Endi shubha qilmasa ham bo‘ladiki, bu uch narsaga toat qilish ta’siridan qalbga sig‘may qoladigan darajada xunuk sifatlar tarqaladi. Bu xunuk sifatlar hatto muhrga va qalbni halok qiluvchi, o‘ldiruvchi tamg‘aga aylanib qoladi. Shahvat to‘ng‘iziga itoat qilishdan behayolik, ifloslik, isrofgarchilik, ziqnalik, riyokorlik, nomussizlik, masxarabozlik, pastkashlik, harislik, o‘ta ochko‘zlik, laganbardorlik, hasadgo‘ylik, ginachilik, so‘kishish va boshqa narsalar sodir bo‘ladi. Ammo g‘azab itiga itoat qilishdan qalbga tarqaladigan narsalar - o‘zini tutolmaslik, yomon ishlardan saqlanmaslik, mutakabbirlik, o‘ziga katta baho berish, qattiq g‘azablanmoq, manmansirashlik, mazax qilmoq, yengil sanamoq, xalqni taxqirlamoq, yomonlikni istamoq, zulmkorlik va boshqa narsalar sodir bo‘ladi. Shahvat va g‘azabga itoat qilishdan shaytonga bo‘ysunish kelib chiqadi. Shaytonga itoat etishdan esa makr, aldoqchilik, hiyla, ayyorlik, surbetlik, fisq-fujur, fitnagarlik, xiyonat qilish, firibgarlik, behayo so‘zlarni gapirish va shunga o‘xshash narsalar hosil bo‘ladi. Agar bularning aksicha - robboniy sifatlarni hammasiga g‘olib qilsa, qalbida robboniy sifatlardan bo‘lgan ilm, hikmat, ishonch, narsalarning haqiqatini ihota qilish, ya’ni qamrab olish, ishlar qay tarzda bo‘lsa, ularni shunday bilish, bularning hammasiga esa ilm quvvati va qalb ko‘zining nuri bilan ega bo‘lish, ilmning yetukligi va ulug‘ligi bilan butun xalq oldida yurishga haqli bo‘lmog‘i qalbida qaror topar edi hamda shahvat va g‘azabga itoat qilishga muhtoj bo‘lmasdi.