Hazratning ota-bobolari, onalari haqida ma’lumotlarga ega bo’lmaganimizdan faqat ularning nomlarini zikr qilish bilan chegaralandik. Shayx Abu Bakr Muhammad Qaffoli Shoshiyning tug’ilgan yillari ham hozircha aniqlanmagan bo’lsa-da, u kishi Shoshda — Toshkentda Ali Qaffoli Shoshiy oilasida dunyoga kelganlar. Muhammad o’sha davrning udumiga ko’ra boshlang’ich va madrasa ta’limini o’z vatanlarida olganlar, so’ng Buxoro, Samarqand, Bag’dod, Damashq shaharlaridagi olimu fuqaho — fiqh ilmining bilag’onlaridan ta’lim olganlar. Ma’lumki, X asrda sunniylikda islom qonunshunosligi sohasida to’rt mazhab — xanafiya, molikiya, xanbaliya va shofeiya mavjud bo’lib, ular fiqh masalalarini sharhlashda ma’lum o’ziga xosliklarga ega edilar. Shayx Abu Bakr Muhammad Qaffoli Shoshiy fiqhdagi bu mazhablardan shofeiyaning tarafdori sifatida faoliyat ko’rsatadilar. Shu narsa aniqlanganki, shofeiya mazhabining asoschisi Abu Abdulloh Muhammad bin Idris ash-Shofeiy (767—820 yillar) bo’lib, u fiqh ilmi uslubiyatining (usul-al fiqh) asoschisi sifatida e’tirof etilgan. U ijmo — Kengashib ma’lum bir xulosaga Kelish usulini shaxsiy mulohazaga asoslanishdan ustun qo’yardiki, bu usul — ijmoni barcha mazhab tarafdorlari ma’qullar edilar.
IX-X asrlarda shofeiya Bag’dod va Qohiradagina emas, balki Makka, Madina, Suriya, Kirmon hamda boshqa o’lkalarda keng tarqaldi. Xuddi ana shu davrda Shayx Abu Bakr Muhammad Qaffoli Shoshiy Bag’dod, Damashq, Makka, Madina, Shofeiya mazhabining asoschisi Abu Abdullo Shofeiy tug’ilgan G’azo shaharlariga bir Necha marta safar qilib, Shofeiyaning nazariy va amaliy masalalarini chuqur o’rgandi, o’z ona diyoriga qaytgach, shofeiyaning Movarounnahr va Turkistonda tarqalishiga asos solganlaridan hazrat shayx Abu Bakr Muhammad Qaffoli Shoshiyga nisbatan imomu asratin — zamonning imomi («imom» so’zi sunniylikda shariat mazhablari, jumladan, shofeiyaning asoschilariga nisbatan ham qo’llanilgan) hamda «Kibori ulamoi shofeiya» — shofeiyaning ulug’ ulamolaridan biri faxriy unvonlari berilgan edi. Ana shundan so’ng Shayx Abu Bakr Muhammad Qaffoli Shoshiyning muxlislari faqat Movarounnahr va Turkistonda emas, balki Arab mamlakatlari, jumladan, Bag’dod, G’azoda ham ko’payadi. Shuning natijasida Xoja Ahrori Valining ota tomonidan ajdodlari bo’lgan Xoja Muhammad Nomiy Shayx Abu Bakr Muhammad Qaffoli Shoshiy Bag’dodda bo’lganlarida ularning suhbatlariga qatnashib, u kishida Valilik fazilatlarini kuzatib, muxlis bo’lib qolib, Bag’doddan Shoshga keladilar-da, hazrat Shayxning xizmatlarida umr kechirib, shu yerda uylanib, farzand ko’rib, turg’un bo’lib qoladilar.