512
Abu Hanifa (s.a.v.) Muhammad ibn Soib Kalbiydan, u Abu Solihdan, u Ibn Abbosdan (r.a.) rivoyat qiladi: «Vahshiy Hazrati Hamzani o‘ldirgandan keyin bir muddat o‘tib, qalbiga Islom (iymon) otashi tushdi. Elchi yuborib, qalbida musulmon bo‘lish orzusi paydo bo‘lganini Rasulullohga (s.a.v.) ma’lum qildi va bunday dedi:
- Allohning Kitobidan aytganlaringizni eshitdim: «Ular Alloh bilan birga boshqa biron ilohga iltijo qilmaslar va Alloh (o‘ldirishni harom qilgan) biron jonni nohaq o‘ldirmaslar hamda zino qilmaslar. Kim mana shu (gunohlardan birontasini) qilsa, uqubatga duchor bo‘lur. Qiyomat kunida uning uchun azob bir necha barobar qilinur va u joyda xorlangan holida mangu qolur» (Furqon, 68-69). Men bu (gunoh) larning hammasini qildim. Men uchun najot bormi?
Jabroil kelib: «Ey Muhammad, unga ayting: «Magar kim tavba qilsa va iymon keltirib yaxshi amallar qilsa, bas, Alloh ana o‘shalarning yomonlik - gunohlarini yaxshilik - savoblarga aylantirib qo‘yur. Alloh mag‘firatli, mehribon Zotdir» (Furqon, 70), - dedi.
Rasululloh (s.a.v.) bu oyatni unga yubordilar. Unga bu oyatlar o‘qilgach Vahshiy bunday dedi:
«Bu oyatlarda shartlar bor. Bu shartlarni bajara olmaslikdan qo‘rqayapman. Solih amal qilolmaslikdan qo‘rqaman. Ey Muhammad!"¦ Bundan-da qulaylik, kenglik (engillik) beradigan bir oyat bormi?»
Jabroil ushbu oyatni olib keldi:
«Aytgin: «Ey nafslariga zulm o‘tkazib haddan oshganlar, Allohning rahmatidan umid uzmang. Alloh hamma gunohlarni kechiradi. Shubhasiz, U mag‘firat va marhamat egasidir».
Rasululloh (s.a.v.) bu oyatni yozdilar va Vahshiyga yubordilar. Bu oyat unga o‘qib berilganda: «Qanday ham yaxshi!», dedi va musulmon bo‘ldi. Rasulullohga elchi yubordi va:
- Men haqiqatan musulmon bo‘ldim. Endi Siz bilan uchrashsam bo‘ladimi? - deya so‘radi.
Rasululloh (s.a.v.) unga bunday javob yubordilar:
- Ey Vahshiy!.. Yonimga kelsang, yuzingni ko‘rsatma. Mening ko‘zlarim amakim Hamzaning qotilini ko‘rishga toqat qilolmaydi.
Vahshiy bu so‘zlar qarshisida jim bo‘lib qoldi.
Bir muddat so‘ngra Musaylama Hazrat Payg‘ambarga (s.a.v.) ushbu maktubni yubordi:
«Allohning elchisi Musaylamadan Allohning elchisi Muhammadga. Yer yuzida Senga sherik qilindim. Yarmi meniki, yarmi Qurayshnikidir. Biroq Quraysh haddan oshgan qavmdir».
Ikki kishi bu maktubni Rasulullohga (s.a.v.) keltirdilar. Maktub o‘qilgach, Rasululloh (s.a.v.) u ikki elchiga bunday dedilar:
- Agar elchi bo‘lmaganingizda sizni o‘ldirardim.
Keyin Ali ibn Abu Tolibni chaqirib unga «Yoz!», dedilar:
«Rahmon va Rahim Allohning nomi ila boshlayman. Allohning rasuli Muhammaddan yolg‘onchi Musaylamaga. Salom hidoyatga ergashganlarga bo‘lsin. Yer yuzi Allohnikidir. Unga qullaridan xohlaganini voris qiladi. Oqibat muttaqiylarnikidir. Va sollallohu ala sayyidini Muhammad».
Musaylamaning yozganlaridan Vahshiy xabar topgach, nayzasini chiqardi va uni o‘tkirladi. Keyin Musaylamani o‘ldirishga qasd qildi. Bu izmida qattiq turdi. Nihoyat Yamomada uni o‘ldirdi».