Musulmon oila
Abu Salama Islom da’vatidan xabar topgach, Payg‘ambarimizga (sollallohu alayhi va sallam) imon keltirdi. Zavjasi Ummu Salama ham u bilan birga musulmon bo‘ldi. Shunday qilib, ular Alloh yo‘lida mujodala va fidokorliklari tufayli Islom da’vati yuksaltirgan ilk insonlardan bo‘ldilar. Islom nuri ulardek fidokorlar bilan butun olamni oydinlatdi.
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Habashistonga hijrat uchun izn berganlaridan so‘ng Abu Salama bilan Ummu Salama ham hijrat qildilar. Alloh taolo nasib etgan muddatgacha Habashistonda bo‘ldilar. Yana Nabiyning (sollallohu alayhi va sallam) go‘zal yuzini ko‘rish, totli suhbatlarini tinglash orzuida Makkaga qaytdilar.
* * *
Ilk musulmonlar kurayshiylarning zulm va qiynoqlariga bardosh berib, bir qancha vaqt Makkada qoldilar.
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) madinaliklar Alloh diniga yordam berish uchun bay’at etganlaridan so‘ng, hijratga izn berdilar.
Ummu Salama bu hijrat haqida shunday hikoya qiladi: «Abu Salama Madinaga ketishga qaror qildi va tuyasini hozirladi. Meni mindirdi. O’g‘lim Salamani ham quchog‘imga berdi. So‘ngra tuyaning no‘xtasidan ushlab, yo‘lga tushdi. Mening qavmimdan bo‘lgan Mug‘iyra o‘g‘illaridan bir necha kishi uning yo‘liga to‘g‘anoq bo‘lishib:
- O’zingniku bizdan qutqararsan, lekin xotining ham sen bilan ketishiga izn berishadi, deb o‘ylayapsanmi?! — dedilar va tuyaning no‘xtasini qo‘lidan tortib oldilar. Meni ham tuyadan tushirdilar. Shu payt Abdulloh o‘g‘illari, ya’ni, Abu Salama qavmining bu gapdan jahllari chiqdi.
— Agar siz bu ayolni eridan ajratsangiz, biz ham o‘g‘limizni uning oldida qoldirmaymiz, — dedilar Abdulasad o‘g‘illari.
O’g‘lim Salamani o‘zaro talashib, nihoyat, qo‘lini sindirishdi. Abdulasad o‘g‘illari uni olib ketdilar. Mug‘iyra o‘g‘illari esa meni qamab qo‘yishdi. Abu Salama Madinaga yo‘l oldi. O’g‘lim, erim va meni bir-birimizdan ayirdilar.
Har tongda Abtohga chiqib o‘tirar va oqshomgacha yig‘lar edim. Shu holda bir yil o‘tdi. Bir kun Mug‘iyra o‘g‘illaridan bo‘lgan amakimning farzandlaridan biri yonimga keldi. Ahvolimni ko‘rib, menga achindi. So‘ng Mug‘iyra o‘g‘illariga:
— Bu bechorani hanuz qo‘yib yubormadingizmi? Eri va o‘g‘lidan ayirganimiz yetmaydimi?! — dedi.
Shundan so‘ng Mug‘iyra o‘g‘illari:
— Istasang, eringaning yoniga ket, — deb meni qo‘yib yubordilar. Abdulasad o‘g‘illari ham o‘g‘limni qaytarib berdilar.
Tuyamga mindim. O’g‘limni quchog‘imga olib, Madinadagi erimga yetishish maqsadida yo‘lga chiqdim. Yolg‘iz edim. Tan’im degan joyga kelganimda Usmon ibn Talhani uchratdim. U Abduddor o‘g‘illarining birodari edi. Menga:
— Ey Abu Ummayyaning qizi, qaerga ketyapsan? — dedi.
— Madinada yashayotgan erimning oldiga.
— Yoningda biror kishing bormi?
— Alloh va shu farzandimdan boshqa hech kim yo‘q.
— Vallohi, seni yolg‘iz qoldirmayman.
So‘ng u tuyamning no‘xtasidan tutib, men bilan yo‘lga tushdi. Alloh taologa qasamki, undan qadrliroq boshqa biron kishi bilan aslo orqadosh bo‘lmadim. Kunoqlaydigan joyga kelganimizda tuyani cho‘ktirar, o‘zi orqaga o‘tib turardi. Men tushganimdan so‘ng, tuyani bir daraxtga bog‘lardi. Mendan uzoqroq bir joyga, bir daraxtning tagiga borib yotardi. Yana yo‘lga chiqadigan paytimizda tuyamni hozirlab, uzoqroqqa borib turar va «Min!» der edi. Men tuyaga minib, o‘rnashib o‘tirib olganimdan so‘ng kelib, tuyaning no‘xtasidan tutardi. Madinaga yetib borgunimizcha shunday qilishda davom etdi. Amr ibn Avf o‘g‘illarining Kubodagi qishlog‘i ko‘ringach:
«Ering Abu Salama shu yerda qo‘noqlagan edi, uni shu qishloqdan topasan, senga Allohning barakoti bo‘lsin», deb Makkaga qaytib ketdi.
Alloh yo‘lida tarqalib ketgan oila yana jamuljam bo‘ldi. Abu Salama o‘g‘li va zavjasini quvonch bilan qarshiladi. Anchadan beri oila ustida suzib yurgan qora bulutlar tarqalib, ularning o‘rnini sevinch va xursandchilik keltiruvchi rahmat bulutlari eshgladi.
* * *
Abu Salama Alloh yo‘lida jang qiluvchilar safidan joy oldi. Badrda qahramonlarcha jang qildi. Uhud tuprog‘iga toza qoni to‘kildi. Juda og‘ir yaralangan edi. Biroq Alloh taolo unga shifo berdi.
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Asad o‘g‘illari ustiga yuborilgan lashkarga uni amir qilib tayinladilar. Ular musulmonlarningUhudda yo‘qotgan azamat va haybatlarini qaytarib olish bilan birga ko‘plab ashyo va g‘animatlarni ham qo‘lga kiritib, muzaffar bo‘lib qaytishdi.
Ammo bu jangda Abu Salamaning eski jarohati ochilib ketdi. Ko‘p qon yo‘qotib, ahvoli og‘irlashib qoldi. Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) bosh tarafida turganlarida jon taslim etdi.
Ummu Salama bu o‘limni imon to‘la qalb va sabr bilan, Alloh taoloning amriga bo‘ysunib, eriga Alloh taolo shahidlikni ehson etganiga shukr qilaroq qarshi oldi.