HAMIR PODSHOHLARINING ELCHILARI
Hamir podshohlari Horis ibn Abdulkulol, Nuaym, Nu’mon, Muofir va Hamadonlar imon keltirishdi va payg‘ambar alayhis-salomga elchi yuborib, musulmon bo‘lganliklarini bildirishdi. Rasululloh ularga maktub yo‘lladilar. "Bismillahir rohmanir rohim. Ollohning elchisi Muhammadan Horis ibn Abdukulol, Na’aym, Nu’mon, Muofir va Hamadonlarga:
Men sizlar musulmon bo‘lganinglar uchun yolg‘iz Ollohga hamd aytaman, undan boshqa hech iloh yo‘qdir. Yuborgan elchinglar biz Rumdan qaytayotgan paytimizda kelgan ekan, ular bilan Madinada uchrashdik. Ular menga sizlarning hol-ahvolingizni, musulmon bo‘lganingizni va mushriklarni o‘ldirayotganingizni aytishdi. Sizlar tuzatuvchilardan bo‘lib, Ollohga, payg‘ambarga itoat etsanglar, farz namozini o‘qisanglar, zakot bersanglar, g‘animatning beshdan birini Olloh yo‘liga ajratsanglar, payg‘ambarning ulushini hamda mo‘minlarga vojib bo‘lgan sadaqani bersanglar, bu Ollohning sizlarni to‘g‘ri yo‘lga hidoyat qilganidir. Men Zur’a Ziyyazin elchilarimni yubordim. Ularga yaxshi muomala qilishinglarni tavsiya etaman. Ular Muoz ibn Jabal, Abdulloh ibn Zayid, Molik ibn Uboda, Uqba ibn Namir, Molik ibn Murra bilan ularning hamrohlaridir. Sizlar beradigan zakotni va g‘ayridinlardan olinadigan xirojni shularga topshirishinglar mumkin. Elchilarning boshlig‘i Muoz ibn Jabal. Ular sizlardan rozi bo‘lib qaytishsin. Muhammad shunga guvohlik beradiki, yolg‘iz Ollohdan boshqa iloh yo‘q. Muhammad Ollohning bandasi va elchisidir. Molik ibn Murra sening hamirliklar orasida birinchi bo‘lib imon keltirganing va mushriklarni o‘ldirganing haqidagi xabarni yetkazdi. Senga xayrli bashorat beraman va Hamir xalqiga boshchilik qilishni topshiraman: bir-biringizga xiyonat qilmaslikni, aksincha yordam berishni buyuraman. Muhammad boyu kambag‘al hammangizning yo‘lboshchingizdir. Muhammad va uning oilasi sadaqa olishi durust emas. Sizlarning bergan zakotingiz kambag‘al musulmonlarga, muhtoj musofirlarga ulashiladi. Molik (u yerdagi) ahvol haqida batafsil ma’lumot berdi. Unga yaxshi muomala qilishinglarni buyuraman. Sizlarga salom. Olloh sizlarga rahmat yog‘dirsin va barokat bersin".