Alloh bularning barchasini insonga oson bo‘lishi uchun mukammal, benuqson qilib yaratib qo‘ygan. Birgina misol, og‘zimizdagi tishlarni olaylik: ularning qadrini yoshi o‘tib, tishi to‘kilib, kuni sun’iy tishlarga qolgan qariyalardan so‘rang. E’tibor bergan bo‘lsangiz, yoshi ulug‘ insonlartaomni uzoq chaynab o‘tirishadi, ovqatlanish qo‘p vaqtni egallaydi. Chala chaynab yutilgan taom turli oshqozon-ichak kasalliklarini keltirib chiqaradi. Zamonaviy stomatolog — tish shifokorlari yasagan birorta yasama tish o‘z vazifasini Alloh ijod etgan tishlar darajasida to‘liq bajara olmaydi.
Ovqatlanganda mo‘minning diqqatini o‘ziga tortadigan mo‘jizalardan yana biri hid va maza bilish mo‘jizasidir. Inson vujudidagi turli a’zolarga Alloh hidlash, ko‘rish, his qilish hidoyatini ato etgan. Albatta, insonlarning ko‘pchilik qismi taomning hidi va mazasini hech qanday qiyinchiliksiz biladi. Hid va maza bilish xususiyati inson umrining oxiriga qadar xatosiz, dam olmasdan inson manfaati uchun xizmat qilishi ko‘zda tutilgan. Agar Alloh hid va maza bilish hidoyatini bermaganda, iste’mol qilinayotgan go‘sht, tuxum, meva-sabzavot, shirinlik va hokazo nozu ne’matlarning biz uchun hech qanday ahamiyati qolmasdi. Ahamiyati bo‘lmagach, ularni yeyish istagi ham yo‘qoladi. Oqibatda tanamiz ehtiyoj sezgan vitamin va oqsillarning kundalik ehtiyoji qondirilmay, kasalikka chalinishimiz mumkin. Shubhasiz, Alloh ne’matlarining har birining o‘ziga xos hidi va mazasini xatosiz bilish, U Zotga bo‘lgan shukrning kuchayishiga sabab bo‘ladi.