485
Abu Hanifa (r.a.) Hammoddan, Hammod Ibrohimdan, u Asvaddan, u Umar ibn Xattobdan (r.a.) rivoyat qiladi. Hazrati Umar (r.a.) Rasululloh (s.a.v.) qattiq og‘rigan paytda Ul zotning huzurlariga kirdi. Rasuli Akram (s.a.v.) Katavon molidan bo‘lgan aboa (chakmon, kamzul) uustida, izxir to‘ldirilgan jun yostiqda yotardilar. Hazrati Umar (r.a.):
- Ota-onam Sizga fido bo‘lsin, yo Rasululloh! Kisro va Qaysar qirollari sof ipak ichidalar, - degan edi, Rasululloh (s.a.v.):
- Ey Umar!.. Ularga dunyo, bizga oxirat bo‘lishini xohlamaysanmi? - dedilar.
So‘ngra Hazrati Umar (r.a.) qo‘lini Rasulullohga (s.a.v.) tekkizgan edi, Ul zotning kuchli isitmasi borligini bildi va: «Siz Allohning rasuli bo‘lsangiz-da isitmangiz shunday bo‘ladimi?», dedi.
Rasululloh (s.a.v.) bunday marhamat qildilar:
- Bu ummatning baloga eng ko‘p duchor bo‘ladigani nabiyidir, keyin xayrli kimsalar, so‘ngra ulardan keyingi yaxshi odamlardir. Bizdan oldingi payg‘ambarlar, alayhimussalom va ummatlari ham ana shunday edilar».