ABASA SURASIAbasa-yuzini burishtirdi, xo'mraydi degan ma'nolarni anglatadi. Sura avvalida Rasululloh huzurlariga Abdulloh ibn Ummi Maktum nomli bir ko'zi ojiz musulmon kelib, diniy savol so'ramoqchi bo'lganlarida, uni malol olib, iltifot qilmay, Makka zodagonlarini da'vat qilish bilan band bo'lganlari uchun Allohdan olgan tanbehlari bayon etilgan. Sura davomida insonning yaratilishi, yashashi va vafot etishi, u iste'mol qiladigan noz-ne'matlar, Qiyomat kunidagi odamlarning g’am-tashvishlari, hamma o'zi bilan ovora bo'lib qolishi, yaxshilarning yuzlari yorug’, yomonlarning yuzlari esa shuvit bo'lishi kabi ma'lumotlar beriladi.
Mehribon va rahmli Alloh nomi bilan (boshlayman). 1. (Muhammad) yuzini burishtirdi va yuz o'girdi.
2. Zero, uning huzuriga ko'zi ojiz odam kelgan edi. Izoh: Bu kelgan odam Abdulloh ibn Ummi Maktum ismli ko'zi ojiz kishi edi. U Rasulullohning band ekanliklarini sezmay o'zining savollariga javob olishga harakat qiladi. Undan malollangan Payg’ambarimiz (a. s.)ning yuzlari burishdi va savollariga javob ham bermadilar. Bu muomala Haq taologa xush kelmadi va mazkur oyatlar bilan tanbeh berdi. Tanbehni ham: "Yuzingni burishtirding" demasdan, "Yuzini burishtirdi", -deb uchinchi shaxs siyg’asida aytdi. Bu esa uncha qattiq botmaydi. Rasulullohning o'zlari oliy xulq egasi bo'laturib, bir ko'zi ojiz odamga shunday xunuk muomala qildilarmi, degan savol tuqilishi mumkin. Yo'q, aslo! Birinchidan, o'zlari Makka zodagonlarini hidoyat sari yo'naltiraolamanmikan, deb umid bilan harakat qilib turganlarida birov kelib ishidan chalg’itgan holatni tasavvur qilib ko'ring. Boshqa har qanday odam ul zotning o'rnida bo'lganida ham uni jerkib tashlagan bo'lur edi. Lekin Rasul (a. s.) yuzlarini burishtirish bilan kifoyalandilar. Buni u a'mo kishi payqagani ham yo'q. Lekin ulug’larning ozgina sahvu xatosi ham boshqalarga nisbatan katta hisoblanadi. Binobarin, Haq Taolo O'z habibini ogohlantirib qo'ydi. Chunonchi, tasavvufda bir ibora bor: "Oddiy yaxshi odamlarning savobli ishlari Allohga yaqin zotlarning gunohlari bilan barobardir". 3. (Ey, Muhammad,) Siz qayerdan ham bilursiz, ehtimol, u (Sizdan foydalanib, o'z gunohlaridan) poklanar
4. yoki eslatma olar-da, so'ng bu eslatma unga foyda berar?!
5. Ammo, boy kimsaga esa,
6. bas, Siz (e'tibor berib) mutasaddilik qilmoqdasiz.
7. Holbuki, uning (o'z kufridan) poklanmasligi Sizga zararli emas edi.
8. Endi, oldingizga yugurib
9. (Allohdan) qo'rqqan holida kelgan kishi esa,
10. bas, Siz undan chalg’imoqdasiz.
11. Yo'q, (bunday qilmang)! Albatta, ular (Qur'on oyatlari) ayni eslatmadir.
12. Bas, kim xohlasa, (uni) yod etar.
13. (U oyatlar Alloh nazdida) mukarram sahifalarda
14. (ya'ni,) qadri baland, pokiza (sahifalarda)
15. kotib (farishta)lar qo'llaridadir.
16. (Ular) karamli va itoatlidirlar.
17. Halok bo'lgur inson bunchalar kofir bo'lmasa!
18. (Alloh) uni qaysi narsadan yaratdi o'zi?!
19. (Bir haqir) nutfadan yaratib, so'ng uni (tuqilish vaqtini) belgilab qo'ydi.
20. So'ngra unga (tuqilishda) yo'lni oson qildi.
21. So'ngra unga o'lim berib, qabrga kiritdi.
22. So'ngra O'zi xohlaganda, uni yana qayta tiriltirur.
23. Yo'q! U buyurgan narsani sira ado etmadi.
24. Endi inson o'zining taomiga (ibrat ko'zi bilan) boqsin!
25. Biz (osmondan) suvni mo'l yog’dirdik.
26. So'ngra yerni (giyohlar undirib) yordik.
27. So'ngra Biz unda donlarni undirdik,
28. uzum va ko'katlarni,
29. zaytun va xurmolarni,
30. qalin daraxtzor bog’larni,
31. mevayu giyohlarni ham.
32. Bular sizlar uchun va chorva hayvonlaringiz uchun manfaatdir.
33. Bas, qachonki, (quloqlarni) kar qiluvchi (qichqiriq) kelganda (sur ikkinchi marta chalinganda),
34. o'sha Kunda kishi o'z birodaridan qochur.
35. Yana onasi va otasidan ham,
36. xotini-yu, o'g’illaridan ham (qochur).
37. (Chunki) u kunda ulardan har bir kishi uchun o'ziga yetarli tashvish bo'lur.
38. U Kunda (ba'zi) yuzlar yorug’,
39. kuluvchi va xurram (bo'lur).
40. u kunda (boshqa bir) yuzlar uzra g’ubor bo'lur.
41. U (yuz)larni qarolik qoplar.
42. Ana o'shalar (fisqu) fujur qiluvchi kofirlarning o'zidirlar.