385-FATVO
Mayyitni yuvish tiriklar zimmasidagi vojib amallardandir. Bir marta yuvish vojib. Uch bor yuvish sunnat. Mayyit xilvat joyda to‘la yechintirilib, taxta ustiga yotqizilgan holda yuviladi. Taxta bir yoki uch, yoxud 5 marta mijmar (isiriqqa o‘xshash ud nomli xushbo‘y giyoh) bilan dudlangan bo‘lishi lozim. Mayyitning avrati (kindigidan to tizzasigacha) biror matoh bilan yopib qo‘yiladi. Ba’zi ulamolar faqat g‘aliza avrati yopilsa kifoya, sonlari ochiq qolsa zarari yo‘q, deydilar.
«Olamgiriya», «Zahiriya», «Hidoya»
386-FATVO
Mayyit yuvilganda istinjo ham qildiriladi. Bu Abu Hanifa (rh.)ning so‘zidir. G’assol buning uchun qo‘liga latta o‘rab oladi. So‘ngra balog‘at yoshida bo‘lsa, tahorat ham qildiradi. Og‘iz-burunlari chayilmaydi. Yuzidan boshlab iliq suv bilan yuviladi. Ba’zi ulamolar og‘iz-burni suv bilan yuvilmasa-da, g‘assol barmog‘iga yupqa lattani o‘rab, lab va tishlarini artib tozalaydi, burniga ham o‘sha barmog‘ini tiqib, yetgan joyigacha artadi, deydilar. Boshiga mashham tortiladi. Chap va o‘ngiga ag‘darib yuviladi.
«Olamgiriya», «Muhit», «Javhara», «Qozixon», «Zahiriya»