaman. O‘jarlik qilmay, nafasi o‘tkir domlaga o‘qitvorganimda shuncha vaqt bannisada yotmasiding. Shu zamonning do‘xtirlariga ishonib bo‘larkanmi, hammasi poraga o‘qigan. Qarab tur, otday bo‘lib ketmasang, nima desang de.
   Risolat kampir o‘rnidan turdi-da, o‘ng qo‘lini oldinga cho‘zib eshik tomon yurdi.
Xonzoda qaynonasini kuzatib kelganida Anvar joyidan jilmay o‘tirgan edi. Xonzoda erining yonidan joy olib, yelkasidan asta quchdi.
— Qo‘rqib ketdingizmi? — dedi Anvar. Xonzoda javob bermay yelkasiga yuzini qo‘ydi. — Qo‘rqmang, bu kasallik emas. Men ham avvaliga ruhim shikastlanibdi, deb qo‘rquvdim. Nima bo‘lganini bildingizmi?
— Deraza oldida qotib turaverdingiz. Chaqirsam ham eshitmadingiz. Keyin... qo‘rqib... oyimni chaqirib keldim. Oyim kelganlarida qo‘lingizdan olov chiqib ketganday bo‘ldi. Yaxshiyam oyim ko‘rmadilar. Bo‘lmasa yuraklari yorilib ketardi.
Anvar xotinini quchib, erkalagan bo‘ldi:
— Siz sira qo‘rqmang. Men jinni emasman. Nima bo‘lganini sizga keyin aytaman. Hozir aytganim bilan, ishonmaysiz. Tong otsa tog‘amnikiga borib kelaman. Agar rost bo‘lsa...
— Nimani aytyapsiz?
— Keyin...

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Oktyabr 2007, 18:05:53

X  b o b

1

   Asabdek bir tush ko‘rdi: o‘zi mozorda turgan emish. O‘rkach-o‘rkach qabrlar oq tuyalarga aylanib, karvon bo‘lib tizilib ketayotganmish. Oq tuyalar ko‘zida yosh bor emish, tuyalar qabristonni tark etgach, bo‘ron turganmish. Quyun do‘mpayib turgan qabrlarni xuddi qozon qopqog‘iday ochib, murdalarni sug‘urib olib, qiyomatni boshlab yuborganmish. Murdalar to‘zigan xazon singari Asadbek atrofida charx urarmish...
— Adasi... Adasi...
Shu yerga kelganda Manzura uni yelkasidan asta silkib uyg‘otdi.
— Voy, yomon tush ko‘rdingiz-a, astag‘firulloh deng.
Asadbek xotinining gapini ikki qilmay, ichida tavba dedi. Manzura uning peshonasidagi terni kafti bilan artdi. Asadbek qo‘rqinchli tushlarni ko‘p ko‘rardi — dam uni bo‘g‘izlashardi, dam osishardi... Ba’zan bosinqirab, dod deb o‘yg‘onardi, dam qo‘rquvdan terlab, tipirchilab qolganida xotini uyg‘otardi. Bugungi tushi, avvalgilariga solishtirilganda, uncha dahshatli emas. Oq tuyalar tizilib ketishdi. Qabriston junbushga keldi... Asadbek ko‘rgan tushini xotiniga aytdi.
— Voy o‘lmasam, — dedi  Manzura, pastki  labini tishlab, — tuyalar chiqib ketishdimi?

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Oktyabr 2007, 18:06:22

— Chiqib ketdi. Ha, yomonmi? — dedi Asadbek soddalik bilan.
Manzura eri uchun ta’birchi bo‘lib qolgan edi. Tush yo‘yish unga ona meros. Farishtaday oq ko‘ngil bu ayolga qo‘shnilar o‘z sirlarini ishonishardi. Manzura kichkinaligida onasi yonida o‘tirib, ko‘p tushlarning ta’birini bilib olgan. Yangi turmush qurgan kezlari, bir kuni Asadbek yarim kechada uyiga qaytsa, chiroq yoniq, eshik ochiq, xotini uy ichida o‘rtaga joynamoz solib ustida mudrab o‘tiribdi. Asadbek «Yarim kechada ham namoz o‘qiydimi», deb hayron bo‘ldi-yu, xotiniga bu  haqda gapirmadi. Bu hol yana uch-to‘rt takrorlangach, so‘radi. Manzura sababini qo‘rqa-pisa aytdi: qimorbozlar xotinlarini ham tikib, yutqizib qo‘yishsayu da’vogar kirganida xotin joynamoz ustida o‘tirgan bo‘lsa tegmas ekanlar... O‘shandan beri Asadbek «uncha-bunchaga aqli yetar ekan», deb irim-sirimga oid masalalarda uni gapga tutib turadigan bo‘ldi. Birinchi marta bosinqirab uyg‘onganida Manzuraning qistovi bilan  ko‘rgan tushini aytdi. «Ilonlar ichida qolgan bo‘lsangiz, boyib ketar ekanmiz», dedi Manzura. Asadbek bu gapga ishonmagan edi. Bir haftadan so‘ng qo‘liga katta  pul tushgach, xotiniga tan berdi. Shu-shu g‘alatiroq tush ko‘rsa, darrov xotiniga ma’lum qiladi.
— Ha, yomonmi? — deb qayta so‘radi Asadbek, xotinining jim qolganidan ajablanib.
— Yomonmas-ku... mozorimizdan avliyolar ketib qolishibdi. Odamlardan iymon ko‘tarilganigamikin...
— He... tentak, shumi topgan gaping. Nima ekan, debman.
   Asadbek shunday deb yonboshiga o‘girildi. Manzura o‘yga tolib, anchagina qimirlamay o‘tirdi. Tong nafasi kelib qolgani uchun qayta yotmay, o‘rnidan turib ketdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Oktyabr 2007, 18:06:45

   Asadbek o‘ziga tegishli gap bo‘lganida, aytaylik, «dushmanlaringiz bosh ko‘tarar ekan, sizdan avliyolar yuz o‘giribdi», deyilganda boshqacha holatga tushardi, yonboshiga o‘girilib yotavermasdi. Avliyolarning mozorni tashlab chiqib ketishlari unga ahamiyatsiz tuyuldi. Hatto ishonmadi ham. Bolaligida ajinalar haqida hikoya eshitib, tunlari ovloq ko‘chalarda, mozor yaqinida yurishga qo‘rqardi. Keyinroq qo‘rquv degan narsa chekindi. Ajinalar ertaklardagi kabi yashirin holda  ish olib borishni bas qilib, odamlar qiyofasiga kirib  kuppa-kunduz kuni ochiq ish yuritishga o‘tgach, tunlar ham osoyishta bo‘lib, ovloqlar ham dahshatli ko‘rinishni yo‘qotdi. Endi kunduzdan, odamlardan qo‘rqqulik edi.
   Asadbek tush ta’biriga ahamiyat bermay yonboshga o‘girilib yotgani bilan uxlolmadi. Xotinidan so‘ng u ham o‘rnidan turib, yuvindi. Asadbek hovlida ko‘ringani zahoti boloxonada ham jonlanish sezildi.
   Manzuraning «Biz bilan choy ichmaysizmi?» degan gapiga qisqagina «ichaveringlar» deb darvozaxona tomon yurdi. Mashinaga yetib ulgurmay tepadan Jamshid tushib, salom berdi.
— Ha, shu yerdamiding? — dedi Asadbek, salomga alik olgach. Jamshid so‘qqabosh bo‘lgani sababli qaerda tunash uning uchun ahamiyatsiz edi. Maishatga bormasa shu boloxonada soqchi yigitlar bilan qolaverar, Asadbek uning bu odatiga ko‘nikkan edi. Jamshidning taqdiri o‘ziga bir oz o‘xshab ketgani uchun Asadbek uni yaxshi ko‘rar, ikki qanotiga qanday suyansa, bunga ham  shunday ishonardi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Oktyabr 2007, 18:07:28

   Jamshid oilada yolg‘iz o‘g‘il bo‘lsa-da, erkalatish, taltaytish nimaligini bilmay o‘sdi. Otasining pul to‘la hamyoni huda-behudaga ochilavermas edi. Jamshid istamasa ham turli to‘garaklarga borishga majbur edi. Hatto skripka chalishni o‘rgatish maqsadida bir cholg‘uchi yil davomida ter to‘kdi. U bechora «bolada qobiliyat yo‘q» deyolmaydi, chunki xizmat haqini olib turibdi.  Jamshidning «o‘rganolmayapman» degan gapiga ota-ona ishonmaydi. Xullas, o‘smirlik ko‘chasiga kirgunicha haykaltaroshlik, radiotexnika singari sohalarda ham qobiliyati sinab ko‘rildi. Maktabni bitirganida hamyon bir kavlandi. O‘rtada turgan odam puldan ko‘proq o‘marib qolib, domlalarga kamroq yetib bordimi, harholda bir imtihonida qoqilib, kechki o‘qishga arang to‘g‘rilashdi. Bola bevosh bo‘lib ketmasin, deb  otasi uni o‘zi ishlaydigan idoraga yugurdak qilib joylashtirdi. Idorada charos ko‘zlari o‘ynab turuvchi bir qiz ham ishlardi. Unga qarab turib chigirtka bir yumalab shu qizga aylanib qolgan yo bu qiz bir yildan beri och o‘tiradi, deb o‘ylash mumkin edi. Kunda o‘zgartiriluvchi sara ko‘ylaklar yog‘och ilgichga ilib qo‘yilganga o‘xshardi. Ana shu ozg‘in badanda bo‘liq ko‘krak qaydan paydo bo‘lgani Yaratganga ham qorong‘u bo‘lsa kerak. Xullas, shu qiz o‘zidan olti yoshgina kichik bo‘lgan, pishiq gavdali, jingalik sochli, istarasi issiq Jamshidni yaxshi ko‘rib qoldi! Ilmoqli gaplar, shirin jilmayishlar... aytaman desak, gap ko‘p. Yaxshisi, voqea bayonini muxtasar etib, debochadan xotimaga o‘tib qo‘ya qolaylik: yigit qizni qattiq sevib qolsa devonavash bo‘lib yuraveradi, yo‘l poylaydi, dunyoni ohlarga to‘ldiradi. Ammo qizning sevgisidan, ayniqsa unda makkorlik o‘ti bo‘lsa, qo‘rqqulik ekan. Bir kuni  idorada ish tugab, hamma tarqagach, qiz «choy ichish» bahonasida Jamshidni olib qoldi. Eshik ichkaridan berkitildi. Lablar birlashdi. Asosiy ishga bir bahya qolganida Jamshidning miyasiga bir narsa urilganday fikri ravshanlashib, o‘zini tortdi. Tashabbusni boshlab bergan qiz sharmandaligini yashirish uchun yig‘ladi, sevgi o‘tida qovurilib ketganini aytib nola qildi. Jamshid ketmoqchi bo‘lganida «o‘zimni o‘ldiraman», dedi. Jamshid bu gaplarga ishonmay «o‘ldirsangiz o‘ldiravering», dediyu, chiqdi-ketdi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Oktyabr 2007, 18:08:01

   Kechasi o‘qishdan qaytsa, uyida milisalar o‘tirishibdi. Qizning zo‘rlanganini, qiz nomusga chidolmay o‘zini uchinchi qavatdan tashlaganini milisalardan  eshitib, «hazillashyapsizlarmi?» dedi. Milisalarning hazillashmasligini bu go‘dak o‘shanda bilmas edi. Qo‘llarini qayirib olib ketdilar, onasi faryod urib qolaverdi.
   O‘rtaga nomus tikilgan edi. Bir tomon to‘rt yil burun poymol bo‘lgan qizlik nomusi, ikkinchi tomon beg‘ubor yigitlik nomusi uchun olishishardi. Qizning homiy opajoni Jamshidning otasidan kuchlilik qildi. Uchinchi qavatdan yo‘g‘on taxtani tashlab yuborsangiz maydalanadi, ammo quruq suyakdan iborat bu qiz o‘zini yerga otibdi-yu, biron yeri sinmabdi-ya, deb ajablanish ortiqcha edi. Qizning suv quvuriga osilib pastroqqa tushib, keyin axlat uyumi ustiga o‘zini otganini kim isbotlab bera olardi? Jamshidning otasi yollagan oqlovchi «yuqoridan davleniya kuchli bo‘votti», deb olgan puliga yarasha ish qilmadi. Xullas, Jamshid besh yilgina sayr qilib keladigan bo‘ldi, qiz esa sharmanda emas, jabr chekkan ma’suma sifatida o‘zini oqlab oldi.
   Jamshidning onasi xasta edi. Tabiblar «tug‘sang— o‘lasan» deyishiga qaramay, turmushga chiqqan, «o‘lsam ham tug‘ib o‘lay», deb ularga quloq osmagan edi. Uning yuragi to‘lg‘oq azobiga chidadi-yu, ammo nomus azobiga chidamadi. Suddan so‘ng Jamshid qo‘liga kishan urilib, derazasiz xunuk mashinaga chiqarilayotganda «Bolam!» deb bir oh urib, hushidan ketganicha o‘ziga kelmadi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Oktyabr 2007, 18:08:31

   Ikki yil konda ishlagach, aybsiz ekani birdaniga ayon bo‘lib qolib uyiga qaytdi. U tuhmat azobidan aziyat chekmas edi. Qamoqda odamlarning gap-so‘zlarini eshitaverib dunyo o‘zi shunaqa ekan, degan xulosaga kelgandi. Jamshid onasining o‘limidan ezilardi. O‘qishni ham, ishni ham tashlab bir yil bekor yurdi.  U otasining bir ish yuzasidan Mahmud Esonov — Chuvrindi bilan tanishib qolganini, Mahmud orqali Asadbekka arz etgani oqibatida «oqlanib» chiqqanini bilmas edi. Buni keyinroq Chuvrindi xizmatiga o‘tganidan keyin bildi. Otasi «o‘g‘limning boshini ikki qilay», deb ko‘p urindi, ammo Jamshid ko‘nmadi. Oxiri otasining o‘zi uylanib, Jamshid to‘la ozodlikka chiqdi.  Uning istagan yerlarda yotib yurishi shundan.
   Jamshid mashinaga chaqqon o‘tirib, motorni o‘t oldirdi. Tepadagi yigitlardan biri darvozani ochdi-da, ko‘chaga chiqib turdi.
— Akalaringga xabar qildingmi? — dedi Asadbek mashinaga o‘tirgach. — Deputatni chaqirishsin.
Jamshid motor qizishini kutmay, mashinani yurgizdi. Ko‘chadagi yigit yonida to‘xtab, oynakni tushirdi-da, Bek akasining topshirig‘ini aytdi.
   Asadbek shahar markazidagi qarorgohiga yetib borgunicha Chuvrindi bilan Kesakpolvon ham yo‘lga chiqqan, barvaqt bezovta qilingan deputat Orzubek Boltaev esa shoshilganicha kiyinardi. Qarorgohning xilvat xonalarida tuni bilan davom etgan maishat tugagan, qizlar ham ketib ulgurishgan edi.
   Boloxonadagi yigitlar qarorgohga ham xabar berganlari uchun Bo‘tqa eshik oldida qo‘l qovushtirib turardi.

Qayd etilgan


AbdurRohman  17 Oktyabr 2007, 18:08:54

   Asadbek ichkari kirib bir piyoladan qaynoq qahva ichgunicha qanotlari yetib kelishdi. Tonggi yoki tungi yo‘qlovlar ularni ajablantirmas, shu sababli «nima gap, tinchlikmi?» degan so‘roq ular uchun ortiqcha edi. Asadbek ulardan hech mahal hol-ahvol so‘ramasdi. Ikki oyoqda yuribsanmi — bas, ahvoling yaxshi, derdi. Shuning barobarida birovning hol so‘rashini ham yoqtirmas edi. Tobi qochib qolgan kezlari uning odatini bilmagan odam: «Tuzukmisiz?» deb so‘rasa, «Ha, o‘lishim kerakmidi?» degan shirin javobni eshitardi.
   Ular ana shunday ortiqcha manziratsiz yashashga o‘rganishgan, bugungi uchrashuv avvalgilaridan farq  etmas edi. A’yonlar bekning so‘z boshlashini kutib o‘tirishdi.
— Haydar, Shilimshiq keldimi? — dedi Asadbek, Kesakpolvonga qarab.
— Ha, keldi, o‘zida yo‘q xursand. Moshina to‘g‘rilab berdim. Taksichilik qilib yura tursin.
— Otarchiga qanday ma’lum qilasan?
— Bu yog‘i pishgan, — Kesakpolvon shunday deb pinjagining ich cho‘ntagidan to‘rtta fotosurat chiqarib, Asadbekka uzatdi. Suratda Shilimshiqning Noila bilan aysh-ishrati aks etgan edi.
— Xuddi  o‘ziday qilib ishlagan, qalbakiligini ikki dunyoda ham sezmaydi, — dedi Kesakpolvon, Asadbekning tikilib qolganini ko‘rib.
— Sezib qolsa-chi?
— Unda guvoh topamiz.
— Ishing xom. Mahmud, puxtaroq o‘ylab  qo‘ylaring.

Qayd etilgan