TOHA SURASIMakkada nozil bo‘lgan bu sura bir yuz o‘ttiz besh oyatdir.
Bu sura Muhammad alayhis-salomga xitob qilish bilan boshlanib, u zotga bor mavjudotning Hojasi tomonidan ingan Quroni Karimning Allohdan qo‘rqadigan kishilar uchun bir pand-nasihat ekani va Yaratganning eng maxfiy narsalardan ham ogoh bo‘lgan zot ekanligi bayon qilinadi. Bu surada Alloh taolo O’zining so‘nggi payg‘ambariga undan avval o‘tgan salaflari uchun ham Haq yo‘liga da’vat qilish oson bo‘lmaganini eslatib, suraning asosini tashkil etadigan Muso va Horun payg‘ambarlarning qissasini batafsil bayon qiladi. Unda Muso alayhis-salomning qay holatda payg‘ambar bo‘lganlari va u zotga Tangri taolo tomonidan qanday mo‘‘jizalar ato etilgani; Muso bilan zolim Fir’avn o‘rtasidagi mujodala; Muso bilan sehrgarlar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muboraza-musobaqa; nihoyat Fir’avn va uning lashkarlari qanday halok bo‘lganlari va boshqa voqea-hodisalar haqida hikoya qilinadi.
Yana bu surada barcha jonzot hisob-kitob uchun jamlanadigan qiyomat kunida ovozlar ham Rahmonga ta’zim qilishlari va faqat pichirlashlargina quloqqa chalinishi kabi qiyomat manzaralari ham tasvirlab o‘tiladi hamda Haq yo‘lidan toymagan kishilar o‘zlariga va’da qilingan jannatlarga kiritilib, kofirlar esa jahannamga tashlanishlari haqida xabar beriladi. Sura payg‘ambar alayhis-salomga ayrim ilohiy yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatish bilan nihoyalanadi.
Bu suraning nima sababdan «Toha» deb nomlangani xususida turli rivoyatlar mavjuddir. Ularning aksarisida «Toha» — payg‘ambar alayhis-salomning ismlaridan biridir, deyiladi.
Mehribon va rahmli Alloh nomi (bilan boshlayman). 1. To, Ha.
2. (Ey Muhammad), Biz sizga bu Qur’onni qiynalib jafo chekishingiz uchun emas,
3. Balki (Allohdan) qo‘rqadigan kishilarga pand-nasihat bo‘lsin uchun nozil qildik.
4. (U) yerni va yuksak osmonlarni yaratgan zot tomonidan nozil qilingandir.
5. (U zot) O’z arshini egallagan Rahmondir.
6. Osmonlardagi, yerdagi va ularning orasidagi hamda tuproq ostidagi bor narsa Uningdir.
7. Agar siz oshkora gapirsangiz ham, (va yoki) xufyona gapirsangiz ham, U zotga barobardir. Zero U sirni ham, eng maxfiy narsalarni ham bilur.
8. Allohdan o‘zga (hech qanday) Tangri yo‘q. Faqat Uning O’zi bordir. Uning uchun eng go‘zal ismlar bordir.
9. (Ey Muhammad), sizga Muso haqida xabar keldimi?
10. Eslang, u (uzoqdan) bir olovni ko‘rib ahli oilasiga: «(Shu yerda) turinglar, men bir olov ko‘rib qoldim, shoyadki sizlarga undan biron cho‘g‘ olib kelsam yoki shu o‘t oldidan biron yo‘l (ko‘rsatuvchi) topsam», dedi.
11. Bas, qachonki u (olovning yaqiniga) kelgach: «Ey Muso», degan nido eshitildi. I z o h.
Rivoyat qilishlaricha, Muso alayhis-salom o‘z oilasi bilan Madyan shahridan Misrga qaytib kelayotganida bir qorong‘u-qorli kechada yo‘ldan adashib qoladi. O’t yoqay desa, chaqmoq toshi yonmaydi. Shu payt uning ko‘ziga uzoqdan bir olov ko‘rinib, cho‘g‘ olish va u yerdagilardan yo‘l so‘rab kelish uchun o‘sha tarafga borganida, u ko‘ringan yorug‘lik olov emas, Allohning nuri ekanligi ma’lum bo‘ladi. 12. «(Ey Muso), Men sening Parvardigoringdirman. Endi kavushlaringni yechgin. Chunki sen muqaddas Tuvo vodiysidasan.