Ulamolar Kavsar haqida turli fikrlar bildirishgan. Ba’zilar u jannatdagi daryo desa, ba’zilar uni jannatdagi havz, deganlar. Ba’zilar, ko‘p yaxshiliklar, degani desa, ba’zilar, maqtovli maqomdir, deganlar. Ba’zilar, Kavsarni husni xulq desalar, ba’zilar, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning baland martabaga ko‘tarilishi, deganlar. Ba’zilar ummatning ko‘pligi, desalar, ba’zilar Qur’oni karimdir, deganlar. Ba’zilar kavsardan murod payg‘ambarlik desalar, ba’zilar shafoatul kubro, deganlar.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: «Har kim qurbonlik qilishga qodir bo‘lsaÂyu, qurbonlik
qilmasa, xohlasa yahudiy bo‘lib o‘lsin, xohlasa nasroniy bo‘lib o‘lsin». Yana bir rivoyatda: «Kim qurbonlik qilishga qodir bo‘lib, qurbonlik qilmasa, bizlarning masjidlarimizga yaqinlashmasin», degan ekanlar.
Hazrati Ali raziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladilar: «Kim qurbonlikka jonliq olish uchun bozorga borsa, Alloh taolo har bir qadamiga o‘nta savob ato etadi va o‘nta gunohini kechiradi va martabasini o‘n daraja ko‘taradi. Jonliqni savdo qilayotganda aytgan so‘zlarini tasbeh o‘rnida qabul qiladi. U uchun bergan har bir dirhamiga yetti yuz dirhamning savobini beradi. Qurbonlikning har qatra qonidan o‘nta farishta yaratadi va ular qiyomatgacha uning uchun istig‘for aytadilar. Qurbonlik go‘shtining har luqmasi uchun Ismoil alayhissalom farzandlaridan bir qulni ozod qilganlik savobini beradi», dedilar».
Rivoyat qilinishicha, Dovud alayhissalom: «Yo Parvardigoro, Muhammad sollallohu alayhi va sallam ummatlaring qilgan qurbonliklari uchun nima ato etgansan?» dedilar. Alloh taolo xitob qildi: «Yo Dovud, Muhammad sollallohu alayhi va sallam ummatlaridan qurbonlik qilganlarga qurbonlikning badanidagi har bir tukiga o‘nta savob ato qilib, o‘nta gunohini kechaman. Jannatdagi darajasini yuksaltirib, u yerda bir qasr bino qilaman va hurlarni nasib etaman. Yo Dovud, bu qurbonlik qiyomat kuni markab bo‘lib, turli balolarni egasidan qaytaradi»