HAZRATI HAFSA BINTI UMAR IBN XATTOB
(Mo‘minlar onasi)
Hazrati Hafsa (roziyallohu anhu) bilimli, yuksak axloqli, irodasi mustahkam, sadoqatli bir sayyida ayol edi. U hijratning uchinchi yili Rasulullohning (sollallohu alayhi va sallam) oilalariga qo‘shilib, mo‘minlarning onasi bo‘lish sharafiga erishdi.
* * *
Hafsa (roziyallohu anhu) payg‘ambarlik kelishidan besh yil oldin Makkada tug‘ildi. Otasi Islom tarixida adolati bilan mashhur bo‘lgan ikkinchi xalifa Hazrati Umardir (roziyallohu anhu). Onasi Zaynab Usmon ibn Maz’unning singlisi edi. Hafsa otasi bilan birga Makkada musulmon bo‘ldi. Ashobdan Hunays ibn Hazofa (roziyallohu anhu) bilan oila qurdi. Ilk musulmonlar safidan joy olgan bu baxtiyor oila Habashistonga, keyinroq Madinaga hijrat qildi.
Hunays (roziyallohu anhu) Abdulloh ibn Hazofaning qardoshidir. Badr va Uhud janglarida ishtirok etgan. Har ikki jihodda ham mardonavor jang qildi. Uhudda qattiq yaralandi. Madinaga qaytgach, shahodat sharbatini ichdi. Hazrati Hafsa juda yosh tul qoldi.
Hazrati Umar (roziyallohu anhu) qizining beva qolishini xohlamas edi. Bir ota o‘laroq, qizini solih bir kishiga uzatishni orzu qilardi. U bu masalani juda ko‘p o‘yladi va Hazrati Hafsaning iddasi tugagach, Hazrati Usmonga (roziyallohu anhu) nikohlash maqsadida uning oldiga bordi. Hazrati Usmon (roziyalohu anho) ham bu paytda yolg‘iz qolgan edi. Zavjasi Payg‘ambarimizning(sollallohu alayhi va sallam) qizlari Ruqayya vafot etgan edi. Abdulloh ibn Umar otasi va Hazrati Usmonning uchrashuvini otasidan shunday naql etadi:
"Usmon ibn Affonning oldiga bordim. Juda g‘amgin kayfiyatda ekan. Ko‘nglini ko‘tarib, tasalli berish uchun unga Hafsadan so‘z ochdim. Xohlasang, Hafsani senga nikohlab beray, dedim. Usmon darhol javob bermadi. Bu haqda o‘ylab ko‘rish uchun muhlat so‘radi. Oradan bir necha kun o‘tganidan so‘ng u bilan yana uchrashdim. Usmon hozircha uylanmasligini aytib, uzr so‘radi".
Hazrati Umar Abu Bakrga (roziyallohu anhu) ham shunday taklif qilmoqchi bo‘ldi. Hazrati Umar:
— Ey Abu Bakr, agar istasang senga qizim Hafsani nikohlab beray, — dedi.
Hazrati Abu Bakr (roziyallohu anhu) indamadilar. Hatto bir og‘iz so‘z ham aytmadi. Bu holatdan Hazrati Umar (roziyallohu anhu) ranjidilar.
Hazrati Umar ikki samimiy do‘stidan ijobiy javob ololmagach, yuragi siqilgancha, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) huzurlariga kirib, shunday dedi:
— Yo Rasululloh! Men Usmonga hayronman. Hafsani unga nikohlamoqchi bo‘ldim, u esa rozi bo‘lmadi. Abu Bakr ham shunday...
Ikki jahon quyoshi Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) tabassum qilib:
— Yo Umar! Hafsa Usmondan, Usmon ham Hafsadan xayrliroq bo‘lgan birisi bilan oila quradi, — dedilar.
Hazrati Umar bugunlay o‘y-xayol ichida qoldi. Usmondan ham xayrli kuyov kim bo‘lishi mumkin? Shu tariqa bir necha kunni o‘tkazdi. Bir kuni Payg‘ambarimiz (alayhissalom) Hafsani o‘zlariga so‘rab, Hazrati Umarga:
— Sen qizing Hafsani menga nikohla. Men esa qizim Ummu GulsumniUsmonga nikohlayman, — dedilar.
Bu xabardan Hazrati Umarning boshi osmonga yetdi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bu xabar bilan Hafsani o‘zlariga nikohlash Allohning amri ekanini bildirmoqchi bo‘ldilar. Kisqa fursat ichida to‘y taraddudlari tugallandi. Hijratning uchinchi yili sha’bon oyida Hazrati Hafsa Rasuli Akramga (sollallohu alayhi va sallam) nikohlanib, mo‘minlarning onasi bo‘lish baxtiga erishdi.
Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) bu go‘zal tashabbuslari bilan uch ulug‘ sahobalari o‘rtasidagi do‘stlik-birodarlikni, qarindoshlikni yanada mustahkamladilar. Hazrati Oyishani nikohiga olib, Hazrati Abu Bakrning, Hafsani nikohiga olib esa, Hazrati Umarnint ko‘nglini ko‘tardilar. Har ikkisining ham qizlarini mo‘minlarning onalari bo‘lish baxtiga erishtirdilar.
Hazrati Abu Bakr Hazrati Umar (roziyallohu anhum) bildirgan taklifga aniq javob bermagani uchun ich-ichidan ezilib yurgan edi. Chunki u bir sirni bilar, ya’ni, Hazrati Hafsa bilan Rasuli Akramning (sollallohu alayhi va sallam) turmush qurishlari Hazrati Abu Bakrga ma’lum edi. Bu haqqa gapirish omonatga xiyonat bo‘lardi. Shu sababli sukut saqladi. Nikoh o‘qilgach, Hazrati Abu Bakr Hazrati Umarning oldiga kelib, uzr so‘radi va shunday savol bilan murojaat kildi:
— Hafsaga uylanishimni so‘raganingda, javob bermaganim uchun mendan ranjigan bo‘lsang kerak?
— Ha, — dedi Hazrati Umar. Shunda Abu Bakr (roziyallohu anhu) bo‘lib o‘tgan voqeani gapirib berdi:
— Menga bu masala bo‘yicha gap ochganingda, senga javob bermaganimning sababi shuki, Rasululloh Hafsaga uylanishlarini menga aytgan edilar. Albatta, bu sirni senga oshkor qilolmadim, Payg‘ambarimiz (alayhissalom) Hafsaga uylanishdan yuz kechsalar, shubhasiz unga uylanardim, — deya Hazrati Umarga tasalli berdi.
Kanday nazokat!.. Kanday yaxshi adab!.. Kanday sadoqat!.. Mana haqiqiy Islom odobi!.. Omonat bir sir... Sukut bir xazinadir... Omonatga rioya va sukutni ixtiyor etish insonga amniyat va bezakdir...