Mashhur Nuh to‘foni boshlanib, birdan osmon teshilgandek, yer yorilgandek bo‘ldi. Osmondan jala quya boshladi, tog‘dan ham, toshdan ham, tekis yerdan ham suv otilib, sel oqa boshladi, hamma yerni suv bosib, to‘lqinlar bor narsani o‘z qa’riga torta boshladi, maxluqotlaru mavjudotlarning bari suv ostida qoldi. Faqatgina Nuh (a.s.) va u kishi bilan kemada bo‘lgan insonlar va maxluqotlargina najot topib, suv yuzida suzib ketdilar.
Nuh (a.s.)ning ayollari va kenja o‘g‘illari Kan’onni shayton yo‘ldan ozdirdi. U kemadan suvga o‘zini tashlab, otasining chaqiruviga quloq solmadi.
وَهِيَ تَجْرِي بِهِمْ فِي مَوْجٍ كَالْجِبَالِ وَنَادَى نُوحٌ ابْنَهُ وَكَانَ فِي مَعْزِلٍ يَا بُنَيَّ ارْكَبْ مَعَنَا وَلا تَكُنْ مَعَ الْكَافِرِينَ (٤٢)قَالَ سَآوِي إِلَى جَبَلٍ يَعْصِمُنِي مِنَ الْمَاءِ قَالَ لا عَاصِمَ الْيَوْمَ مِنْ أَمْرِ اللَّهِ إِلا مَنْ رَحِمَ وَحَالَ بَيْنَهُمَا الْمَوْجُ فَكَانَ مِنَ الْمُغْرَقِينَ
«U (kema) ularni tog‘lardek to‘lqinlar ichida olib borar ekan, Nuh chekkada turgan o‘g‘lini chaqirib dedi: «Ey, o‘g‘ilcham! Biz bilan birga kemaga mingin! Kofirlar bilan birga bo‘lmagin! U (o‘g‘li) dedi: «Men suvdan saqlaydigan biror toqqa chiqib najot topaman», - deb qoyaga osildi.
Ammo to‘lqin uni urib yiqitdi-da, o‘z qa’riga tortib ketdi. Bu voqeani ko‘rib Nuh (a.s.)ning yuraklari ezildi, farzandlariga achindilar, Allohga iltijo qilib:
وَنَادَى نُوحٌ رَبَّهُ فَقَالَ رَبِّ إِنَّ ابْنِي مِنْ أَهْلِي وَإِنَّ وَعْدَكَ الْحَقُّ وَأَنْتَ أَحْكَمُ الْحَاكِمِينَ
«Nuh robbiga nido qilib dedi: «Ey Robbim, farzandim mening ahlimdan. Sening (oilamni saqlashga bergan) va’dang esa haq va Sen hukm qiluvchilarning eng donosi va (odili)san», - dedilar. Alloh subhanahu va taolo:
قَالَ يَا نُوحُ إِنَّهُ لَيْسَ مِنْ أَهْلِكَ إِنَّهُ عَمَلٌ غَيْرُ صَالِحٍ فَلا تَسْأَلْنِي مَا لَيْسَ لَكَ بِهِ عِلْمٌ إِنِّي أَعِظُكَ أَنْ تَكُونَ مِنَ الْجَاهِلِينَ (٤٦)قَالَ رَبِّ إِنِّي أَعُوذُ بِكَ أَنْ أَسْأَلَكَ مَا لَيْسَ لِي بِهِ عِلْمٌ وَإِلا تَغْفِرْ لِي وَتَرْحَمْنِي أَكُنْ مِنَ الْخَاسِرِينَ
«Ey Nuh, u sening ahling emas, u yomon ish qildi. Bas, Mendan o‘zing yaxshi bilmagan narsani so‘ramagin! Men senga johillardan bo‘lishingdan qaytarib nasihat qilaman».Nuh aytdi: «Robbim! Men Sendan o‘zim bilmagan narsani so‘rashimdan panoh tilayman. Agar meni kechirmasang va menga rahm qilmasang, albatta, ziyon ko‘ruvchilardan bo‘lurman». (Hud, 42-47.)