Ibrohim ibn Sa’d raziyallohu anhu rivoyat qiladilar «Abdurrahmon ibn Avf (raziyallohu anhu): «Biz Madinaga kelganimizda Janob Rasululloh sallallohu alayhi va sallam meni Sa’d ibn ar-Rabi’ birlan aka-uka tutintirib quydilar. Sa’d ibn ar-Rabi’ menga: «Men ansorlarning (ichida) eng boyiman, sizga molu dunyomning teng yarmini beraman. Xotinlarimning qay biri ma’qul bulsa, o‘sha sizniki bo‘lsin, iddasi tugagandan keyin, unga uylanavering!» — deb aytdilar», — dedilar. Shunda Abdurrahmon: «Olloh taolo sizning ahli ayolingiz va molu dunyongizga baraka bersin! Menga bozorni ko‘rsatinglar!»— debdilar. Ul kishiga Qaynuqo’ bozorini ko‘rsatishibdi. So‘ng, Abdurrahmon ertasi kuni ertalab o‘sha bozorga borib, ozgina pishloq va sariyog‘ xarid qilibdilar. Bir necha kundan keyin, Janob Rasululloh ul kishini uchratib qolibdilar-da, qo‘llarida bir sariq narsaning dog‘i borligini ko‘rib: «Ey Abdurrahmon, ahvoling nechuk?»— debdilar. Abdurrahmon: «Bir ansoriya ayolga uylandim», — debdilar, Janob Rasululloh: «Mahriga nima berding?»— deb so‘rabdilar. Abdurrahmon: «Danakdek oltin», — debdilar. Janob Rasululloh: «Bitta qo‘y so‘yib bo‘lsa ham, to‘y qilgil!»— debdilar».
Anas raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Abdurrahmon ibn Avf Madinaga keldilar. Nabiy sallallohu alayhi va sallam ul kishini Sa’d ibn ar-Rabi’ al-Ansoriy birlan aka-uka tutintirib quydilar. Sa’d katta mol-mulk egasi erdilar. Shuning uchun ham Abdurrahmonga: «Boyligimning teng yarmini sizga berdim va ayollarimdan xohlaganingiz sizniki bo‘lsin!»— dedilar. Abdurrahmon: «Olloh taolo siz, ahlu ayolingiz va molu dunyongizga baraka ato etsin, menga bozorni ko‘rsatingizlar!»— dedilar. So‘ng, bozordan bir oz sariyog‘ va pishloq xarid qilib, o‘zlari tushgan manzil ahliga olib keldilar. Oradan qancha vaqt o‘tganligini xudo biladi, bir kuni Abdurrahmon egnilarida yangi libos birlan kelib qoldilar. Shunda Nabiy sallallohu alayhi va sallam ul kishiga: «Birortasini sevib qoldingmi?»— dedilar. Ul kishi: «Bir ansoriya ayolga uylandim», — dedilar. Janob Rasululloh: «Qancha (mahr) berding?»— dedilar. Abdurrahmon: «Danakdek (yoki danak vaznidek) tillo berdim», — dedilar. Janob Rasululloh: «Bitta quy suyib bo‘lsa ham, to‘y qilgil!»— dedilar».
Abu Sufyon raziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Johiliyat davrida Ukoz, Majanna va Zulmajoz nomli bozorlar bo‘lardi. Islom qaror topgach, musulmonlarga bu yerlarda savdo-sotiq qilish gunohdek tuyula boshladi. Shunda ushbu oyat nozil bo‘ldi: «Ollohdan fazlu karam istashingizda sizlar uchun hech qanday gunoh yo‘qdir» (ya’ni, Haj kunlari va haj safarida tijorat qilmoq joizdur, agar asl maqsad haj qilmoqlik bulsa) (Baqara surasi, 198-oyat).
( SAVDO-SOTIQ KITOBI "AL-JOME' AS-SAHIH (2-jild)" . Imom Ismoil al-Buxoriy )