ONAM EKKAN RAYHONLAR
Onam Ergashxon Yo‘ldoshboy qizi xotirasiga
Hovlimizga jannat bo‘yin taratgan,
Sabolarga ifor tutgan, yayratgan,
Ko‘kdan oyu oftobin ham qaratgan,
Borlig‘ida malaklarmi nihonlar,
Rizvon ekan onam ekkan rayhonlar.
Kapalaklar arimasdi qoshidan,
Bolarilar ketolmasdi boshidan,
Unganmidi, onamning bardoshidan,
Oh kaftdagi jannat, derdi giryonlar,
Ehson ekan onam ekkan rayhonlar.
Garchi gul ko‘p bu olamda iforli,
Qo‘l cho‘zsang gar ozorligu, tikonli,
Tarovatli, muslim kabi iymonli,
Uni arshdan tushirmishmi posbonlar,
Jahon ekan onam ekkan rayhonlar.
Har tong turib siypalardi gul yuzlarin,
Erkalagan ona kabi qizlarin,
Sirdosh bilib aytganmi dard, so‘zlarin
O‘sha chog‘lar neni qilmish bayonlar,
Doston ekan onam ekkan rayhonlar.
Boshim qo‘ysam men ko‘ksiga onamni,
Rayhon isi chulg‘ar edi tanamni,
Oh, u jannat tark etdimi olamni,
Yaprog‘iga yig‘lab taqdim marjonlar,
Fig‘on ekan onam ekkan rayhonlar.
Ona desam zor titraydi bu jonim,
Ketdimi-ya bor davlatim, jahonim,
Mehribon yo‘q, qayda u mehribonim,
Dardim endi qanday tutay pinhonlar
Darmon ekan onam ekkan rayhonlar.
Sog‘inchimga bu dunyoda yo‘q chora,
G‘arib bog‘man, bog‘bonsiz qalb ming pora,
Onamsiz men kim bo‘ldim, bir bechora
Tatirmidi menga bu shirin onlar,
Davron ekan onam ekkan rayhonlar.
Bir kun men ham bu dunyodan o‘tarman,
Balkim, qo‘lda rayhon bilan ketarman,
Shunday onam diydoriga yetarman,
Darkor emas bundan o‘zga unvonlar,
Imkon ekan onam ekkan rayhonlar...
"Yoshlik" jurnalidan olindi.