* Ko‘p hollarda ota-onalar o‘z farzandlaridan norozi bo‘lishadi va har bir sababdan tajang bo‘lishadi, chunki o‘zlari farzandlari nimani xohlashayotganini tushunarli tarzda ifodalay olishmaydi-da. Bir kuni ota-onalar yig‘ilishida ular bilan juda oddiy trening o‘tkazdik — ular oddiy vatman qog‘oziga o‘zlarining eng ardoqli orzularini yozishdi: «Farzandim yaxshi o‘qishini, bilimdon, mehribon, quvnoq, chiroyli, sog‘lom, maqsadga intiluvchan bo‘lishini xohlayman». Siz uchun eng muhimi nima ekanini yozing. Endi alohida har bir band haqida o‘ylab ko‘ring va qo‘lingizdan nimalar kelishini hal eting. Bolangiz sog‘lom bo‘lishi uchun unga sport bilan shug‘ullanish lozimdir — unda farzandingizni basseynga yozdiring yoki karate to‘garagiga a’zo qildiring. Agar bolangiz birov haqida qayg‘ursa, u mehribon bo‘lib ulg‘ayishi shubhasiz — demak unga baliqchali akvarium, mushukcha yoki kuchukcha olib bering. Ammo farzandingiz uy hayvoni va sport seksiyasini o‘zi tanlagani ma’qul albatta.
* Agar bolangizning bilim darajasi so‘zda emas, amalda siz uchun muhim bo‘lsa, haftada kamida bir marta bir soat davomida u bilan qiziqarli ko‘rsatuv, kitob, film, spektaklni muhokama qilishni odat qiling. Ha, aynan muhokama qilish, suhbatlashishni. Bu oddiy ishmas: odatda kattalar bola bilan pand-nasihat ohangida gapirishadi. Endi birgalikda fikr-mulohaza qilib ko‘ringchi. Bu farzandingizga ham oson bo‘lmaydi, chunki odatdagi maktab dasturi, afsuski, xotirani, diqqat-e’tiborni, ijodiy emas, balki shablonli fikrlashni rivojlantirishga qaratilgan.