Bu muhabbat va hurmat vositalarini ish-harakatlarimizda ta’sirchan bir tarzda qo‘llay olsak, faoliyatimiz juda ulkan muvaffaqiyatlarga erishgay. Unda yanada muassir — ko‘proq ta’sir qiluvchi bo‘lgaysiz. Ya’ni shunday harakat qilsangiz, yana ulkanroq zafarlarni qo‘lga kiritgaysiz. Masalan, bir korxona boshlig‘i shu korxona shartlarini o‘rganayotgan kishiga, «Buni bunday qilsangiz, muvaffaqiyat yanada yaxshiroq bo‘ladi», deb moddiy manfaat tarafidan tushuntiradi-ku. Ammo biz bu ishlarni Alloh rizosi uchun qilsak, savob ham olgaymiz! Ibodat bo‘ladi bu...
«Aksaru ma yudxilunnasa-l jannata taqvolloh va husnul xuluq» «Aksariyat insonlarning jannatga kirishi sababi taqvosi va go‘zal xulqidir». Ko‘p namoz o‘qishi emas, ibodatning ko‘pligi emas, axloqan go‘zalligidir!.. Biz kam ahamiyat beradigan bir narsadir bu. Biz axloqni go‘zallashtirishga ko‘p g‘ayrat qilmayotirmiz. Turkiyada ham, boshqa Islomiy o‘lkalarda ham axloqqa jiddiy intilish yo‘q!..
Jiddada bir gal bir birodarlarimizning uyida bo‘ldik. U yerdagi bir jomeda namozlarni o‘qidik. Pokistondan, balki boshqa bir mamlakatdan bir kishi bor edi, u bilan avval ham bir necha marta ko‘rishib, salomlashganmiz, gaplashganmiz. Shu odam men bilan gaplashmay qo‘ydi. Qoshlarini chimirib, xusumat ko‘rsata boshladi. Salom beraman, alik olmaydi... Chiday olmadim. Albatta, mening unda ehtiyojim yo‘q, uning ham menda ehtiyoji yo‘q. Ehtiyoji bo‘lsa, zero bunday qilmaydi. Ta’sirlandim, dedimki, «Sen menga bir oz qo‘rs muomala qilyapsan, yoqtirmagandek bo‘lyapsan. Nega?» dedim. Nima emish, «Sening kasb-koring nima?» deb so‘raganida, men «Diniy turk adabiyotini o‘rgataman», degan ekanman. Ilohiyot fakultetida bo‘lganim uchun mening o‘tadigan kursim shu: diniy Turk adabiyoti, Turk-Islom adabiyoti... Shundan dars beraman, deb aytgandim. U esa buni irqchilik, ma’nosida tushunib, mendan achchiqlanibdi... «Ayirmachilik qilyapti» debdi... Ayirmachilik emas, olti-etti asrlik Usmoniy adabiyoti, kitobiyati bor... Bu merosdan Ilohiyot fakulteti bitiruvchilari foydalansinlar, deb qo‘yilgan bir dars bu. Usmoniy yozuvini, o‘qishini o‘rganishga; yozishga, o‘qishga, matnlarni tanlash-saralashga, adabiyot tarixini, mualliflarni, asarlarni bilmoqqa mo‘ljallangan bir ilm sohasi bu... Bu birodarimiz esa meni irqchilik qilyapti, deb o‘ylabdi. Shundan ranjibdi, tushunmay-netmay... Ranjitmoq oson, sevmoq qiyin!..