Murod Mansur. Judolik diyori (2-kitob)  ( 202901 marta o'qilgan) Chop etish

1 ... 45 46 47 48 49 50 51 52 B


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:30:06

Kirdilar. O‘shal pastak, yolg‘iz derazasi bolaning bo‘yidan oshmagan, eshigidan ham engashib kirib borilgan qora chiroqli kulbada o‘tirib, zarang tovoqda mezbon aytgandek, yarim cho‘michdan et-sho‘rvaga non to‘g‘rab ichdilar. U chindan o‘sha hovlidagi tosh o‘choqqa osilgan dekchada pishganmidi yo bo‘lak joyda — ta’mi og‘izda qoladigan, o‘zi bu dunyoning taomi bo‘lmagan edi. Eti qay jonivornikiyu suvi qay buloqniki ekan, mehmonlar dunyoga kelib bunday mazali yovg‘on ichmagan edilar. Alqay desalar qaytarib so‘raganga o‘xshab ketar, alqamasalar zarang kosani yalagulari kelaverar edi.
Dasturxonga fotiha o‘qilib, bu kulbada ham musulmon dunyosining har chekkasidagidek, yer-joy egalari, o‘tgan-ketganlar haqqi, duo umidida bo‘lgan arvohlar haqqi ikki kalima qur’on tilovat qilindi. Alloh o‘z panohiyu hifzu himoyasida saqlashini so‘rab, turdilar.
Ro‘zimuhammad shu yerga yetguncha ham kelishuv haqda og‘iz ochmagan edi, otlarga qayta egar urdirayotib yorildi:
— Boy ota, rozi bo‘ling. Men Sizlarni shu odamga, u kishini esa Allohga topshirdim. Og‘am butun umri shu tog‘da kechgan. Dovonning har bitta o‘ru qiri, yol-g‘izoyoq so‘qmoqlari, hatto arxar yurgich yerlari ma’lum bu kishiga. Qolaversa, dovondan birinchi odam olib o‘tishlarimas. Sizga ixloslarini esa, ko‘rdiz. Azonga qadar dovonga yetib chiqolsangiz, u yog‘i bir qadam — bomdodni vatan tuprog‘ida o‘qigaysizlar, — dedi u.
— Qani edi, — dedi Aka pochcha.
— Aytganingiz kelsin, — dedi Xudoyberdi.
— Qanday yaxshi, — dedi bolakay shu qorong‘i kechada irg‘ishlab.
— Rahmat, Ro‘zimuhammad, — deb qarolini, qaroli emas, go‘yo farzandini quchib, ko‘zlariga yosh oldi Mirzahoji.
Biroq hech kimning xayoliga inshaalloh degan so‘z kelmasdi.

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:30:26

* * *

Ular to‘rt otliq oldinma-ketin sel yo‘li bilan bir-birlariga ergashib, baholi qudrat tepaga o‘rlab borishar, oldinda tog‘ qorovulining xachir oti, undan keyin tizgini yo‘l boshlovchining o‘ng tirsagidan bir daqiqa ham bo‘shalmay kelayotgan eng baquvvat to‘riq ot — uning egariga yumshoq yostiq bog‘lanib, boy ota o‘tkazilgan, o‘zlari bellariyu korsonlaridan o‘sha otu egarga chirmab tashlangan hollaricha egar qoshini mahkam changallab borar, yonlarida otini yetaklagancha har ehtiyot shart tizzalaridan ushlab, Xudoyberdi kelar, eng orqada Saritoyni mingashtirib (har zamon ketiga shapatilab qo‘yadi, uxlab qolma deb) olgan hamsoyasi edi.
Pastda o‘rik sarg‘aygani bilan bu yerlarni hali bahor o‘z hukmiga olib ulgurmagan, ayamajuz shamollari huvillab yotar, kunduzi salgina erib jildiragan qor suvlari qaytadan tiyg‘onchiq muzga aylanib, ot oyoqlari ostida goh qirsillab sinib, mayda-mayda bo‘lib ketar, goh otni ham tiyg‘ontirib, munkitay der edi.
Sovuq yuzni yalab, barmoqlarga so‘zak kiritib borar, ular hech narsani sezmas bir holga kelgan edilar. Og‘izdan chiqayotgan hovur-ku hech qancha o‘tmay soqol-murtlarda oq qirovga aylanib qolyapti. Go‘yo hammaning soqoli bir kechada oqarib chiqqandek. Bular shunchalik, Hoji buvaning holi ne kechdiykin?..
Chindan to‘n ustidan chakmonga o‘ralib olgan Hojibuvaning oyoq-qo‘llaridan allaqachon muz o‘tib, chivindek joni tanining qay burjiga qochishni bilmas, butun vujudi titrab-qaltirmoqqa tushgan edi.
Dovonga qancha qolgan, otlar tuyog‘i ostida shig‘irlagan bu yax-muz, bu qum-tosh qachon tugaydi, qachongacha bu otlar kuchanib-pishqirib o‘rlaydi? Yuzni kesib, teskari qilib yuborgudek bu izg‘irin qachon to‘xtab tinadi, qachon bir panaroq joyga tushiladi? Qachon jonni qo‘shib yalab ketgudek bu sovuq, bu yalanglik tugaydi, qachon pastlay boshlashadi, bilib bo‘lsa, o‘lsin agar. Har shamol huvillab o‘tganda bir g‘alati, tanish ovoz yangrab ketadi: ulardan hurkib «qiv-qiv-qiv»lagan bir qush uchib ketadiyu yana qaergadir qo‘nib olib, chaqirmoqqa boshlaydi: huq, huq, huq... Xuddi anavi kungidek, o‘z qo‘rg‘onida eshitganidek. Shu sovuq kechada unga nima bor ekan? U-ku yurtiga, ota tuprog‘iga yetib olish uchun chidab boryapti, ukkiga nima zarur? Yoki aslida hech narsa yo‘g‘u unga shunday tuyulmoqdami? Xayoliga shunday o‘rnashib qolib, ta’qib etib borayotirmi? Nega? Shaytonni quvib solmoq mumkin — duo-si bor. Duosini o‘qisangiz orqasidan yel chiqarib qirq gaz nari qochgay. G‘am-musibatni qaytarmoq mumkin. «Hasbiyallohu»ni o‘qigaysiz. Lekin bu boyqushni, izma-iz ta’qib etib kelayotgan tun qushini qanday haydamoq mumkin? Shunga kelganda... eshitmagan ekan. Eshitgan bo‘lsa ham... yodiga tushmayapti hech. Har narsaga yetgan ilmi shunga kelganda oqsamoqda. Bunga sari ich-ichidan bir qaltiroq turib, so‘ng o‘sha qaltiroq- qa qo‘shilib, vujud-vujudini xunuk bir g‘ashlik kemirib bormoqdaki, o‘zi ayozda qolgan bargdek, xa- zon yanglig‘ titraydi. To‘ngib qolgan qo‘llari egar qoshidami yo tagidagi ot nogoh munkib ketsayoq o‘mbaloq oshib ketadimi, bilolmay halak. Nazarida nuqul omonat bir narsaga o‘xshab ketyapti. Balki Xudoyberdining otini atab chaqirmoq lozimdir? Nega uning tizzasidan tutib kelayotgan qo‘l... yo‘qolib-yo‘qolib qolmoqda?

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:30:47

G‘uj-g‘aj, g‘aj-g‘uj, chirs-mirs, mirs-chirs — otlar goh qordan, goh muzdan bormoqdalar.
Gup, gup, gup — mushtdek yuragi bo‘g‘ziga tiqilib keladi negadir.
Huq, huq, huq — sayrashini qo‘ymaydi o‘sha tungi qush. U goh orqada qolib ketadi. Goh bu yonga, goh u yonga o‘tib oladi. Huq, huq, huq... Mana hozir o‘ng yonidan kelmoqda bu savil ovoz.
Ergashgani-ku mayli, lekin oldilariga o‘tib olmasa bo‘lgani. Sarhaddan o‘tib, ota tuproqqa yetib olgunlaricha qo‘yib bersa bo‘lgani. Qo‘yib berarmikan?
Nima kerak unga? Nimani chaqirib qo‘ymayapti? Ko‘ksida potirlab, bo‘g‘ziga tiqilayotgan narsanimi? Jon qushini-ya?
Alloh asrasin. Tong oqarmay, Allohning farzini ado etmay turib, qadami ota tuproqqa tegmay turib beradimi jon... qushini? Yetdim deganda yiqiladimi? Yurt nafasi kelmay turib, nima bo‘lyapti? Jilla qursa, jilla qursa, tong yorishsin. Azon aytilsin. Bomdod vaqti kirsin. So‘nggi namozni o‘tab turib, ota tuproqqa o‘ng yoni bilan yiqilsa ham mayli. «La ilaha illalloh»ni aytib ulgirib. Shungacha qo‘yib ber, ey karamli Allohim. O‘zingdan muhlat so‘rayman. Jilla qursa, yetib boray sarhadga, o‘shal muqaddas tuproqqa. Uning bo‘ylariga, nasimlariga. Jilla qursa, shovurini eshitay u diyorning. Tuyay bo‘ylarini. Bomdodga qadar qo‘yib ber O‘zing.
Dor tagidagilarga-da ikki rakat namoz o‘tamoqqa ruxsat etgaylar. Ikki kalima Qur’on tilovat qilmoqqa izn bergaylar. Hatto podshohlar ham. Sen ikki olam molikisan, podshohlarning podshohi. Karami keng zotsan. Bomdodning ikki rakat farzini ado etmoqqa, so‘nggi bor o‘zingga sajda etmoqqa izn ber. Majol ber, mador ber, muhlat, kuch-quvvat ber, ey mehribonlarning mehribonrog‘i. Quvg‘indi qulingni gunohlarini afv et, ko‘z ochib ko‘rgan yurt tuprog‘iga bosh qo‘ymoqqa ijozat et. Jilla qursa, balandroq yerdan nasib et: o‘zimiz yetolmaganimiz yetolmagan, yurt nasimlari mozorimiz uzra esib tursin, yetib tursin vatan bo‘ylari...
Keyin Mahfuzasini chaqiribmi, bedarak ketgan kuyovini chaqiribmi, alahlay boshladi:
— Kuyovto‘ra, men Sizga ishonib edim. Boturlar ahli ayollarini, vatanlarini deb yashamaslarmi?
Holdan toygan Xudoyberdi sergak tortdi. Hoji otaning oyoqlariga yopishib-etib yurishga oshiqdi.
— Hoji ota, oz qoldi, sabr eting, — deb dalda bermoqqa urindi. — Men yoningizdaman, shu yerda- man.
Tun qushi endi chap yoniga o‘tib olgan, ovozi oldinroqdan kelmoqda edi negadir:
— Huq, huq, huq...
Tuyoq ovozlari ham ayqashib-uyqashib ketayotir: «chirs-mirs, mirs-chirs, g‘aj-g‘uj»...
Nimalar bo‘lyapti? Ko‘z oldiga kimlar kelib olyapti? Eng yaqinlari, jigarlari-ku. Sog‘inib yo‘qotganlari, yo‘qotib topmaganlari-ku! Mahfuzasi-ku!

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:30:58

— Ona qizim, opoq qizim, meni kechirib qo‘y. Senga javr ettim.
Xudoyberdi qo‘rqib ketdi. Jon holatda boy buvaning oyoqlariga yopishib, tizzalariga shappaladi:
— Hoji buva! Boy ota! Sizga ne bo‘ldi? Qo‘rqitmang bunday! Yo to‘xtaylukmi?
Uning shovqiniga tog‘ qorovuli ot tizginini tortib, orqasiga o‘girildi:
— Ne bo‘ldu?
Boshqa otlar ham pishqirib-pishqirib to‘xtadilar. Aftidan ular ham holdan toygan, burun ustlari oqarib ko‘rinar edi.
— Taqsirimning toblari qochdi shekilli, alahlayaptilar, — U nima qilamiz, degandek tikildi.
— Ayoq-qo‘ldarinu uqalab baqungchu, zora beru qarasalar... Yetub qolduk.
— Qaranglar, ufqlar ham yorishib kelyapti. O‘lmagan qulni tongga yetkazar, — dedi orqadagi hamsoyalari. Tizzasidagi bola endi uning ko‘ksiga bosh qo‘yib, dong qotgan, uyqu sovuqni ham yenggan edi.
Xudoyberdi otning hali u tomoniga, hali bu tomoniga o‘tib, boshsiz chavandozdek o‘tirgan qariyani (ortidan shunday ko‘rinar, boshi oldga tushib ketgan edi) hali qo‘llarini, hali oyoqlarini jon holatda uqalab qaro terga tushgan, uni o‘ziga keltirolmas edi.
Bir muddat o‘tib qariyaga jon bitib, u yo‘qlik-borlik orasidan bu dunyoga qaytgandek, boshini bazo‘r ko‘tardi. Birinchi so‘zi:
— «Allohga shukr, bomdodga ham yetibmiz», — bo‘ldi. So‘ng atrofiga alanglab kimnidir izladi. Topib so‘radi:
— Xudoyberdi, azon chaqirdingizmi?
Xudoyberdi borlik-yo‘qlik orasiga tushib kalovlandi, so‘ng rostiga ko‘cha qoldi:
— Yo‘q, boy buva, xudo xohlasa, endi chaqiramiz. Picha bor, sahar kirishiga.
— Shundaymi? — dedi chol.
— Bu halu yolg‘on subh, chin subh — subhi soduqqa jichcha bor. Biroz yura turaylukmidi, — dedi tog‘ qorovul ham.
— Ixtiyor Sizda, — dedi qariya, — lekin yo‘l deb... bizni namozdan judo etmagaysiz?
Tog‘ qorovuli umrida birinchi marta g‘alati tortib ketdi. O‘zini bu avliyodek odamning oldida haqirdan-haqir tuyib, qimirlashga-da, yo‘l boshlashga-da ojiz sezdi.
So‘ng uzrini bildirib:
— Jindek yursak, sarhaddan o‘tib o‘qirdik, — dedi.
— Sarhad?!.

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:31:11

Eshon buvaning og‘zidan uchgan so‘nggi so‘z shu bo‘ldi. Uning vatan ilinjida ado bo‘lgan yuragi xushxabarni ko‘tarolmagan edi. Jon qushi o‘sha so‘z ila qo‘shilib, chiqib ketib bo‘lgan, boshi ko‘ksiga shilq etib tushgan edi.
Boyqush ham chaqirmas, otlar ham jim edilar.
Sarhad tomondan yolg‘iz azon tovshi eshitilar edi.
Hojimni shosha-pisha egardan yechib olib, tekis bir joyga oyog‘ini qiblaga qaratib yotqizdilar. Va nima qilmoq haqida maslahatga o‘tirgan joylarida qibla tarafdan aniq tilovat ovozi kela boshladi. Hammalari hayratda qotib qoldilar.
Ko‘rinmas qori Fajr surasini yakunlab o‘qir edi:
— Yaa ayyatuxannafsul mutumainnax! Irujii ilaa robbiki roziyatammaruziyax. Fad xulii fii ibaadii vad xulii jannatii. Ma’nosi bunday edi: «Ey qaror va orom topgan jon. Qaytgil Parvardigoring tarafiga rozi bo‘lgan va rozi bo‘lingan holda. Va dohil bo‘l bandalarim oralariga va dohil bo‘l jannatimga».
Uni farishtalar o‘qirmidilar, inslarmi — hech kim bilolmadi.

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:31:33

13. HOJI BUVADAN YODGOR SOVG‘ALAR
Hikoyachimizga ma’lum qissaning davomiga


Ruhim judayam yengil, qushday uchib ketsam-da, mumkin edi. Axir, hazilmi! Men odam siyoqidan chiqarib qo‘ygan Parpi bebaxtni (yana qay ahvolda!) topgan, akamning omonatini yetkazgan va nihoyat Yakkabog‘da oxirgi vaqtlarda akamning nomidan ish ko‘rib yurgan sirli kishilarni bugun o‘z ko‘zim ila (men ehson berilgan xonadonda movut chakmon kiyib xizmat etgan kishilarni aytmoqdaman) ko‘rgan edim.
Nasibni qarang. Bu voqeaga mengina emas, Olim akam ham shohid bo‘lib qolgan, uning-da hayrati cheksiz edi. Pochcha aytmoqchi, Olloh chindan ham chevar, qudratluv zot. Bo‘lmasa, kim ishonadi Parpi bebaxtning bir vaqtgi yigitlari hali ham uning xizmatida ekan degan gapga?! Yana qanday xizmatki, eshitgan faqat havas qilmog‘i mumkin. Xayr-xo‘shlashib qaytayapmiz-ku hali-hozirgina ko‘rgan-eshitganlarimiz ko‘z oldimizdan ketmas, uning taassurotidan chiqolmas edik.
— Voh, bizga shuni ilingan edingizmi?! Rahmat Sizga! — dedim old o‘rindiqda o‘tirgan pochchaga.
Hamon burnilariniyu unga qo‘shib soqollarini mamnun-mamnun silab-siypab qo‘yayotgan pochcha xumdek boshlarini orqaga tashlab, ko‘zlari qirila menga qarab qo‘yib, jilmaydilar:
— Hidoyat degani shu, bo‘tam. Agar ko‘r hidoyat topsa, o‘n sakkiz ming olamni ko‘ra boshlaydi. Kar rahmat topsa-chi, jami mavjudotning tasbehotini tinglay boshlaydi. Bular bosh-ko‘zi butun odamlar-ku.
— Harqalay, g‘alati-da, — dedi Olim akam yo‘ldan ko‘zini uzmay va meni quvvatlab. So‘ng qo‘shdi. — Hammasidan anuv odamning bularni izzatlab kelgani-chi. Boshqalar oyog‘ining tagiga qo‘y so‘ysa bormas.
— Ha-a, Hoziq to‘ramni aytasanmi? Ma’ruzalariga to‘ymay qoldik-da, to‘ymay. Bir yerga shoshib turgan ekanlar. Uzrlarini eshitib, javob berdik tag‘inam.
— Uzrlari? — dedim men hayron qolib.
Nusrat pochcha tushuntirdilar:
— Bir musofirgina shifoxonaga tushib qolgan ekan, shunga javob tegadirgan ekan.
Yuragim shig‘ etdi. Yalt etib qaradim u kishiga:
— Musofirmi, musofirginami? — deb qaytarib so‘radim.
— Kelin ekan, shekilli, jujug‘i ham bormish. Olib bormasam bo‘lmas, dedilar.
Voh! Peshonamdan muzdek ter chiqib ketdi. Ana, xolos! O‘sha bo‘lsa, biz nima degan odam bo‘ldik?! Ikki birdek qaynisi turib, u kishi borsalar — uyat- ku! Nahot xabarsiz qoldik? Balki biz chiqib ketgach, orqamizdan qo‘ng‘iroq bo‘lgandir. Topisha olmayotgandir?
Birpasda ne xayollarga borib keldim. Lekin yonimdagilarga churq etib, og‘iz ocholmasdim.

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:31:49

Balki umasdir, Kennoyim men qolib, u kishiga aytmasa kerak edi? Yana kim biladi, deysiz.
Bu orada mashina g‘iz etib, pochchanikiga yetib borgan edik. Tusha boshladik. Men aytolmayman, pochcha qistashlarini qo‘ymaydilar. Ichimni esa it tatalab boryapti.
— Sho‘tga kelib kirmasang, xolang nima deydi? Xafa bo‘ladi-ku.
Xafa bo‘lishlari aniq. Lekin...
— Yedik-ichdik. O‘zlarini ko‘rdik, — dedim, qani javob bera qolsalar.
Axiyri:
— Hoy, Sanobar, bularing bilan o‘zing gaplash, — deb ichkari qarab yuraverdilar. U kishi hassalarini zardaliroq tashlab borardilar. Qarasak, chindan xafa bo‘lyaptilar, noiloj ergashdik.
— Yo‘q-yo‘q, mana, kelyapmiz...
— Ha, bu boshqa gap. Qutlug‘ uydan bir piyola choysiz ketib bo‘ladimi? Qolaversa, biz ham g‘animat.
Qarasam, tushuntirib bo‘lmaydigan:
— Unday bo‘lsa, men uyga bitta qo‘ng‘iroq qilib olay. Harqalay-da, qidirib yotgan bo‘lishmasin, — dedim.
— Yaxshi-yaxshi. Ana, derazada turibdi, beminnat,— dedilar u kishi.
O‘sha gapni eshitganimdan beri yuragim hapriqadi. Nazarimda qidirib topisholmayotgandek. Axiyri numerimizga tushdim, uni ayolim ko‘tardi.
— Saida, men...
— Voy, adasi-ey, qaerlarda yurasiz-ey.
Xuddi yuragim sezganidek edi, tavba.
— Tinchlikmi? Aytsang-aytaqolmaysanmi? — dedim ichim g‘urmishlab.
— Axir kennoyiz chiqishlari kerak ekan-ku bugun. Siz bo‘lsangiz...
— Kim aytdi? Qachon aytishdi?
— Sizlardan keyinoq, ketishlaringiz bilan...
U yog‘ini eshitib o‘tirmayoq javob qildim:
— Yaxshi, biz jo‘nayapmiz. Unasalar obboraman, bo‘lmasa, kutma, — dedimu go‘shakni tashlab qayril- dim.
Ular anjirning tagidagi pastak yog‘och supaga o‘tirib, fotiha qilishayotgan ekan. Borib men ham qo‘shildim.

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:32:03

— Ha, tinchlikmi? — dedilar xolam yuzlariga fotiha tortib bo‘liboq.
— U yoqdan kelgan keliniz, — dedim men.
— Qaysi? Akangga tegishli anuv musofirginami? Daragi chiqdimi, qaerdan chiqa qoldi? — deb bir yerga yetib so‘ray ketdilar.
— Shifoxonaga tushib qolgan ekan, bugun chiqadi ekan, aybga buyurmaysizlar, — dedim men o‘rnimdan qo‘zg‘ola boshlab.
— Voy, umi? O‘sha mushfiqa kelinuvza-ya? Kelavurmaydimi bu yoqqa? Boshuvzaga ko‘tarovza-ku.
— Bor, bolam. Bora qolinglar. Ko‘ngli yarimtaning ko‘nglini olaqolinglar. Unasa, olib kelinglar. Akaginangning ahli ayoli, — deb pochchaning o‘zlari duo qilib, tura boshladilar.
Faqat Olim akam o‘ziga kela olmas edi: hozirgina ichkariga qistab qo‘ymayotgan odamlar kennoyimning daragini eshitiboq, bundoq o‘zgarib qolishlari chindanam g‘alati va tushunarsiz edi unga.
— Yuraqoling, «Volva»ngiz shu bugun asqotmasa, qachon asqotadi? Qolaversa, kennoyim bizni ko‘rib, akamni ko‘rgandek bo‘ladi, — dedim men.
Jo‘nadik. Shundan keyingina Olim akamning savol qutisi ochilib ketdi. Ungacha pochchanikida iymanib turgan ekan.
Men hamma-hammasini — bizning yurtga qanday kelib qolganiyu avval pochchaning shahar hovlilarida, so‘ng biznikida turganidan tortib, Akmal cho‘loqning dalaga chiqasan, deb qilgan qiyin-qistoqlari, chiqqach odam qo‘yib o‘ziga ilintirmoqchi bo‘lganlarigacha, unamagach tuhmat yo‘liga o‘tganlarigacha va bu tuhmat, gap-so‘zlarga chidolmagan kennoyijonim (men buni keyin bildim-ku) bir tong shaharga tushib chiqaman deb ketgancha badar ketganlarini, biz hech yerdan topolmaganimizni aytib berdim. Oradan necha yil o‘tib, Far-g‘onalarda ishlab kelgach, bir ajoyib kunda, hech ham kutmaganimda, uni shifoxonadan topib olganimni, hozir bir shirin farzandi borligini aytdim. Ammo Chaman akam, akamning o‘sha qiyomatli do‘sti haqida esa, og‘iz ochmadim. Qanday tushunadi deb aytmadim. Qolaversa, bu tarix haqida Chaman akamning omonat gapidan bo‘lak nimaniyam bilaman?!
Olim akam hiyla jim qoldi. Shunaqa so‘nikib ketganki, nazarimda hali-veri og‘iz ochib bir nima deya-oladigan holda emasdi. Chekkalariga oq oralab, o‘zi sal to‘lishib, peshonasiga bevaqt ajinlar tusha boshlagan bu xolavachcham yo‘ldan ko‘zini uzmay ketayotgan bo‘lsa-da, xayoli allaqayoqlarda kezar edi.

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:32:30

To‘zib ketgan xonadonlarini o‘ylayaptimi, shu vaqtga qadar bir boshpana, bir qurg‘on qurib, odamlardek vatan tutolmaganlarini, boshlarini qovushtiradigan, qayishadigan bir mardi xudo topilmaganini o‘ylab ketganmi, bilmayman. U yog‘i menga qorong‘i. Balki o‘z oilasi, taqdirini, bilagida kuchi, tomirida shijoat bor paytda, mo‘may-mo‘may topib yurgan kezlarida kerak qilib, endi ro‘shnolik ko‘rarmiz degan mahalida tashlab ketgan sariqsoch xotinini, bolalarini eslab ketgandir! O‘zingniki — o‘zaging deydilar, kim begonadan oqibat topibdiki, u topsin. Achinishga arzimaydi-yu, lekin shu yoshda so‘qqabosh qolib, hammasini qayta boshdan boshlash ham osonmas-da. Qolaversa, suyanadigan kimi bor? Yolg‘iz jigarining ahvoli bu. Ayolini yurtga jo‘natgan joyda o‘zi o‘tolmay qolib ketgan. Kimga ham suyangay, kimga ham dardi-yuragini ochgay? Ichga yutishdan bo‘lak qanday iloji bor?
Ammo ichga yutila-yutila zardobga aylangan u alamlar bir kun portlamasmi? Portlab adoi tamom etmasmi u yurakni?
Men uning mijjalarida nam ko‘radigandek... betiga qaray olmasdim. Shunchalik bir ahvoldaman. Og‘iz ochgali, ochib — dardini yangilab qo‘ygali qo‘rqib turibman.
U og‘ir xo‘rsinib, tomoq qirdi:
— Eshitdim, akam bu yoqqa o‘tolmasliginiyam, o‘tib kelgan kuniyoq olib borib, tiqib qo‘yishlariniyam. Lekin ojizasi — ayolida nima gunoh? U boyaqishning boshiga shunday kunlarni soldilarmi hali? Bilib turib-a? Shoshmay tursin, o‘sha Akmal cho‘log‘ing!..
— Boya ko‘rganiz — movut chakmonlilarning kattasi unga hukm chiqarib qo‘yganmish, — dedim men.
Olim akam yalt etib o‘girildi va bunga ham qoniqmay mashinasini yo‘l chetiga chiqarib to‘xtatdi:
— Kim?! O‘sha Parpi-ya?.. Nima deb?
— Shariat bo‘yicha hukm qilib, ijrosini akamga qoldirganmish. O‘zi kelib, o‘zi ijro etadi deganmish.
Akam yoqa ushladi.
— Kelishini... qaerdan eshitibdi? Qaerdan bilarkan? — dedi hayrati ichiga sig‘may.
Men yelka qisdim:
— Bilmasam. Bir narsani bilsa kerakki... ma’lum bo‘lsa kerakki...
U og‘ir-og‘ir bosh to‘lg‘adi:
— Qani edi kelolsa, kelolmaydi.
Endi mening ichim toshdi:
— Nega? Nega unday deyapsiz? Akamga nima bo‘lgan?

Qayd etilgan


shoir  29 Sentyabr 2007, 17:32:40

U bo‘shashib qo‘l siltadi, betimga qaramay bosh chayqadi.
— So‘rama. So‘ramayam, quydirmayam, — dedi ovozi o‘zgarib.
Men yosh boladek yelkasiga yopishdim:
— Rostingizni ayting, Olim aka. Unga nima bo‘lgan? O‘zi biron narsa bilasizmi?
— Yigitlari bilan qo‘l yetmas muztog‘ga chiqib ketgan ekanmish. Olti oy deganda uch kishi qaytib tushibdi. Boshqa hech qanday ma’lumot yo‘q.
— O‘sha uch kishi-chi, kim ekan?
— Ularni ham xorijga — Peshovargami, qayoqqa — o‘tkazib yuborishgan. izini topolmabdilar.
Ichimni bir narsa tatalab, g‘urmishlab yotibdi, lekin so‘ray olmayman. Chaman akam-chi, u kimni qidirib ketgan? Axir akangni daragi chiqdi, deb ketgan edi-ku... deya olmayman. O‘zi u haqda aytmaguncha og‘iz ocholmayapman.
Hammani qo‘yib akam, Sultonmurod akam taslim bo‘lmasligini, joni shirin ko‘rinib tog‘dan tushib kelmasligini bilsam-da, bir narsa deya olmay turibman. Shu alpozda Sizdan lozim emasmidi, jigaringizni qutqarish, uning uchun avf so‘rash degim bor-u, tilim aylanmayapti.
— Nima, u haliyam qidiruvdami? Gunohi shunchalik kechirilmasmi?— dedim axiyri bo‘g‘zimga bir nimalar tiqilib kelib. Aftidan qaynoq yig‘i avval bo‘g‘-zimga tiqilib, so‘ng ko‘zlarimdan toshib chiqmoqda edi.
— Gunohiki, — dedi akam aftimga qaray olmay. O‘zi mendan battarroq bir ahvolda shekilli, — ular odam bolasi jur’at etmaydigan bir ishga jazm etib, chegaradan o‘tib kelganlar va To‘ramni o‘g‘irlab ketishga harakat qilganlar. Tag‘inam baxtiga bu kishi rozi bo‘lmagan, g‘isht qolipdan ko‘chib bo‘ldi deb...
— E-ha, — dedim men tamomi o‘zgarib va akamgilarning jur’atiga besh ketib. — Rejasining zo‘rligini ko‘ring. Odam bolasining tushiga kirmaydigan ish-ku!
— Shuni aytaman-da. Sherning og‘ziga qo‘l tiqib, baraka topib bularkanmi?! Tag‘inam Xudo bir asrabdi, — dedi u. — Davlat bilan o‘ynashib bo‘larkanmi!..
— Bular-chi? — dedim men g‘ashim kelib.
— Nima bular? — dedi u anglab-anglamay.
— Bular butun boshli bir lashkarni boshsiz qilib, u kishini o‘g‘irlab kelishganda... ularni ham tushunsa bo‘lar?

Qayd etilgan