Sakkizinchi fasl
Hamma qabri ustiga chiqib, ba’zilar yalang‘och, ba’zilar qora, ba’zilar oq kiyimda, ba’zilar nur taratgan holda o‘tiradilar. Hammalari boshlarini egib, nima qilishlarini bilmagan holda ming yil turadilar. So‘ngra g‘arbdan bir olov zuhr etadi va uning dahshatidan xalq mahsharga suriladi. Bu paytda har bir maxluqot dahshatga tushadi. Xoh inson bo‘lsin, xoh jin bo‘lsin, xoh vahshiy hayvon bo‘lsin,har birini o‘z amali tutib "Tur, mahsharga bor", deydi.
Amal go‘zal bo‘lgan kishining amali eshak suratiga kirib, ba’zilarniki xachir suratida sohibini mahsharga olib boradi. Ba’zilari qo‘chqor shaklida ko‘rinadi. Ba’zilarni amallari ustiga mindirib oladi, ba’zilarni esa tashlab ketadi. Mo‘min kishida bir nur bo‘ladi va u nur mo‘minning old va o‘ng traafini yoritib yo‘l ko‘rsatadi.
Chap taraflarida nur bo‘lmaydi. Balki qorong‘ulikda hech kim hech narsa ko‘rmaydi. Bu qorong‘ulikda kofirlar hayratda qoladilar. Iymonlarida shak-shubha bor bo‘lgan kishilar (va bid’at sohibi bo‘lganlar, mazhabsizlar) qorong‘uda qoqilib qoladilar.