Insonning boshiga har xil savdolar tushishishi mumkin. Minnatsiz osh, g’avg’osiz bosh bo’lmasa, deydi o’zbek. Jabrdiyda, alamdiyda kishidan ko’ngil so’raganda, uni yupatilganda, odatda, "œKo’nglingizni cho’ktirmang, oyning o’n beshi qorong’u bo’lsa, o’n beshi yorug’", "œAlbatta yorug’ kunlar ham keladi", "œBoshingiz omon, joningiz sog’ bo’lsin", "œBoshingiz toshdan bo’lsin", "œBu kunlar unut bo’lib ketadi", "œDavlat, pul qo’lning kiri", "œMol topiladi, jon topilmaydi" qabilidagi jumla, ibora, so’zlar, maqolu naqllar qo’llaniladi.
Adolatsizlik oldida ojiz qolib, yer mushtlab, yiglab-zorlanib turgan odamga, "œKuyinmang, keng bo’ling, u Xudo bexabarga ham tikilgani-boqqani bordir", "œQarz qiyomatda qolmas" deydilar. "œQirq kun o’tmay xudoyi taolloning o’zi ko’rsatadi", "œXudoning g’azabiga uchraydi, o’shanda meni aytdi deysiz", degan gaplar bilan tasalli berishadi.
Kishining ko’ngliga qarash, nozikta’blik, dardkashlik, hamdardlik o’zbekning ko’ngil hamrohi. Biz o’zganing dard-g’amiga, tashvishiga loqayd, befarq qarolmaymiz. Shodligidan boshimiz osmonga yetsa, dard-tashvishida sherik bo’lamiz. Shunda quyidagi so’zlarni ishlatamiz:
Mushkulingiz oson bo’lsin.
Do’stga xor, dushmanga zor, nodonga muhtoj qilmasin.
Ko’nglingizga olmang.
Og’ir bo’ling.
Boriga baraka.
Barakasini bersin.
Qatorda xato bo’lmasin.
Ko’pga bersin, ko’p qatorida bizga ham bersin.
Bir-birimizdan kam qilmasin.
Ishingiz baroridan(o’ngidan) kelsin.
Ko’p bersin, ko’l bersin, keng fe’l, ketmas davlat bersin.
Yomonning yuzini teskari qilsin.
Yaxshilarga yondashtirgin, yomonlardan uzoqlashtirgin.
Aytganingiz kelsin.
Farishtalar omin desin.
O’zaro muomala-munosabat, uchrashuv, yuz ko’rishuvlarda shunday qisqa muloqatlar bo’lib o’tadi:
-Xirmonga baraka.
- Umringizga baraka.
- Yaxshimisiz, tan-joningiz sog’mi?
- Xudoga shukur, o’zingiz tinchmisiz, bola-chaqalar omonmi?
- Bu yaxshiligingizni o’la-o’lguncha unutmayman. Mendan qaytmasa, Xudodan qaytsin.
- Bandasidan yaxshilik qoladi. Bu mening insoniy burchim.
- Minnatdorman, Xudo umri joningizni ziyoda qilsin, dunyo turguncha turing. Bola-chaqangizning orzu-havasini ko’ring.
- Rahmat, yaxshi niyatlaringiz o’zingizga ham yor bo’lsin"¦
Sig’inish, iymon-e’tiqod bilan bog’liq yaxshi niyatlar ham hayotda juda ko’p qo’llaniladi. Ular ruhlanish, madad, ishoncha va e’tiqodni kuchaytirishga yordam beradi.
"œYo Ali", "œYo pirim", "œYo Alisheri Xudo", "œYo Rabbim" kabi xitoblar shular jumlasidandir. Bir ishga jazm qilish, faoliyatni boshlash, kirishish , polvonlik, kurash hamda ko’pkari-uloqda va boshqa harbu zarblarda kuch-quvvat talab qilingan lahzalarda bu xitoblar bot-bot qo’llaniladi.
Dasturxon, taom, bir piyola choy ustidagi suhbatlarda, daf’atan osh yeb turganimizda mehmon kelib qolsa, "œE, keling, keling, qaynonangiz suyar ekan", deyiladi. Mehmon ham, albatta, "œRahmat, qaynonam suymasa, qizini berarmidi", deydi. Ovqatni oxirigacha yedirishga undashda, "œOling, qoldirmang, dunyoning oxiriga yetib yuring, hamma savobi shu oxirgi luqmada-ya", degan jumla ishlatiladi. Choy quyayotganda, so’nggi payola choy uzatilgan kishiga, piyolada choy juda kam bo’lsa-da, "œMarhamat, dunyoning oxiriga yetib yuring", deyiladi. Bu bilan, avvalo choy quyuvchi o’zini, mehmonni choyning kamligi uchun xijolatpazlikdan qutqazadi. Ikkinchidan, dunyoning oxiriga yetib yuring , deganda- Sizning umringiz tugaganda, dunyo ham tugab, qiyomat qoyim bo’lsin, degan niyat emas, xudo bergan umringizni yashang-u, o’bro’-e’tiboringiz, yaxshi nomingiz dunyo turguncha tursin, umringiz boqiy bo’lsin, degan niyat yotadi.
O’zbekning har gapida ishlatiladigan yaxshi niyat, tilaklari bu xalqning odob-axloqi yuksak bo’lgan qadimiy madaniyat egasi ekanligidan dalolat beradi. "œYomonlik hammaning, yosh bolaning ham qo’lidan keladi", deydi xalq.
Qavmimizning tili shirin, gapi qiziq, qalbi saxovat, mehr-muhabbatga to’la, niyatlari pok, yaxshilik va ezgulikka yo’g’rilgan. Siz bilan biz ham bu xislatlardan benasib qolmasligimiz lozim.