]Ichingda iloning bormi? Ba’zi odamlar jussasi kichik bo’lsa ham to’g’ri ichak bo’lganidan yeb to’ymas bo’lishadi. Hammadan ko’p iste’mol qilsa ham nafsi orom olmagan bunday kimsalarga keksalar: nima balo, ichingda iloning bormi, deyishadi. Go’yoki u yeyapti, yutyaptiyu, kimsaning ichida joylashib olgan ilon og’izga tushgan luqmani yutaverib, haq deb qarab turganday. Tag’in bir ma’nosi, ba’zi bolalarning ichida ilonchagi — gijjasi bo’lib, yegani o’ziga yuqmaydi, rangi siniq, o’zi rangpar, ozg’in bo’lib yuradi. Opvqatni ishtaha bilan tushirib, sal nafsi qoniqqan shaxsga nisbatan ham odamlar: "œiloningning boshi qaytdimi, haytovur", degan iborani ishlatishadi.
Ichimga issiq kirdi. Tanamga jon kirdi, o’zimga keldim, jonimni chaqirib oldim, jonim jasadimga qaytdi, iboralarining muqobili. Ichimga issiq kirdi, deganda o’lguday sovqotib, tirishib turgan edim, ichim, bag’rim, qo’ynim isidi ma’nolari mujassam. Ichi isish — issiq kirishining sababi — issiq ovqat iste’mol qilishdandir. Aroq ham, laxcha cho’g’ o’tin ham kishi ichini isitishi, issiq bo’lib kirishi mumkin.
Ichidan pishgan. Xorazm qovunlari, lalmi tarvuzchalar ko’rinishida juda ko’rimsiz, xamakday tuyulsa-da, aslida ichidan pishgan, shirin bo’ladi. Inson hayotiga ko’chirilganda, ichidan pishgan iborasi juda pishiq, qipchagar, puxta, mug’ombir, ishning ko’zini biladigan, bilgani ichida odam, ma’nolarini beradi. Ichidan pishib yuribdi, deganda keksa kishilarni qovunday pishib yuribdi, bir kun uzilganini bilmay qolasan, deyishadi. Ichidan pishgan — ketidan qarigan, iborasining muqobilidir.
Keyingi mavzu: "œQornimgamas qadrimga".