Ismoil bir kun Yilmaz bilan yolg‘iz qolganda doim aytmoqchi bo‘lgan, lekin aytolmay yurgan bir dardi borligini, buni ko‘pdan payqab yurganini aytdi. Yilmaz tortinchoqlik bilan uylanish vaqti kelganini, lekin qo‘lida hech vaqosi yo‘qlignni, o‘ziga yordam kerakligini so‘zladi. Kimga uylanmoqchi ekanini so‘raganda, Yilmaz uyalib jimib qoldi va boshini egib oldi. Yuzi uyatdan qizarib ketdi. Ismoil osmondan tushgani yo‘q. Ko‘ngli nimalarnidir sezadi. Vaziyat avvalo Fotima onasi bilan maslahatlashishni taqozo etadi. Kunglida shunga qaror qildi va unga aytdi, Fotimaxonim mamnun bo‘ldi. «Demak, Alloh menga ikki emas, to‘rt yetimga ona bo‘lishni nasib etgan ekan, o‘g‘lim. Nima deyman, Allohning bu lutfu karamini qanday qarshilayman, bilmayman» dedi, so‘ngra ko‘zlaridan to‘kilgan ikki tomchi yoshni yetimlarning yarasiga malham bo‘lgan, malham surgan barmoqlari bilan sidirdi. Odilani bir yetimga uzatgandan beri har namozdan so‘ng har ishga qodir Allohning lutfu karamidan umidvor bo‘lib, «Yo Robbiy, Samihamni ham bir pokiza yetimga nasib ayla, bugungacha adolat bilan duolarimni ijobat etganingdek, qizimga ham baxtu saodatli turmush nasib aylab, meni bu turmushni ko‘rib, halovat topishimga muvaffaq ayla, o‘ksiklarning, g‘ariblarning, yetimlarning Sultoni Habibi Akramning hurmatlariga....» deb duo qilishni unutmasdi. Mana, duosi qabul bo‘lganining ilk mujdasi. Endigi tilagi Odilbekning bu ishni ma’qul topishi edi.