240-bob
Oldi-sotdi, oldi-berdi va qarz berish-qarz olishda muloyim bo‘lish hamda o‘lchash va tortishda ko‘paytirib berishning fazilati haqida
Alloh taolo:
«Qanday yaxshilik qilsangiz, shubhasiz, Alloh uni bilguvchidir» (Baqara surasi, 215-oyat);
«Ey qavmim, o‘lchov va tarozini adolat bilan to‘la tortingiz! Odamlarning narsalarini urib qolmangiz va yerda buzg‘unchilik bilan sanqib yurmangiz» (Hud surasi, 85-oyat);
«(O’lchov va tarozidan) urib qolguvchi kimsalarga halokat bo‘lgay. Ular odamlardan (biron narsani) o‘lchab olgan vaqtlarida to‘la qilib oladigan, ularga o‘lchab yoki tortib bergan vaqtlarida esa kam qilib beradigan kimsalardir. Ular o‘zlarining ulug‘ bir Kunda - barcha odamlar butun olamlar Parvardigori huzurida tik turib (hisob-kitob beradigan qiyomat) Kunida qayta tirilguvchi ekanliklarini o‘ylamaydilarmi?» (Mutaffifun surasi, 1-6-oyatlar) deb aytgan.
1366/1. Abu Hurayradan (r.a.) rivoyat qilinadi. Bir kishi Rasulullohdan (s.a.v.) qarzini qo‘pollik bilan talab qildi. Bu narsani ko‘rib sahobalar (uni jazolashga) qasd qilishdi. Rasululloh (s.a.v.) «Qo‘yinglar, chunki haqdor kishining so‘zlashga haqqi bor», dedilar. Keyin u zot: «Tuyaga teng tuya beringlar», degan edilar, sahobalar: «Ey Allohning rasuli, uning tuyasi kabi kichigi yo‘q ekan, undan kattasi bor ekan, xolos», deyishdi. Shunda Rasululloh (s.a.v.) «Beraveringlar, sizlarning yaxshilaringiz qarzini chiroyli tarzda to‘lovchilaringizdir», dedilar. Imom Buxoriy va Muslim rivoyatlari.
1367/2. Jobirdan (r.a.) rivoyat qilinadi. Rasululloh (s.a.v.) «Oldi-sotdida va qarzni talab etishda muloyimlik qilgan kishiga Alloh rahm etsin», dedilar. Imom Buxoriy rivoyati.