163-BOB
Mayyit haqida maqtovli so‘zlarni gapirish xususida
949/1. Anasdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Sahobalar bir janoza oldidan o‘ta turib, mayyitni yaxshilik bilan sifatlab maqtashdi. Shunda Rasululloh (s.a.v.): «Vojib bo‘ldi», dedilar. So‘ngra boshqa janoza oldidan o‘tib, mayyitni yomonlik bilan sifatlab qoralashdi. Rasululloh (s.a.v.) yana «Vojib bo‘ldi», dedilar. Umar ibn Xattob (r.a.): «Nima vojib bo‘ldi?» deganlarida, Rasululloh (s.a.v.) «Haligi yaxshilik bilan sifatlangan kishiga jannat, yomonlik bilan sifatlangan kishiga do‘zax vojib bo‘ldi. Sizlar esa, Allohning yerdagi guvohlaridirsiz», deb aytdilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.
950/1. Abul Asvaddan (r.a.) rivoyat qilinadi. Bu zot: «Madinaga borib, Umar ibn Xattob (r.a.) huzurlarida o‘tirgan edim. Bir tobutni olib o‘tib qolishdi. Shunda mayyit yaxshilik ila sifatlandi. Umar ibn Xattob (r.a.): «Vojib bo‘ldi», dedilar. So‘ngra boshqasi olib o‘tildi. Undagi mayyit ham yaxshi sifat ila maqtaldi. Umar ibn Xattob (r.a.): yana: «Vojib bo‘ldi», dedilar. Keyin uchinchi mayyitni olib o‘tishdi. Uni yomonlik ila sifatlashdi. Umar ibn Xattob (r.a.): «Vojib bo‘ldi», dedilar. Shunda men: «Nima vojib bo‘ldi ey Mo‘minlar amiri?», deb so‘ragan edim, Umar ibn Xattob (r.a.) xuddi Rasululloh (s.a.v.) aytganlaridek: «Qay bir musulmon kishining yaxshi ekaniga to‘rt kishi guvohlik bersa, Alloh uni jannatiga kirgizadi», dedilar. Shunda biz: «Uchta bo‘lsa-chi?» deb so‘radik, «Uchta bo‘lsa ham», dedilar. «Ikkita bo‘lsa-chi?» degan edik, «Ikkita bo‘lsa ham», dedilar. Ammo «Bitta bo‘lsa-chi?» deb so‘ramadik», dedilar. Imom Buxoriy rivoyatlari.