Tahoratning sifatlari
Tahorat uch qismga bo‘linadi:
1. Farz - tahoratsiz kishi namoz o‘qimoqchi bo‘lsa, xoh u nafl bo‘lsin, xoh janoza namozi bo‘lsin yoki tilovat uchun sajda qilmoqchi bo‘lsin yo Qur’oni karimdan bir oyat bo‘lsa ham, ushlamoqchi bo‘lsin, unga tahorat qilish farz bo‘ladi.
2. Vojib - Ka’bai Muazzamani tavof qilmoqchi bo‘lgan tahoratsiz kishiga tahorat qilish vojib.
3. Mandub, ya’ni tavsiya qilingan - tahoratsiz kishining uyqudan oldin, uyg‘ongandan keyin tahorat olishi, tahoratli kishining yana tahorat olishi, g‘iybat, chaqimchilik, yomon so‘zlardan, har bir xatodan so‘ng, mayyitni yuvgandan keyin, yana har namozga alohida tahorat olish, junub kishining g‘usl qilishdan, ovqatlanishdan, ichimlik ichishdan, uxlashdan, yana bir bor er-xotinlik qilishdan oldin tahorat olishi, g‘azab kelganda tahorat qilish, chunki g‘azab shaytondan bo‘lib, shayton esa o‘tdan yaratilgandir, o‘t esa suv bilan o‘chiriladi, Qur’on qiroat qilish, hadis o‘qish, shar’iy ilmlardan dars qilish, azon va iqomat aytish, xutba o‘qish, Payg‘ambarimizning (s.a.v.) qabrlarini ziyorat qilish, Arafot tog‘ida turish, Safo va Marvani sayr qilish uchun qilingan tahorat mandub hisoblanadi. Yana tuya go‘shtini yegandan so‘ng tahorat olish ham mandubdir. Ulamolarga muxolif bo‘lishdan chiqish uchun ham tahorat olish odobdir. Misol uchun ayol kishini ushlash bilan imom Shofe’iy nazdlarida tahorat sinadi, xuddi shuningdek, kaftining ichi bilan o‘z avratini ushlasa ham. Bizning mazhabimizda bu ko‘rinishda tahorat sinmasa ham, yana qayta olish odobdandir. Chunki hamma ulamolarning ittifoqiga ko‘ra qilingan ibodat chiroylidir.